AQSh mulozimi Eronga hujumdan ko‘zlangan asl maqsadni ochiqladi
AQSh Erondagi neft konlarini o‘z nazoratiga olishga qasd qilgan. Bu haqda AQShning Energetika sohasida yetakchilik bo‘yicha milliy kengashi direktori Jarrod Eygen Fox Business telekanaliga intervyuda gapirgan.
“Bu o‘yin (urush nazarda tutilmoqda – tahr.) uzoq davom etadi, chunki biz Erondagi katta neft zaxiralarini terrorchilar qo‘lidan tortib olmoqchimiz. Qisqa istiqbolda biz duch kelgan sinovni uzoq muddatdagi foyda yopib yuboradi. Pirovardida biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi muammolar sabab xavotirga tushmaymiz”, – degan Jarrod Eygen.
Oq uy mulozimi “qora oltin”ning ulkan zaxirasi Vashington nazoratiga o‘tishidan istiqbolda dunyo energetika bozori yutishini qayd etgan. Bu borada u Venesuelani ijobiy misol sifatida keltirgan. Unga ko‘ra, prezident Nikolas Maduro hibsga olingach, AQShning Chevron shirkati Venesuelada qisqa muddatda neftni qayta ishlashni ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.
Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay, Venesuelaga hujumdan ko‘zlangan maqsad faqat giyohvandlik moddalari kontrabandasiga qarshi kurash emas, balki mazkur davlatning tabiiy boyliklari ekani o‘rtaga chiqdi. Prezident Donald Trampning o‘zi qayd etganidek, Venesuelaning muvaqqat hukumati AQShga 30-50 million barrel yuqori sifatli neft berishga rozi bo‘lgan.
AQSh va Isroil joriy yil 28 fevral kuni Eron shaharlarini bombardimon qilishga kirishar ekan, Tehron hukumati yadro quroliga ega bo‘lishga yaqin kelib qolganini iddao qilgan edi. Jumladan, Tramp urushning ilk kunida Eronga qarshi urushdan ko‘zlangan maqsad “Amerika xalqini yaqinlashib kelayotgan tahdidlardan himoya qilish” ekanini aytgan edi.
Biroq voqealar rivoji maqsad energetika manbalari ustidan nazorat ekanini ham ko‘rsatmoqda. AQShning radikal qarashlari bilan tanilgan siyosatchisi, senator Lindsi Gremning “Eron rejimi qulasa, AQSh yangi Yaqin Sharqda olamjahon pul ishlaydi” degan bayonoti ham shuni tasdiqlaydi.
Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi to‘xtab qolgani sabab jahon energetika bozorida narx o‘sishi kuzatilmoqda. Zero, global miqyosda neftning 20 foizi, suyultirilgan gazning 30 foizi mazkur bo‘g‘oz orqali o‘tadi.
Jahon bozorida neft narxi 2022 yildan beri ilk bor 100 dollardan oshdi.
The Wall Street Journal nashri “qora oltin” narxi 215 dollarga qadar ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Darvoqe, Eronga qariyb o‘n kundan buyon birgalikda bomba yog‘dirayotgan AQSh va Isroil hozircha faqat bir masalada ziddiyatga bordi.
Isroil 7 mart kuni Eronning neft infratuzilmasi, jumladan, 30 ga yaqin “qora oltin” omborlariga zarba berdi. Bu esa AQSh rasmiylariga ma’qul kelmagan.
“Prezidentga bu hujum yoqmadi. U neftni yoqish emas, balki ehtiyot qilish tarafdori”, – deya Trampning maslahatchisidan iqtibos keltirdi Axios nashri.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter