Yuz minglab musulmon aholi ayirmachilik va zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda – BMT
Myanma hukumatining ayirmachilik siyosati qurboni bo‘lgan rohinja musulmonlari haligacha ta’qib va tazyiq muhitida, og‘ir ahvolda yashamoqda. Bu haqda BMT bosh kotibi voizi Stefan Dyujarrik tomonidan rohinja musulmonlari Rakxayn (Arakan) shtatidan ommaviy ravishda haydab chiqarilganiga 7 yil to‘lishi munosabati bilan berilgan bayonotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Myanmadagi harbiy to‘qnashuvlar sabab gumanitar vaziyat og‘irlashdi. Xususan, o‘zi shundoq ham tang vaziyatda yashab kelayotgan rohinja musulmonlari holati yanada yomonlashdi.
«BMT bosh kotibi Myanmadagi ixtilof ishtirokchilarini zo‘ravonlikni to‘xtatish va xalqaro inson huquqlari me’yorlariga muvofiq tinch aholi vakillari hayotini himoya qilishga chaqiradi», – deyilada bayonotda.
Ushbu sana munosabati bilan rasmiy bayonot bergan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham rohinja musulmonlariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarni genotsid deb atagan. Davlat kotibi oz sonli millatlar, xususan, rohinja musulmonlari huquqlarini poymol etish davom etayotganini tanqid qilgan.
Myanmaning Rakxayn shtatida yashab kelgan, o‘ziga xos til va madaniyatga ega bo‘lgan rohinja musulmonlarini ta’qib etish mamlakat Buyuk Britaniyadan mustaqillik e’lon qilgan 1948 yildanoq boshlangan. Davlat to‘ntarishi bilan hokimiyatga kelgan harbiy xuntalar bir necha bor rohinja musulmonlariga qarshi ta’qib amaliyotlari va ommaviy hibs tadbirlari o‘tkazgan. Myanmada 1982 yilda qabul qilingan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, mamlakatda yashovchi 135 millat vakillari fuqaro sifatida tan olingani holda, rohinja musulmonlari bunday huquqdan mahrum qilingan. Myanma hukumatining ta’qib va tazyiq siyosati tufayli so‘nggi o‘n yilliklarda yuz minglab rohinja qavmi qo‘shni mamlakatlarga qochishga majbur bo‘lgan. So‘nggi marta 2017 yil avgust oyida o‘tkazilgan «etnik tozalash»dan keyin Myanmadan Bangladeshga qochib o‘tgan rohinja musulmonlari soni 900 mingdan oshgan. Ayni paytda Rakxayn shtatida 630 mingga yaqin rohinja xalqi aparteid sharoitida yashayotgani aytiladi.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar rohinja qavmiga nisbatan sodir etilayotgan zulm-zo‘ravonliklarni etnik tozalash va genotsid deb hisoblaydi.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti yaqinda e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Myanma armiyasi va Arakan isyonchilari so‘nggi oylarda ko‘p sonli rohinja musulmonlarini sudsiz, tergovsiz qatl qilgan. Artilleriya va dronlar hujumi oqibatida 200 dan ziyod odam, jumladan, bolalar halok bo‘lgan.
«Myanma harbiylari va Arakan muxolif armiyasi etnik rohinjalar va tinch aholi vakillariga o‘ta shafqatsiz hujumlar qilmoqda», – deydi Human Rights Watch tashkilotining Osiyo bo‘yicha direktori Eleyn Pirson.
Sun’iy yo‘ldosh suratlari tadqiqi joriy yil 24 apreldan 21 mayga qadar rohinja musulmonlari yashayotgan 40 dan ziyod qishloq butunlay yoki qisman vayron qilinganini ko‘rsatdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter