Tramp Venesuelaga qarshi dengiz qamalini e’lon qildi
Venesuelaga yaqin Kyurasao orolidagi PDVSA terminalida turgan tanker.
AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelaga qatnayotgan sanksiya ostidagi neft tankerlariga qarshi dengiz qamalini e’lon qildi.
«Bugun men Venesuelaga va Venesueladan kelayotgan AQSh sanksiyalari ostidagi barcha neft tankerlarini to‘liq blokada qilishni buyurdim», — deyiladi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylagan postda.
Tramp ushbu uzun postida Nikolas Maduro boshchiligidagi Venesuela hukumatini AQSh mulkini o‘g‘irlashda (qariyb 20 yil avval ushbu mamlakatda neft konlari milliylashtirilganini nazarda tutgan — tahr.), terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, odamlar kontrabandasi va qotilliklarda aybladi.
«Janubiy Amerika tarixidagi eng yirik Armada Venesuelani butunlay qurshab oldi. Ular ilgari bizdan o‘g‘irlangan barcha neft, yer va boshqa mulklarni Qo‘shma Shtatlarga qaytarmagunicha, qamal kengayishda davom etadi», — dedi Tramp.
U shuningdek, AQSh Nikolas Maduro va uning atrofidagilarni «xorijiy terrorchilik tashkiloti» deb e’lon qilganini (24-noyabrda) eslab o‘tdi.
O‘tgan hafta AQSh harbiylari Venesuela qirg‘oqlari yaqinida neft ortilgan Skipper tankerini qo‘lga olgandi. AQSh ushbu tankerga 2022-yilda sanksiya kiritgan — uning neft kontrabandasidan tushgan pullar «Hizbulloh» hamda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining «Al-Quds» bo‘linmasini moliyalashtirishga sarflanayotgani da’vo qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp noyabrning oxirida Venesuela osmoni yopilganini e’lon qilgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter