Ukrainalik jurnalist O‘zbekistonni Rossiyaga eron dronlarini yetkazib berishda ayblayapti

Ukrainalik jurnalist Gordon o‘zining «Dimitriy Gordonnikida mehmonda» loyihasida isroillik milliarder Leonid Nevzlin bilan suhbat uyushtirib, unda O‘zbekistonni Ukrainaga qarshi Rossiyaga yordam berayotganlikda ayblab chiqdi.
Suhbat, asosan Isroilning Ukrainaga yordami, Si Szinpinning Putin bilan aloqasi, safarbarlik, shuningdek, eron dronlari haqida bo‘lgan.
Ikki suhbatdoshning eron dronlari bilan bog‘liq mavzu (3:30 daqiqa)da iddao qilishicha, O‘zbekiston, Eron va Iroq o‘z hududlarida harbiy dronlarni ishlab chiqib, uni Rossiya armiyasiga yetkazib beryapti.
Nevzlinning aytishicha, Isroil Eronning Suriyada dron yig‘ib Rossiyaga jo‘natadigan markazlarini bir necha bor bombalagan. U, shuningdek, bunday zavodlar Iroq va O‘zbekistonda ham borligini (jurnalist Gordon ta’kididan so‘ng) aytadi.
Jurnalist Nevzlinga savol berib: «Sizningcha, Isroil Eron, O‘zbekiston va Iroqda ishlab chiqilayotgan dronlar markazini nishonga olishi mumkinmi?» – deydi.
«O‘zbekiston haqida bir narsa aytishim qiyin, chunki bu mamlakat ancha neytral va jahon hamjamiyati bilan do‘stona munosabatda hisoblanadi. O‘ylaymanki, ularga Isroil va AQSh tomonidan berilajak ogohlantirish bayonoti ham yetarli bo‘ladi. Iroq bilan Erondagi ishlab chiqarish punktlarini esa Isroil allaqachon urib boryapti va bu davom etadi», – deya javob qaytargan isroillik Nevzlin.
Ma’lumot uchun, suhbat kecha, 26-oktyabr kuni e’lon qilingan bo‘lib, hozircha O‘zbekiston rasmiylari bu borada biror ochiq fikr yoki rasmiy munosabat bildirmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter