Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoro arki sinoatlari: Chingizxon bosqini, Abulfayzxon fojiasi

Buxoro arki sinoatlari: Chingizxon bosqini, Abulfayzxon fojiasi

Rim, Afina, Quddus, Iskandariya kabi buyuk tarixga ega Buxoroyi sharif ochiq osmon ostidagi muzey sifatida o‘zining minglab qadimiy obida va qadamjolari bilan nomdor. «Osiyodagi savdo shahri», Numijkat, Bumiskat, «Madinat us-sufriya», ya’ni «Mis shahri»,  «Madinat ut-tujjor»,  «Foxira»  nomlari bilan boqiy shaharga aylangan Buxoro  tarixning eng betakror timsoli sifatida tilga olinadi.

Bahovuddin Naqshband, Sayyid Amir Kulol, Chor Bakr kabi tarixiy majmualar,  Chashmai Ayub, Dahmai Behishtiyon, Hazrati Abu Xafs Kabir, Shayx Abu Bakr Gulobodiy, Xoja Ismatulloh Valiy kabi ziyoratgohlar, Labi hovuz majmuasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqosi, Mir Arab, Mirzo Ulug‘bek, Ko‘kaldosh madrasasi, Mag‘oki attor masjidi, toqilar, minoralar, darvozalar qatori «Ark» qo‘rg‘oni ham katta tarixga ega.

Bir ho‘kiz terisiga siqqan qo‘rg‘on

Rivoyatlarda keltirilishicha, Siyovush ibn Kaykovus otasidan ajralib, Afrosiyob qiziga oshiq bo‘lib, uning huzuriga kelgan. Afrosiyob unga shart qo‘yib, shu hududdan yetti kun ichida bir ho‘kiz terisiga sig‘adigan qo‘rg‘on qurishi va so‘ng qizini unga berishini aytadi. Siyovush bir ho‘kizni so‘yib, uning terisini soch tolasidek mayin kesib, bir-biriga ulab, maydoni qariyb, 5 gektar bo‘lgan yer maydonini aylana shaklda o‘rab oladi-da, shu manzilda qo‘rg‘on bunyod etadi. Afrosiyob unga qizini beradi. Siyovush viloyatni obod qilishga kirishib, Buxoro hisorini va Arkini bino qiladi. Biroq, bir xusumat tufayli Afrosiyob Siyovushni o‘ldirtiradi. Siyovush Arkning sharqiy darvozasi yaqiniga ko‘miladi.

Boshqa bir manbaada Arkning bir necha marta vayron bo‘lib, yana qaytadan tiklangani keltiriladi. Abu Bakr Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida: «Buxoro hukmdori Buxorxudot Bidun ushbu qal’ani qurdiradi, ammo u tez orada vayron bo‘ladi. Shunda Buxorxudot donishmandlarni chaqirib, ulardan maslahat so‘raydi, ular esa qal’ani Katta ayiq yulduzlari turkumini eslatuvchi yetti ustun ustida qurish kerakligini aytishadi. Hukmdor shunday yo‘l tutadi va Ark mustahkam bo‘ladi», deya yozilgan.

Arkning esa qachon qurilgani aniq­lanmagan. Shunga qaramay, Ark qo‘rg‘oniga Buxoro tarixining tirik guvohi sifatida qaralgan. Qo‘rg‘on necha-necha qonli janglar, shafqatsiz istilochiyu bosqinchilarni ko‘rgan. 1220 yilda Chingizxon qo‘shini shaharga bostirib kelganida, aholining Ark ichiga yashirinib, panoh topgani keltirilgan.

Tarixda keltirilishicha, Ark G‘arbdan Sharqqa cho‘zilgan qiyshiq to‘rtburchak shaklga ega. Shaharning g‘arbiy qismi o‘rtasida joylashgan. Devorlar aylanasiga uzunligi 789,60 metr, maydoni 3,96 gektar. Maydon sathidan balandligi 16-20 metrni tashkil etadi.

Turli sulolalarda barpo etilgan diniy inshootlar

Ko‘hna Buxoroning betakror manzarasini kaftdek namoyon etadigan Ark haqidagi e’lon qilinmagan manbaalar yuzasidan Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Halim To‘rayevni suhbatga chorladik. Halim To‘rayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, Buxoro Arkida diniy inshootlar ham mavjud bo‘lib, ular shayboniylar,  ashtarxoniylar, mang‘itlar sulolasi davrida qurilgan.

«Ark - Buxoro vohasidagi qadimiy yodgorliklardan biri. Mahobati va qadimiyligi bilan Markaziy Osiyoning boshqa tarixiy shaharlarida joylashgan boshqa hukmdorlar saroyidan farq qiladi. Buxoro Arki asrlar davomida bir necha marta vayron etilgan bo‘lsa-da, qayta tiklanib, XX asrning boshlarigacha hukmdorlar qarorgohi sifatida o‘z vazifasini saqlab keldi. Buxorxudotlar zamonida qarorgoh sifatida shakllangan Arkda ma’muriy binolar bilan birga, diniy ahamiyatga molik inshootlar ham barpo etilgan. Ark tarixiga diniy nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, u dastlab, zardushtiylik davri yodgorligi sifatida ko‘zga tashlanadi. Qo‘rg‘onning islomiyat davri ham mavjud. Diniy binolarning barpo etilishi ana shu katta davrga to‘g‘ri keladi. Ular,  asosan, Buxoroda hukmronlik qilgan shayboniylar, ashtarxoniylar, mang‘itlar sulolasi davrida qurilgan.

 Buxorxudotlar davrida hozirgidan ancha kichik bo‘lgan Arkning ichki binolari xususida, deyarli ma’lumot saqlanmagan. Faqat Siyovush va uning qabri to‘g‘risidagi rivoyat Abulhasan Nishopuriyning «Xazoyin ul-ulum» asaridan keyinchalik Narshaxiyning «Buxoro tarixi»ga ko‘chgan. Ya’ni qaynotasi Afrosiyob tomonidan qatl qilingan Siyovush Arkning «Dari guriyon» deb ataladigan sharqiy darvozasi oldida dafn qilingan. Qabrning Buxoro otashparastlari tomonidan aziz etilishi oqibatida bu joy Buxoro ahlining har yil Navro‘z kuni Quyosh chiqishidan oldin bir xo‘rozni qurbonlikka keltiradigan sajdagohiga aylanib qoldi»,-deydi Halim To‘rayev.

Ma’lum bo‘lishicha, Arkning sharqiy darvozasi buzilib ketgach, Siyovushning ramziy qabri Arkning g‘arbiy, ya’ni Registon darvozasiga yaqin joyga ko‘chirilgan bo‘lishi, ehtimol. 1405 yilda Amir Temur vafotidan keyin yuz bergan o‘zaro nizolar davrida Shohmalik va amirzoda Ulug‘bek Buxoroga kelib, Arkda o‘rnashib olgan. Shuningdek, Ibrohim Sulton va Shayx Nuriddin ham shu qo‘rg‘onda qo‘nim topgan.

Arkdagi «sayyidlar» qadamjosi

«Ark hududi bir muddat to‘rt kishidan iborat ikki guruhning ta’sir doirasiga o‘tgan. Ya’ni sharqiy darvoza va unga yaqin hudud Shohmalik va amirzoda Ulug‘bek, g‘arbiy darvoza va unga tutash hudud esa Ibrohim Sulton va Shayx Nuriddin ta’sirida bo‘lgan. Demak, bu davrda sharqiy darvoza oldidagi afsonaviy Siyovush qabrini ziyorat qilish an’anasi davom etgan. Shayboniylar, ashtarxoniylar, mang‘itlar davrida Arkda olib borilgan qurilish ishlari davrida Siyovush qadamjosi Arkka olib kiruvchi yopiq yo‘lakning (dolon) o‘ng tomonidagi ravoqli sufalardan biriga ko‘chiriladi. Amirlik davrida bu joyga bir qancha shamdonlar qo‘yilib, Siyovush ruhiga sham yoqilgan va duoi fotihalar o‘qilgan. Bu joy hozir ham mavjud. Arkka kirish yopiq yo‘lagining o‘ng tarafida joylashgan Siyovush ravoqli qadamjosi bir qator tizilgan boshqa ravoqlardan ajralib turishi uchun uning yuqori qismi mehrob shaklida birlashtirilib, bezak ishlangan. Marhumni hovlilarda, aholi o‘zi istiqomat qiladigan tepaliklarda dafn qilish an’anasi - Buxoro shaharsozligiga xos xususiyat. Buning turli sabablari bo‘lishi mumkin. An’ananing ilk ko‘rinishi Arkning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan Sayyid Abdol G‘oziy qabri misolida namoyon bo‘ladi. Sayyid Abdol G‘oziy qabri arkdagi birinchi islomiy qadamjo hisoblanadi.

 Sayyid Abdol G‘oziy to‘g‘risida tarixiy manbalar yuzasidan qisqa ma’lumot berib o‘taman. Uning to‘liq nomi Amir Ja’far Tayyor G‘oziy ibn hazrat Shoh Abdulmannon ibn hazrat Imom Muhammad Hanifa ibn hazrat amir ul-mo‘minin Ali al-Murtazo. Sayyid Abdol G‘oziy (ya’ni Amir Ja’far Tayyor G‘oziy)ning onasi Umar Hoshimiy nomli shaxsning qizi bo‘lgan. Ko‘rinadiki, Umar Hoshimiy Sayyid Abdol G‘oziyning  ona tarafdan bobosi hisoblanadi.Otasining onasi, ya’ni Sayyid Abdol G‘oziyning ota tarafdan buvisi Shamsiya ismli ayol bo‘lib, u uchinchi xalifa - xalifa Usmonning qizi edi. Demak, Sayyid Abdol G‘oziy ota tarafdan xalifa Usmonning, ona tarafdan esa to‘rtinchi xalifa – xalifa Ali ibn Abu Tolibning avlodi hisoblanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ning qizlari Fotima bilan jiyanlari Ali ibn Abu Tolib o‘rtasidagi nikohdan tarqalgan avlod «sayyidlar» deb atalgan. Sayyid Abdol G‘oziyning ismi ham shunga ishora qiladi»,-deydi Halim To‘rayev.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, Sayyid Abdol G‘oziyning yashagan yillari tarixiy, diniy manbalarda ko‘rsatilmagan. Faqat taxmin qilish mumkinki, u arab sarkardalari Ubaydulla ibn Ziyod, Sayyid ibn Usmon hamda Kutayba ibn Muslimning Movarounnahr, jumladan, Buxoroga qilgan yurishlari davrida, ya’ni VII asrning ikkinchi yarmi vaVIII asr boshlarida (balki sal keyinroq) ular qo‘shini tarkibida Buxoroga kelgan.

To‘g‘rirog‘i, Kutayba ibn Muslim qo‘shinitarkibida Buxoroga kelib, islom dinini yoyishda ishtirok etgan bo‘lishi kerak. «G‘oziy» - din uchun kurashuvchi taxallusi shundan.

«Sayyid Abdol G‘oziy» aslida Amir Ja’far Tayyor G‘oziyning sifati, taxallusi hisoblanadi. Sayyid - payg‘ambarimiz avlodidan bo‘lgan shaxslarga, Abdol - so‘fiyning Allohga yaqinligini anglatuvchi maqomiga, G‘oziy - din yo‘lida kurashuvchi, hatto, shahid bo‘luvchilarga nisbatan ishlatilgan. Xulosa shuki, Buxoroning musulmon xalqi Sayyid Abdol G‘oziy, ya’ni Amir Ja’far Tayyor G‘oziyni ulug‘lab, unga yuqoridagi sifatlarni bergan. Ushbu qabr, bizning-cha, Buxoro Arkida keyingi davrlarda Childuxtaron, Haft sulton mozorlarining shakllanishiga asos bo‘lgan. Chunki tilga olingan mozorlar ham Arkning shimoliy-sharqiy burchagida,ya’ni Sayyid Abdol G‘oziy qabri yaqinida joylashgan. Lekin, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Sayyid Abdol G‘oziy haqiqatan ham shu yerda dafn qilinganmi, yoki bu ham rivoyatmi? Bu savolga javob berish uchun adekvat ma’lumotni keltiramiz. Buxoroning To‘pxona guzarida Sufyoni Savriy mozori bor. Bu guzar XV asrda Darvozayi Kamargaron, deb atalgan. «Tarixi Mullozoda» muallifi bu mozorning Sufyoni Savriyga tegishli emasligini, Sufyoni Savriy 776 yil Basrada, ya’niIroqning janubidagi shaharda vafot etganligini va qabri o‘sha yerdaligini ta’kidlaydi. Bu ma’lumot «Tarixi Mullozoda» qo‘lyozma asarining barcha nusxalarida, jumladan, Mullo Sharif miroxur tomonidan hijriy 1315 (milodiy 1898) yildaqo‘chirilgan qo‘lyozma nusxasida ham uchraydi. U holda, Buxorodagi Sufyoni Savriy qabri uning qadamjosi hisoblanadi. Bu holatni Sayyid Abdol G‘oziy qabriga nisbatan ham qo‘llash mumkin»,-dkydi suhbatdosh.

Qo‘rg‘on burchagidagi mang‘itlar sulolasi hukmdori

Buxoro hukmdori Muhammad Rahimxon davrida uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Maqbara XX asr 80-yillarigacha qariyb, to‘liq holda mavjud bo‘lgan. Hozirda esa uning bir qismigina saqlanib qolingan.

Suhbat Halim To‘rayev Buxoroning 1561–1583 yillardagi nominal hukmdori shayboniy Iskandarxon nomi bilan bog‘liq bir masjid ham Arkda joylashganini bildirar ekan,  Iskandarxon faoliyatida masjid qurish yetakchi an’anaga aylanganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, «Darveshi podshohon» taxallusi bilan mashhur Iskandarxon tabiatan xudojo‘y, islom arkonlariga og‘ishmay, rioya qiluvchi shaxs bo‘lgan. U Buxoro shahrining Atlamish (ikkinchi nomi Istemur) guzarida ham bir masjid qurgan. Arkdagi Iskandarxon masjidi XVI asrning ikkinchi yarmida Ark binosining janubiy qismida barpo etilib, bir necha marta ta’mirlangan holatda bizgacha yetib kelgan.

«Bu yodgorlik Masjid-xonaqoh, Xonaqohi o‘rda ham, deb atalgan. Masjid burchaklari yarim gumbazli taxmonlarning tepa qismiga ishlangan muqarnaslar bilan bezatilgan. Shimoliy-sharqiy burchakdagi muqarnaslar holati nisbatan qoniqarli. Gumbaz, mehrob va uch kirish eshigi yodgorlik me’moriy kompozitsiyasining tarkibiy qismini tashkil etadi. Masjid yaqinidagi imom va so‘filar istiqomat qiladigan xona hozirda mavjud emas. Ashtarxoniy Subhonqulixon jome’ masjidi - Arkdagi eng ko‘rkam diniy inshootlardan biri. Masjid muqarnasli o‘n uch yog‘och ustunga tayanib turgan ayvon, sakkiz eshikli asosiy bino, bino ichidagi to‘rt ustunli gumbaz va to‘rt mehrobdan iborat. Asosiy bino va janubiy ayvondagi gumbazlar muqarnas uslubida bezatilgan. Arkdagi bu jome’ masjidi amir Olimxon davrida qayta ta’mirlanadi. Qo‘rg‘ondagi islomiy e’tiqod bilan bog‘liq qadamjolardan yana biri hozirgacha saqlanmagan Childuxtaron masjididir. Childuxtaron to‘g‘risidagi rivoyat xalq o‘rtasida keng tarqalgan va bu nomdagi qadamjolar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham uchraydi. Ushbu masjid mang‘itlar sulolasining birinchi hukmdori Muhammad Rahimxon tomonidan Arkning shimoliy-sharqiy burchagida barpo etilgan»,-so‘zlaydi Halim To‘rayev.

Abulfayzxon yetti o‘g‘lini qatl qildirganmi?

Childuxtaron masjidi yaqinida Haft sulton mozorining paydo bo‘lishini ashtarxoniy Abulfayzxon nomi bilan bog‘lashgan. Suhbatdosh Buxoro Arki binolari tarixini o‘rgangan Sayyid Muhammad Nosir biror bir manbaga havola bermasdan, bu ma’lumotni, negadir, o‘zining «Tahqiqoti Arki Buxoro» asariga kiritganini bildiradi.

«Go‘yo bu mozorda Buxoro hukmdori Abulfayzxon buyrug‘i bilan qatl etilgan uning yetti o‘g‘li dafn qilingan. Mozorga Abulfayzxonning yetti o‘g‘lidan tashqari, shahid bo‘lgan mazlumlar va o‘n ikki begunoh bolaning dafn qilingani to‘g‘risida Sayyid Muhammad Nosiriddinning boshqa asari - «Tuhfat az-zoyirin»da ham ma’lumot keltiriladi. Buxoro tarixiy topografiyasini tadqiq qilgan I.Umnyakov ham ushbu ma’lumotga ergashgan va uni izohsiz qabul qilgan. Lekin tarixiy manbaalarda, jumladan, «Tarixi Abulfayzxoniy» asarida ham bunday ma’lumotlar uchramaydi. Otaning o‘z farzandlarini qatlga yetkazish sabablari to‘g‘risida rivoyatda hech qanday izoh yo‘q. Qolaversa, Abulfayzxonning yettita emas, ikkita (ba’zan uchta ham deyiladi) o‘g‘li bo‘lgan. Muhammad Rahimxon 1747 yil Abulfayzxonni qatl ettirgach, uning o‘g‘li Abdulmo‘minni Buxoro taxtiga o‘tqizadi. Ayrim ilmiy adabiyotlar ma’lumotiga ko‘ra, bir yil o‘tib, uni quduqqa tashlab o‘ldiradi. O‘rta asr tarixiy manbalari iborasi bilan aytganda, «Chingiz bog‘i niholining mevasi bo‘lmish Abdulmo‘minga shahodat sharobini ichirdi». Abulfayzxonning ikkinchi o‘g‘li Ubaydullaxon taxtga chiqarilganda ham davlatni Muhammad Rahimxonning o‘zi idora qilgan. Arkdagi Haft sulton mozorining paydo bo‘lishi to‘g‘risida shunday qarama-qarshi ma’lumotlar mavjud. Muhammad Rahimxon tomonidan XVIII asrda qurilgan mehmonxona binosining bir qismida 1896 yil qorixona barpo etiladi. Qorixona yoki «qorixonai hazorxatm» salomxona hovlisining sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, hozir ham mavjud. Faqat 1928 yil uning konstruksiyasida ayrim o‘zgarishlar qilindi va u pardevorlar bilan bir necha xonaga ajratildi. Amirlik davrida bu yerda vafot etgan mang‘it hukmdorlarining ruhiga bag‘ishlab, Qur’on tilovat qilingan»,-deydi Halim To‘rayev.

Amaldorlar diniy-e’tiqodiy ehtiyojlariga mos shakllanib kelgan Ark

Bugungi kunda ham Buxoro Arkida restavratsiyalar olib borilib, tabiiy ofat, yog‘ingarchilik, kuchli shamol va zilzilalar oqibatida to‘kilayotgan qismlar qayta tiklanmoqda.

«Buxoro viloyati hokimligi, mutasaddi tashkilotlar tashabbusi bilan Buxoro Arkining vayron bo‘lgan qismida tashkil etilgan arxeologik park yo‘laklari yuqorida tilga olingan diniy yodgorliklar bo‘ylab o‘tadi va ular bilan yaqindan tanishish imkonini beradi hamda shahrimiz turistik salohiyati oshishiga xizmat qiladi. Biz esa tarixiy restavratsiya nimaligini anglamayapmiz, afsuski, Buxoro Arkidagi diniy inshootlar saroy infratuzilmasining tarkibiy qismi hisoblanib, Arkda doimiy istiqomat qilgan hukmdor, hukmdor sulola vakillari, amaldorlar, davlat xizmatchilarining diniy-e’tiqodiy ehtiyojlariga mos ravishda shakllanib borgan»,-deydi Tal’at Halimov.

Laylo Hayitova

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring