Trampning salomatligi borasida yana “uzunquloq” gap tarqaldi
Yevropa Ittifoqi siyosatchilari AQSh prezidenti Donald Trampning salomatligi hamda davlat rahbari sifatida mas’uliyatni nechog‘li his etayotgani masalasini faol muhokama qilmoqda. TRT kanali Politico nashriga tayanib xabar berishicha, Oq uy yetakchisining sog‘lig‘i masalasi uning Yevropa va NATOga qarshi bayonotlari ortidan yana kun tartibiga chiqqan.
YeI yetakchilari Trampning Grenlandiyaga da’volari sabab 22 yanvar kuni oshig‘ich ravishda sammit o‘tkazgan. O‘sha mashvaratda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso yevropalik hamkasblariga Tramp bilan 17 yanvar kuni Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvi taassurotlarini so‘zlab bergan.
Yevropalik diplomatlarga ko‘ra, Fitso Trampning holatini xavotirli va xavfli deb baholagan. Slovakiya yetakchisi AQSh prezidentining savollarga javob qaytarishi va fikrini bir joyga jamlashi yuzasidan xavotir izhor qilgan.
Ushbu so‘zlar Robert Fitsoning rasmiy pozitsiyasi inobatga olinganda ishonchli tuyuladi. Chunki u Yevropada Trampga o‘ta moyil bo‘lgan siyosiy yetakchilardan biri hisoblanadi.
AQShga tashrifdan keyin Robert Fitso ijtimoiy tarmoqlarda Tramp sha’niga iliq fikrlar aytgan. Ammo yopiq eshiklar ortidagi munosabati jamoatchilikka berilgan bayonotdan farq qilishini ko‘rsatadi.
Oq uy Politico nashri maqolasini rad etgan va Trampning salomatligi haqidagi xavotirlarni asossiz deb atagan. Fitsoning o‘zi ham Politico versiyasini inkor qilgan.
Har nima bo‘lganda ham Yevropada AQShning ittifoqchiligi borasida xavotirlar ortib bormoqda. YeI bosh diplomati Kaya Kallas endilikda AQSh Bryussel uchun ustun mavqega ega emasligi, Yevropa o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatni dadil zimmasiga olishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Umr vafo qilsa, joriy yil iyun oyida 80 yoshni qarshilaydigan Tramp so‘nggi vaqtlarda davlatlar nomlari, jug‘rofiy atamalar borasida bir necha bor xatolikka yo‘l qo‘ydi.
“Biz Kambodja va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyatni to‘xtatdik. U endigina boshlangan va juda yomon ixtilof edi. Buni o‘ylab ko‘ringlar”, – degan edi Tramp 2025 yil 20 sentyabr kuni Cornerstone instituti tashkil etgan tadbirdagi chiqishida.
2025 yil iyul oyida esa Liberiya prezidenti Jozef Boakayning inglizchada mukammal gapirishidan hayratga tushgan Tramp undan bunchalik chiroyli gapirishni qayerda o‘rganganini so‘ragan. Ya’ni AQSh yetakchisi Liberiyada davlat tili ingliz tili ekanini yo bilmagan, yoki unutgan.
Trampning bu kabi xatolari ortidan ijtimoiy tarmoqlarda uning aqliy salohiyati borasida savollar yangramoqda.
2025 yil avgust oyida ijtimoiy tarmoqlarda Tramp vafot etgani haqida mish-mish tarqalgan va keyinroq u rad etilgan edi.
Oq uy tibbiy hisobotida AQSh prezidentida venoz yetishmovchiligi tashxisi qayd etilgani ma’lum. Ommaviy axborot vositalari Trampning qo‘li ko‘karganini ham faol muhokama qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter