FIFA rahbari jahon chempionatlarini xususiylashtirmoqchi
FIFA rahbari Janni Infantino futboldan yanayam ko‘p pul ishlamoqchi. The Times nashri qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino milliy terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatlarini boshqaradigan kompaniyaga asos solmoqchi.
Kelgusi yili FIFA prezidenti saylanadi, Infantino — yagona nomzod, u saylansa, 2031-yilgacha tashkilotni boshqaradi. Shundan so‘ng u mazkur kompaniyaga rahbarlik qilishi mumkin.
Yangi kompaniya aksiyalari xususiy sarmoyadorlarga taklif etilishi aytilmoqda. Xabarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatiga yaqin doiralar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Trampning kuyovi Jared Kushnerning ukasi — Joshua Kushner va JPMorgan banki Infantino kompaniyasining asosiy sarmoyadorlaridan biri bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Aksiyalarni taqsimlash tartibi quyidagicha bo‘lishi mumkin: nazorat paketi FIFA ixtiyorida qoladi, xususiy sarmoyadorlar esa dastlabki bosqichda aksiyalarning 20–30 foizini sotib olish imkoniga ega bo‘ladi. Qolgan qariyb 20 foiz aksiya esa FIFA tarkibidagi 211 ta milliy futbol uyushmasiga ajratiladi. Har bir uyushmaga taxminan 20 million AQSh dollariga teng qiymatdagi aksiyalar tegadi, ular o‘z xohishlariga ko‘ra, bu aksiyalarni sotishlari ham mumkin. Moliyaviy imkoniyatlari cheklangan kichik futbol uyushmalari bu jozibador taklifni quchoq ochib kutib olishlari aniq.
Bu islohotning ehtimoliy kutilmalaridan biri jahon chempionatlari — milliy terma jamoalar hamda klublar o‘rtasidagi musobaqalarni tez-tez o‘tkazish bo‘lishi mumkin. Chunki kompaniyaning asosiy maqsadi daromadni imkon qadar ko‘paytirishdir. Qolaversa, musobaqada ishtirok etuvchi jamoalar sonini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter