Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent shahri va viloyat markazlarida avtomobillar harakati keskin cheklanadi

Toshkent shahri va viloyat markazlarida avtomobillar harakati keskin cheklanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bir qator cheklovlar o‘rnatilib, muayyan choralar ko‘rilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi axborotiga ko‘ra, xususan, 2020-yil 30-mart soat 06:00 dan 20-aprel soat 00:01 ga qadar VILOYATLARARO, TOShKENT VA NUKUS ShAHARLARI HAMDA VILOYATLAR MARKAZLARIDA Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Mazkur ruxsatnomalar quyidagi faoliyatlarni amalga oshirish uchun biriktirilgan avtotransport vositalariga taqdim etiladi:

  • oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning xizmat avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tashkilotlarda doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;
  • Sanitariya va gigiyena mahsulotlarini (koronavirus infeksiyasidan himoyalovchi va dezinfeksiya qiluvchi vositalar) ishlab chiqaruvchi va chakana savdo, dorixona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari;
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari.

Bunda, yuridik va jismoniy shaxslarning ishchi xodimlari markazlashgan tartibda avtobus (mikroavtobus) orqali Koraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri, Toshkent shahri va viloyat markazlariga kiritishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, respublika maxsus komissiyasining qarori bilan ko‘chalarda harakatlanishi uchun quyidagi avtotransport vositalariga maxsus ruxsatnoma talab etilmaydi:

  • O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning diplomatik xizmati xodimlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining takliflariga muvofiq tashrif etilgan xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari a’zolarining tegishli avtotransport vositalariga;
  • Aholi va tashkilotlarga kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga (gaz, elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti, sovuq suv, suv oqava va boshqa tashkilotlar) tegishli avtotransport vositalariga;
  • aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga tegishli avtotransport vositalari hamda «O‘zbekiston pochtasi» AJning pochta jo‘natmalariga;
  • tijorat banklariga tegishli xizmat avtotransport vositalariga;
  • tibbiy va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi korxonalarning avtotransport vositalariga;
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus hamda qutqaruv korxonalarining avtotransport vositalariga;
  • N1, N2 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalariga hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kelayotgan M1 (bir nafar yo‘lovchi bilan) toifadagi avtotransport vositalariga;
  • viloyat, shahar va tuman hokimlari va ularning o‘rinbosarlarining avtotransport vositalariga;
  • yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilarga (o‘zlarining ro‘yxatdan o‘tgan ma’muriy hududi doirasida) yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati (kurer, dostavka)lariga;
  • yetkazib berish xizmati (keytering) tashkilotlarining avtotransport vositalariga, shuningdek, yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan avtotransport vositalariga;
  • fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tan jarohati, inson hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollarda tibbiyot muassasasiga borayotgan va undan qaytayotgan shaxsiy avtotransport vositalariga;
  • dafn marosimlarida xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtotransport vositalariga;
  • yo‘l-patrul xizmati avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari shular jumlasidan.

Qayd etish lozimki, maxsus ruxsatnoma talab etiladigan avtotransport vositalariga (tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda) Maxsus ruxsatnomalar berish tizimi joriy yilning 29-mart soat 09:00 dan amaliyotga joriy etiladi.

Adliya vazirligi tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma asosida harakatlanadigan boshqa avtotransport vositalari faqatgina ushbu muassasa va tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq holda harakatlanishiga ruxsat beriladi. Shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish qatiyan man etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring