Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yaxshilikka yomonlik»: Turkiyada o‘ldirilgan Durdona Hakimovaning biznes sherigi marhumaga tuhmat qilinayotganini aytmoqda

«Yaxshilikka yomonlik»: Turkiyada o‘ldirilgan Durdona Hakimovaning biznes sherigi marhumaga tuhmat qilinayotganini aytmoqda

So‘nggi kunlarda Turkiya va O‘zbekiston jamoatchiligini larzaga solgan mudhish jinoyat — Istanbulda jasadi bo‘laklangan holda topilgan o‘zbekistonlik Durdona Hakimova bilan bog‘liq voqea atrofida turli mish-mishlar tarqaldi.

Ayniqsa, qotilning o‘z qilmishini oqlash maqsadida bergan «ishqiy munosabat va xiyonat» haqidagi ko‘rsatmalari marhumaning yaqinlari va uni taniganlarning qattiq e’tiroziga sabab bo‘ldi. Marhumaning yaqin do‘sti va biznes sherigi bo‘lgan turkiyalik tadbirkor Murat Bey maxsus videomurojaat bilan chiqib, voqeaning asl tafsilotlarini so‘zlab berdi.

Murat Beyning ta’kidlashicha, Durdona og‘ir vazmin, tartibli va muvaffaqiyatli tadbirkor ayol bo‘lgan. U Istanbulning Merjan dahasida harbiy va ov anjomlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxsiy firmasini boshqarib kelgan. Marhuma nafaqat Turkiyada, balki O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar bilan ham keng ko‘lamli savdo aloqalarini o‘rnatgan. Ikki nafar voyaga yetgan qizning onasi bo‘lgan bu ayol, farzandlariga yaxshi ta’lim berish va ularning kelajagini ta’minlash uchun halol mehnat qilib, Vatanida va Turkiyada ko‘chmas mulklar sotib olgan.

Eng achinarlisi shundaki, qotillikda ayblanayotgan shaxslar Durdonaning sevgilisi emas, balki u insoniylik yuzasidan yordam qo‘lini cho‘zgan yurtdoshlari bo‘lib chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Durdonaning onasi qotil yigitlarga qizining oldiga borsa yordam berishini aytgan. Durdona esa yurtdoshlik burchini o‘tab, unga uy topib bergan, ijara pullariga yordamlashgan va shaxsiy tanishlari orqali ishga joylashtirgan. Murat Beyning so‘zlariga ko‘ra, qotil o‘z jinoyatini yengillashtirish uchun marhumaning sha’niga tuhmat qilgan va bu da’volar mutlaqo asossiz.

Durdona atrofidagilarga haddan tashqari ishonuvchan va doimo yordamga tayyor inson bo‘lgan. Uning hatto ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qoldirgan «Attanglaring bir kun hayotingga zomin bo‘ladi» degan mazmundagi yozuvlari go‘yoki uning fojiali qismatidan oldindan berilgan ishoradek yangramoqda.

Murat Bey o‘z murojaatida odamlardan marhuma haqida bilib-bilmay salbiy izohlar qoldirmaslikni va uning ortida qolgan oilasiga hamdard bo‘lishni o‘tinch bilan so‘radi.

Bu mudhish voqea nafaqat bir ayolning qotilligi, balki yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytarilgan insoniylik fojiasidir. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda va yaqinlari qotillarning eng og‘ir jazoga tortilishini kutmoqdalar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring