Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zelenskiy hududlar bo‘yicha referendumga qarshi emas, biroq...

Zelenskiy hududlar bo‘yicha referendumga qarshi emas, biroq...

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Atlantic nashri jurnalisti Saymon Shusterga bergan kengaytirilgan intervyusida Rossiya bilan tinchlik o‘rnatish maqsadida hududlar bo‘yicha referendum o‘tkazish g‘oyasiga qarshi emasligini bildirdi. Biroq u ovozga qo‘yiladigan ehtimoliy kelishuv Ukraina manfaatlariga javob berishi shartligini ta’kidladi.

«Men yomon kelishuvni referendumga olib chiqish kerak, deb o‘ylamayman», – dedi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarini o‘tkazish g‘oyasi Rossiya tomonidan ilgari surilmoqda, chunki «ular uni lavozimidan ketkazishni istaydi».

Rossiya Ukraina qo‘shinlarini Donbass hududidan to‘liq chiqarishni talab qilmoqda, jumladan Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tmagan hududlardan ham. Ukraina esa shu kungacha bunday talablarni qabul qilib bo‘lmas deb hisoblab kelmoqda.

Biroq Shusterning yozishicha, Zelenskiyning ikki nafar maslahatchisi Ukraina «eng og‘ir yon berishlarga, jumladan Donetsk viloyatidagi ayrim hududlardan voz kechishga tayyor bo‘lishi mumkin»ligini bildirgan.

Nashr manbalariga ko‘ra, Prezident ofisi rahbari etib yaqinda tayinlangan Kirill Budanov davlat rahbarining maslahatchilari bilan qo‘shinlarni ehtimoliy chiqarishning huquqiy va amaliy jihatlarini muhokama qilmoqda. Xususan, ushbu hududlarni Rossiya tomonidan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutgan holda qay yo‘sinda harakat qilish mumkinligi o‘rganilmoqda.

«Ular haqiqatan ham ijodiy yondashuv ko‘rsatmoqda, odamlar bunga rozi bo‘lishi uchun qanday mexanizmlar bo‘lishi mumkinligini o‘rganmoqda», – deya Shuster manbasidan iqtibos keltiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Financial Times nashri manbalariga tayanib, AQSh may oyida prezidentlik saylovlari va referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Biroq Zelenskiy bu xabarga javoban, har qanday ovoz berishni tashkil etishdan avval xavfsizlikni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring