BMT moliyaviy inqiroz yoqasida
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilot moliyaviy tanazzulga yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirib, davlatlarga a’zolik badalini zudlik bilan so‘ndirish so‘ralgan xat yo‘lladi, deb xabar berdi Bild.
AFP yozishicha, Guterrish ancha keskin fikr bildirgan: yoki davlatlar badallarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lashi kerak yoki bankrotlikdan qutulib qolish uchun BMTning moliyaviy qoidalarini tezda o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.
Oxirgi oylarda prezident Donald Tramp ma’muriyati BMTning bir qator tuzilmalarini moliyalashtirishni qisqartirdi, shuningdek, majburiy badallarni o‘tkazishni kechiktirdi yoki ularni to‘lashdan butunlay bosh tortdi. Guterrish ta’kidlashicha, tasdiqlangan budjetning asosiy qismini tashkil etuvchi to‘lovlardan voz kechish butun tashkilotning moliyaviy barqarorligiga putur yetkazmoqda.
BMT birinchi marta inqirozga ro‘para kelmayapti. Ayrim davlatlar to‘lovlarni kechiktirishi va to‘liq amalga oshirilmasligi sababli tashkilot yillar davomida surunkali mablag‘ yetishmovchiligi sharoitida faoliyat yuritmoqda. Shu sababli ko‘pincha yangi xodimlarni ishga olishni to‘xtatib qo‘yish va missiyalarni qisqartirishga to‘g‘ri kelmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter