Yanbu portiga zarba: Ho‘rmuzdan keyingi asosiy neft yo‘li ham xavf ostida
Yaqin Sharqdagi keskinlik yangi bosqichga o‘tmoqda. 19 martga o‘tar kechasi Saudiya Arabistonining Qizil dengiz bo‘yida joylashgan Yanbu sanoat hududida kuchli portlashlar qayd etildi. Turli manbalarga ko‘ra, bu hodisa Eron tomonidan amalga oshirilgan ehtimoliy raketa hujumi bilan bog‘lanmoqda.
Eron ommaviy axborot vositalari neft terminali va neft qayta ishlash inshootlariga zarba berilganini ma’lum qilgan. Mahalliy aholi tungi soatlarda portlashlar va yorug‘ chaqnashlarni kuzatgani haqida xabar bergan. Sputnik ma’lumotlari ham mazkur hududda issiqlik anomaliyalarini qayd etgani aytilmoqda.
Ayni paytda Saudiya rasmiylari bu hujumni to‘liq tasdiqlamagan, ammo uni inkor ham etmagan. Faqat ayrim hududlarda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagani haqida qisqa bayonot berilgan.
Yanbu strategik jihatdan juda muhim nuqta hisoblanadi. U Saudiyaning neft eksport qilishdagi asosiy zaxira yo‘llaridan biri bo‘lib, aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi sharoitida yanada katta ahamiyat kasb etgan edi. Sharqdan g‘arbga cho‘zilgan Petroline quvuri orqali neft tashish hajmi oxirgi haftalarda keskin oshgan va Yanbu asosiy eksport xabi sifatida ishlayotgandi.
Jumladan, Bloomberg Yanbu porti orqali neft eksporti fevral oyiga nisbatan uch baravarga oshganini qayd etgan.
Shu bois, ehtimoliy zarba nafaqat Saudiya infratuzilmasiga, balki global neft ta’minotiga ham ta’sir qiluvchi omilga aylandi. Bu voqea Ho‘rmuzdan tashqari muqobil yo‘llar ham xavf ostida ekanini ko‘rsatdi.
Voqealar zanjiriga nazar tashlasak, bu hujum avvalgi eskalatsiyaning davomi sifatida qaralmoqda. Avval Isroil tomonidan Eronning Janubiy Pars gaz koniga zarba berilgan, keyinchalik Qatardagi Ras-Laffan infratuzilmasiga hujumlar haqida xabarlar tarqalgan edi. Yanbu voqeasi esa mojaroning energetika infratuzilmasiga qarshi kengayib borayotganini anglatadi.
Bozorlar ham bu signalga tezkor reaksiya qildi. 19 mart ertalabiga kelib, Brent nefti narxi 110 dollardan oshib, bir kechada sezilarli o‘sish qayd etdi. Tankerlar harakatida uzilishlar kuzatilayotgani, ayrim kemalar Yanbu atrofida to‘planib qolgani haqida ma’lumotlar bor.
Mutaxassislar fikricha, bu hujum strategik jihatdan muhim signaldir. Agar ilgari asosiy xavf Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq bo‘lsa, endi muqobil neft yo‘llari ham nishonga olinayotgani ko‘rinmoqda. Bu esa global energiya bozorida noaniqlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Yanbu atrofidagi voqealar Yaqin Sharqdagi urush endi faqat harbiy emas, balki energetik infratuzilmalarni ham qamrab olgan keng ko‘lamli mojaroga aylanayotganini ko‘rsatyatpi. Bu jarayon davom etsa, nafaqat mintaqa, balki butun dunyo iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter