Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Moskvadagi teraktni kim sodir etdi? Ekspertlar dastlabki taxminlarni aytmoqda

Moskvadagi teraktni kim sodir etdi? Ekspertlar dastlabki taxminlarni aytmoqda

22-mart kuni Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida joylashgan «Krokus siti holl» majmuasida terakt sodir etilgani haqida xabar bergan edik.

Konsert o‘tishi kutilayotgan binoga qurollangan shaxslar bostirib kirib, odamlarga qarata o‘t ochgan. Majmuada portlash va yong‘in ham ro‘y bergan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, terakt sabab hozirgacha 60 kishi halok bo‘lgan. Rasmiylar qurbonlar soni ortishi mumkinligini aytmoqda.

Qayd etish joizki, 7-mart kuni AQShning Rossiyadagi elchixonasi hamda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi Moskvada ommaviy tadbirlar chog‘i terakt sodir etilishi haqida ogohlantirgan edi.

Qo‘poruvchilik harakati ro‘y berganidan keyinoq uning ortida  kim turgani borasida turli taxmin-tusmollar ilgari surilmoqda.

«The New York Times» nashri terakt uchun javobgarlikni IShIDning Afg‘onistondagi shu’basi (IShID-Xuroson) o‘z zimmasiga olgani haqida xabar berdi. AQSh rasmiylari ham shu versiyani qo‘llab-quvvatlagan. Oq uy vakili hozirlanayotgan terakt haqidagi razvedka ma’lumotlari Moskvaga yetkazilganini ma’lum qilgan.

Rossiya huquq-tartibot idoralari hozircha rasmiy bayonot bergani yo‘q.

O‘zbekistonlik tahlilchilar ham Moskva terakti borasida dastlabki faraz va taxminlarni yozmoqda.

Ciyosatshunos Kamoliddin Rabbimov IShID omilini muhokama qilar ekan, «qandaydir o‘yin ketayotgani»ga ishora qildi:

«Moskvadagi teraktlarda eng asosiy versiyalardan biri sifatida IShID ko‘rilmoqda. Bunga sabab, taxminan 2-3 hafta oldin AQSh tomonidan berilgan bayonot: «Moskvada va RFning katta shaharlarida teraktlar bo‘lishi mumkin, buni IShID amalga oshirish ehtimoli yuqori» deyilgandi. Qiziq, IShID hali ham bormi? Qolaversa, IShID Iroq, Suriya va Afg‘onistonda jiddiyroq teraktlar qila olmay, Moskvada qila oladimi?

Qandaydir o‘yin ketyapti, bu o‘yinda AQShning roli ham tushunarsizroq. RF bilan Ukraina jon-jahdi bilan urushib turganda, boshqa versiyalarni tahlil  qilishning o‘zi g‘alati.

Menda ikkita versiya bor: 1. Bu Ukrainaning ishi. Maqsad konfliktni Rossiyaning ichiga ko‘chirish, xalqda panika uyg‘otish va shu yo‘l bilan Putin legitimligini sindirish va Kremlga bosim o‘tkazish.

2.Putinning o‘zi mobilizatsiya qilish uchun, Ukrainaga qarshi to‘laqonli va cheksiz urush qilish uchun ijtimoiy fikrni tayyorlamoqda».

Iqtisodchi Bahodir G‘aniyev qo‘poruvchilik harakati borasidagi oltita versiyani bandma-band tahlil qilgan:

«1. IShID. Internetda IShID terakt uchun mas’uliyatni zimmasiga oldi degan ma’lumot tarqalmoqda. Buning haqiqatan katta ehtimoli bor, chunki Rossiya bir necha yildan beri Suriyaning Bashar Asad boshchiligidagi hukumatini qo‘llab keladi va IShIDni mag‘lub qilishga hamda Asadni saqlab qolishga katta xissa qo‘shgan. Rossiyada musulmonlar ko‘p va IShID oxirgi yillar davomida ular qatoridan tarafdorlarni yollashga muvaffaq bo‘lganligi ehtimoli bor. Agar shunday bo‘lsa, bugungi kabi yana bir nechta terakt bo‘lishining xavfi katta.

  1. FSB (Rossiyaning federal xavfsizlik xizmati). Ayrim ekspertlar Rossiya hukumati o‘z fuqarolarini urushga safarbar (mobilizatsiya) qilish uchun o‘zi terakt uyushtirishi mumkin deb aytmoqda, ikkinchi Chechen urushi tarixidan kelib chiqib. Ammo bu versiya faqatgina hukumat bugungi teraktdan siyosiy nuqtai nazardan foydalansagina ishonarli bo‘ladi. Yani, teraktni Ukraina razvedkasi tashkil qilgan degan vaj ortidan mobilizatsiya e’lon qilib, urushga qarshi bo‘lgan odamlarga tazyiq o‘tkazishda foydalansa. Aks holda, bu asossiz taxmin.
  2. Ukraina razvedkasi. Bu taxmin o‘ta ishonchsiz, sababi shunday bo‘lib chiqqan holda, Ukraina G‘arb jamoatchiligining qo‘llovini yo‘qotishi mumkin. Ukraina harbiylari urush boshidan beri tinch aholiga imkon qadar kam zarar yetkazishga harakat qilib kelmoqda.
  3. Prigojinga xizmat qilgan yollanma askarlar – qasos sifatida. Asosli bo‘lgan taxmin. Sababi, Prigojin harbiy kampaniyasida juda ko‘p qamoqdan jalb qilinganlar va Utkin kabi radikallar bo‘lgan, yani kuchli harbiy tayyorgarligi bor va begunoh odamlarni o‘ldirish muammo bo‘lmagan odamlar. Bular Prigojin davrida qahramon, o‘limidan so‘ng esa dushmanga chiqarildi.
  4. Chechenistondagi urushlar va Dog‘istondagi qurolli to‘qnashuvlardan alami qolganlardan iborat radikal guruh. Checheniston urushi davomida 50-70 ming chechen o‘lgan. Bularning 100 minglab farzandlari hozir hayot. Ularning ko‘plari, tabiiyki, Rossiyaga va ruslarga nisbatan alamzada, nafrat bilan, fursat kutib yashaydi, barcha rus xalqi vakillarini dushman deb biladi. Aynan shu kabi shaxslar uyushib, terakt sodir qilishi ehtimoli bor.
  5. Ukrainadagi urushda o‘z yaqinlarini (turmush o‘rtog‘i, farzandi yoki ota-onasini) yo‘qotgan, ammo hukumatga bog‘liq bo‘lmagan ukrainlar.

Umuman olib qaraganda, urush sababli Rossiya jamiyatida urushda bo‘lsa-da odam o‘ldirgan, psixik nosog‘lom odamlar kun sayin ko‘paymoqda. Ko‘chalarda qurol ham. Terrorizm va jinoyatchilik keskin oshishi endi to‘xtatib bo‘lmas jarayon.

Yuqoridagi taxminlardan faqat IShIDga oid holat bo‘lsagina bizga ahamiyati bor. IShID o‘z destruktiv faoliyatini Markaziy Osiyoga tarqatishdan ham manfaatdor. Bu degani biz ham tegishli xulosalarni chiqarishimiz lozim».

«Fayzbog‘» kanali bir muddat oldingi ogohlantirishlarga e’tibor qaratgan:

«Ma’lumot uchun, bundan bir necha kun avval bir qator xorijiy mamlakatlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Kanada va Boltiqbo‘yi elchixonalari Moskvada teraktlar ehtimollari haqida ogohlantirish e’lon qilgan edi. 3 kun oldin Putin ushbu bayonotlarni «ochiqdan-ochiq shantaj» va R«ossiya jamiyatini beqarorlashtirishga urinish” deb atadi».

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring