Trampning kenja farzandi “qahramonlik” ko‘rsatdi
Buyuk Britaniya sudida bir qiz AQSh Prezidenti Donald Trampning kichik o‘g‘li Berron uning hayotini saqlab qolganini ma’lum qildi. Bu haqda Metro nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qiz London sudida sobiq yigiti tomonidan unga qilingan hujumga Berron Tramp guvoh bo‘lib, uni qutqarganini aytgan.
Hodisa 2025 yil 18 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 19 yoshli Berron Tramp qizdan kelgan videoqo‘ng‘iroqqa javob bergan va unda 22 yoshli sobiq yigiti — Maksim Rumyansev (jurnalistlar uni rossiyalik deb atashgan) qizga qo‘l ko‘tarayotganini ko‘rgan.
Shundan so‘ng Berron Tramp Buyuk Britaniyaning 999 qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, holat haqida xabar bergan va yordam so‘ragan.
Qizning manzilini aytgan holda, u shunday degan: «Bu haqiqatan ham favqulodda holat. Iltimos. U menga qo‘ng‘iroq qildi va qandaydir erkak uni urayotganini aytdi».
Sudda chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan politsiya xodimlarining bodi kameralarida yozib olingan videolar namoyish etilgan. Kadrlarda ofitserlardan biri hamkasbiga shunday degani eshitiladi: «Xabar beruvchi Amerikadan, ehtimol Donald Trampning o‘g‘li».
Nashr aniqlashicha, Rumyansev jabrlanuvchi qizni Berron Trampga rashk qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter