Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoydagi so‘nggi yirik masjidning gumbaz va minoralari ham buzib tashlandi

Xitoydagi so‘nggi yirik masjidning gumbaz va minoralari ham buzib tashlandi

Xitoyning Yunnan muzofotidagi Shadyan jome masjidining gumbaz va minoralari buzib tashlandi. Nafaqat muzofot, balki mamlakatda ham eng yirik masjidlardan biri sanalgan ibodat maskani «islomni xitoylashtirish» dasturi doirasida rekonstruksiya qilingan.

«The Guardian» nashri xabariga ko‘ra, Madinadagi Masjidun-Nabaviy me’moriy uslubida qurilgan qadimiy Shadyan jomesi ilgari niliy gumbazlari va ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralari bilan tilga tushgan edi. Masjidning gumbaz va minoralari olib tashlanib, u xitoy me’moriy uslubiga xos imoratga aylantirilgan. Bino peshtoqidagi arabiy bitiklar o‘rniga xitoycha yozuvlar kiritilgan.

2018 yilda Xitoy hukumati «islomni xitoylashtirish» bo‘yicha 5 yillik dastur e’lon qilgan edi. Uning doirasida islom me’morchiligini xitoyga xos uslubga o‘zgartirish kampaniyasi amalga oshirildi. Qolaversa, «islomni xitoylashtirish» mamlakatdagi musulmon aholining xitoy an’analari va madaniyatiga assimilyasiyasini ko‘zda tutadi. O‘shandan buyon mamlakatda din sohasi ustidan nazorat kuchaygani aytiladi.

2018 yilda Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi masjidlar nazoratiga doir hujjat qabul qilgan. Unga ko‘ra, mahalliy hokimiyatlarga «masjidlarni ko‘proq buzish va kamroq qurish» topshirig‘i berilgan.

«Financial Times» gazetasi ma’lumotlariga qaraganda, 2018-2023 yillarda Xitoydagi 2300 dan ziyod masjidning to‘rtdan uch qismi tashqi ko‘rinishi o‘zgartirilgan yoki buzib tashlangan.

Avvalroq Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Ninsya muxtor o‘lkasi va Gansu viloyatidagi yuzlab masjidlar vayron qilingani va yopilgani haqida xabar bergandi.

«Masjidlarning yopilishi, vayron qilinishi va boshqa muassasaga aylantirilishi Xitoyda islomiy e’tiqodni cheklashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarning bir qismidir», – degan HRW’ning Xitoy masalalari bo‘yicha direktori Mayya Vong.

Xitoy ma’muriyati «masjidlarni birlashtirish» siyosati yuritilayotganini aytadi. Inson huquqlari tashkilotlari buni e’tiqod erkinligining buzilishi deb baholaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring