Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning davlat maslahatchisi tuhmat bilan qamalgan kapitanni lavozimiga qayta tikladi

Prezidentning davlat maslahatchisi tuhmat bilan qamalgan kapitanni lavozimiga qayta tikladi

Foto: «XXI asr» gazetasi

«XXI asr» gazetasining navbatdagi sonida «Tosh qattiqmi, bosh?» sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Prezidentning Davlat maslahatchisi o‘tkazgan sayyor qabuldan so‘ng oqlanib, lavozimiga qayta tiklangan ichki ishlar xodimi xususida so‘z boradi. Quyida ana shu maqola ayrim qisqartirishlar bilan hukmingizga havola etiladi.

Bolalikdagi orzular ro‘yobi

Bahriddin Xolmurodov 1983-yil 25-oktyabrda Karmana tumani Madaniyat qishlog‘ida oddiy oilada tug‘ildi. Otasi Erkin Xolmurodov ­– quruvchi, onasi Sarvar G‘afforova esa o‘qituvchi. To‘rt o‘g‘ilni voyaga yetkazayotgan bu insonlarga barchaning havasi kelardi. Shunday oilada tug‘ilgan Bahriddin maktabda o‘qib yurgan paytlaridayoq tartibli, intizomliligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. U doim ichki ishlar xodimi bo‘lishni, o‘z yurti, mahallasi, ota-onasi tinchligini saqlash yo‘lida xizmat qilishni orzulardi. O‘quvchilik yillari “Kasbim – faxrim” mavzusidagi insholarida ham shu niyati haqida ro‘y-rost yozardi. Shuning uchun uni o‘qituvchilari ham, do‘stlari ham “melisa” deb chaqirardi. Bundan faxrlanib, shu kasb egasi bo‘lish uchun tarix va huquqiy adabiyotlarni tinimsiz o‘qidi, sport bilan muntazam shug‘ullandi.

Buni qarangki, intilish va izlanishlar maqsadga erishishga zamin yaratib, 2001 yili Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga o‘qishga kirdi. Orzulari ro‘yobga chiqayotganidan o‘zi bir quvonsa, ota-onasi ming quvondi. Karmananing chekka bir qishlog‘idagi oddiy oila farzandining shunday nufuzli dargohga o‘qishga kirishining o‘zi katta baxt edi. Bunday imkoniyatdan unumli foydalangan yoshgina yigit ichki ishlar organlarining oliy dargohida ham yaxshi o‘qidi, kasb sirlarini mukammal o‘rgandi. 2005 yili akademiyani muvaffaqiyatli tugatgan Bahriddin Navoiy shahar ichki ishlar bo‘limida ish boshladi. Xullas, 2005­2013 yillar davomida shahar va viloyat ichki ishlar organlarida samarali mehnat qilib, jinoyatchilikni oldini olish, aholi tinchligini asrashda faol ishtirok etdi. Jamoa orasida obro‘-e’tiborga erishdi. Unvoni ham ko‘tarilib, kapitan bo‘ldi. Hammasi joyida ketayotgan edi...

Tupuklab yopishtirilgan jinoyat

2013-yil 20-yanvar kuni ichki ishlar organlariga kelgan tezkor ma’lumotlar asosida o‘tkazilgan tadbirda «Navbahor paxta tozalash» MChJ mansabdor shaxslari tomonidan kimyoviy ishlov berilgan 21 tonna iste’molga yaroqsiz, urug‘lik chigitning bir qismi yo‘q qilinmasdan g‘ijduvonlik juvozchilarga sotilgani fosh etiladi. Ushbu tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi Bahriddin Xolmurodov ham ishtirok etgan. So‘ng bu masala yuzasidan to‘plangan hujjatlar surishtiruv ishlarini olib borish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasiga topshiriladi. Shundan keyin Bahriddin Xolmurodov bu masala bilan umuman shug‘ullanmagan. Qolaversa, 2013-yil 25-yanvardan mehnat ta’tilida bo‘lgan. Bu orada, ya’ni 2013-yil 28-yanvar kuni «Navoiypaxtasanoat»da ishlovchi Vohid Qosimovdan ushbu noqonuniy xatti-harakatni «yopti-yopti» qilaman deb fuqaro Shuhrat Jo‘rayev 1 000 AQSh dollari olayotganida viloyat milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. U tergov jarayonida pulni viloyat IIB xodimi Bahriddin Xolmurodov topshirig‘iga asosan olganman deb ko‘rsatma bergan. Ana shu gap asosida 2013-yilning 2-fevralida mehnat ta’tilidagi militsiya kapitani hibs etiladi.

Uzoq davom etgan tergov jarayonida Bahriddin Xolmurodov o‘zining aybsizligi va bu ishga aloqador emasligini isbotlashga har qancha urinmasin, bari befoyda ketdi. Osmon uzoq, yer qattiq. Oradan to‘rt oy o‘tgach, ya’ni o‘sha yilning 3 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi sudyasi Z. Bobonov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ham tergovdagi «yasama ssenariy» yana takrorlandi. Rostmi yoki yolg‘onmi, birgina ko‘rgazma tufayli yosh va qobiliyatli xodimning, qolaversa, bir insonning taqdiri osongina, xuddi xamirdan qil sug‘urgandek hal etildi. Sudya tergov xulosasidan chiqib, hech narsani o‘zgartira olmadi. Bahriddin Xolmurodov Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismining «b» bandi va 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqish) 2-qismi «v» bandi bilan aybli deb topilib, olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Adolatning boshi egildi. Mahkumning ota-onasi va bosh­qalarni qo‘ya turing, bu voqeadan to‘la xabardor bo‘lgan ichki ishlar xodimlarining ham ko‘nglida g‘ulg‘ula uyg‘ondi. Bitta odamning noto‘g‘ri va asossiz ko‘rsatmasi bilan inson taqdiri hal etilsa, haq-huquqlari poymol etilsa-ya?! Inson umidi va ishonchi o‘lmaydi, deganlari rost ekan. Adolat egilishi, bukilishi, lekin sinmasligiga ishongan Bahriddin Xolmurodov o‘zini yo‘qotmay so‘nggi so‘zida ham, panjara ortida Shavkat Rahmonning ushbu she’rini o‘qidi:

...Yuksakda bo‘lsa-da

boshim egilgan,

yuragim yig‘laydi, Baroko‘h tog‘im.

Ko‘rib bo‘larmikan bu nokaslarning

qora kursilarga o‘tirar chog‘in?

Ammo to‘larmikin ko‘ngil shu bilan,

shu bilan ketarmi xotirdan g‘ashlik,

yuraklar kularmi,

qularmi butkul

shu bilan yuksakda o‘sgan pastkashlik?

Agar men baqirsam, yorilar osmon –

har damim olamning damin to‘zitar.

Ammo Baroko‘hda boshim egildi,

qarashga or qildim elning ko‘ziga...

Ziyoli insonlarning farzandi bo‘lgani uchun yoshligidan adabiyot, she’riyatga qiziqqan, ayni damda tuhmat toshidan yelkasi va qalbi shikas­talangan o‘ttiz yoshli navqiron yigit shu satrlarni sud zalida o‘qidi!

Oradan ko‘p o‘tmay, sudda ko‘rgazma bergan fuqaro Shuhrat Jo‘rayev ham u yashayotgan mahallaga borib, Bahriddinga tuhmat qilganini, uni ham kazo-kazolar shunday deyishga majburlashganini aytib, yaqinlaridan kechirim so‘ragan. Lekin o‘sha zamonlar buni eshitganlar eshitmaslikka, ko‘rganlar ko‘rmaslikka olgan...

Adolat tantanasi

Bahriddin Xolmurodov ikki yildan ortiqroq vaqt jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lganidan keyin, unga tayinlangan jazo 2015 yili axloq tuzatish ishlariga almashtirildi. O‘ziga nohaq qo‘yilgan ayblarni olib tashlash, toptalgan haq-huquqini tiklashni so‘rab 2015-2017-yillari viloyat, respublika miqyosidagi idoralarga qatnayverib charchamadi. Umid bitta – baribir adolat tantana qilishi kerak-ku! Uni bir tuhmat bilan sevgan ishidan ayir­gan, boshiga ming bir kulfatlar solgan, el-yurt oldida o‘zi va oilasining boshini eggan kimsalar taralla-bedod qilib yurishi hech ham aqlga sig‘maydi-da. Ming afsuski, qaysi amaldorga uchrashmasin, bir xil javob oldi: «Sizga to‘g‘ri ayb e’lon qilingan». Har safar shu gapni eshitganida uning ko‘nglidan nimalar o‘tgani o‘ziga ayon. Tosh qattiqmi, bosh qattiq deganlaridek, Bahriddin hammasiga sabot va matonat bilan chidadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilinganida uning umidi uchqunladi, yuzi yorishdi. Yana deng, viloyat, tuman va shaharlarda Xalq qabulxonalari tashkil etilganida jamiyatda adolat epkinlari esayotganini his qildi. Adolat qabulxonalariga birinchilardan bo‘lib murojaat etdi.

Davlat maslahatchisining sayyor qabulidan so‘ng

– Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ bo‘ladi, deb dono xalqimiz bejiz aytmagan ekan, – dey­di Bahriddin Xolmurodov. – Prezidentning Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganov Navoiyga kelib, viloyat Xalq qabulxonasi mas’­ullari bilan birgalikda sayyor qabul o‘tkazdi. Ana shunda boshimdan kechgan ko‘rguliklarni batafsil tushuntirib berdim. Keyin menga nisbatan nohaqdan o‘qilgan hukm qaytadan ko‘rildi. Apellyasiya instansiyasiga raislik qilgan D. Atamuratov 2017-yil 16-noyabr kuni ishni ko‘rib chiqib, Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining 2013-yil 3-iyundagi hukmini bekor qildi va menga qo‘yilgan ayblar olib tashlandi. Mening harakatlarimda jinoyat tarkibi bo‘lmagani bois Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan men reabilitatsiya qilish yo‘li bilan oqlandim. 66 million so‘mdan ziyod ish haqim undirilib, eski ish joyim va lavozimimga tiklandim. Xullas, adolat tantana qildi. Menga tuhmat uyushtirgan kazo-kazo tashkilotlardagi vallomatlar ham endi qonun oldida javob berishi kerak!

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring