Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sayyor sudda sudya va hokimlik vakili «kalla urishtirdi»!

Sayyor sudda sudya va hokimlik vakili «kalla urishtirdi»!

Keyingi paytlarda sudlar faoliyatiga oid hisobotlarda  ishlarning qanchasi sayyor sud majlislarida ko‘rilayotgani alohida qayd etilmoqda.

Yaxshi. Gap yo‘q.

Negaki, sayyor sud majlislarining ahamiyati kichkina emas. Avvalo, tomonlarning ovoragarchiligi oldi olinadi. Ikkinchidan, «ishi» jamoatchilik guvohchiligida ko‘rib chiqilayotgan shaxs yana biror qilmishga qo‘l urishi ehtimoli yanayam pasayadi. Qolaversa, sayyor sud ma’lum ma’noda huquqiy dars ham hisoblanadi. Zero, sayyor sudda ko‘rib chiqilayotgan masala yoki nizo boshqalar saboq chiqarishi uchun  sahnalashtirilmagan manzara-da.

Muddaoga o‘tsak. Kecha o‘ttizdan ziyod fermerlarning paxtachilik klasteri – «Marhamattekstil» MChJga nisbatan asosiy qarz va asossiz xarajatlarni (?!) undirish bilan bog‘liq da’vosi Asaka tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan (sudya S. Husanov) sayyor sud majlisida ko‘rib chiqila boshlandi. Marhamat tumani hokimligi binosida o‘tkazilgan  mazkur sud majlisida bir guruh fermerlarning iltimosiga binoan  ayni jumlalar muallifi ham ishtirok etdi.

Avval-boshdanoq aytmoq joiz: hozir gap  nizo tafsilotlariga doxil emas. Bu alohida mavzu.

Hozir gap sayyor sud majlisining ayrim nuqtalari haqida.  

Alqissa, sud majlisi boshlandi. Tomonlarga huquq va majburiyatlari tushuntirildi.  So‘ng tomonlarga  so‘z berildi...

Oradan yarim soatcha fursat o‘tgach, javobgar tomon – klaster vakili gap orasida sudyaga yuzlandi: «Rahbarimiz kelgandi, kirsalar maylimi?»

«Kirsin, hay!»

Barchaning xayoli bo‘lindi. Eshik ikki-uch bor ochilib-yopildi. Ammo hadeganda klaster rahbarining qorasi ko‘rinavermadi.

Sud davom etdi. Biroq  besh daqiqa o‘tar-o‘tmas boyagi savol takrorlandi: «Rahbarimiz...»

Sudya «Kirsin...» deya beozorgina ishora qildi. Yana xayol bo‘lindi,  aytilayotgan gaplarga tushov tushdi. Biroq sud majlisining «beliga tepayotgan» klaster rahbari qorasini ko‘rsatsa, qani?!

E’tiborlisiki,  sudya tanaffus e’lon qilgani yo‘q. Shunga qaramay, «kutish pauzasi» cho‘zildi-yey... Zal to‘la odam. Bezovtalik boshlandi.

Ilojsiz sud majlisi davom ettirildi.

Oradan chamasi o‘n daqiqalar vaqt o‘tgach, tag‘in eshik ochilib, endi ostonada Marhamat tumani hokimligining bo‘lim boshliqlaridan biri  ko‘rindi. U ishtirokchilarga qarata «Hormanglar!» dedi-da, to‘ppa-to‘g‘ri sudyaning qarshisiga keldi (xuddiki sud majlisiga emas, choyxonadagi oshxo‘rlikka kelgan odamday!). Ikki qo‘llab ko‘rishdi. Xo‘shlashish jarayonida tomonlar yengilgina bosh urishtirib ham olishdi! (Ana manzara-yu mana manzara!)

So‘ng hokimlik vakili sudyadan so‘radi: «Hokimning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha vakili bilan klaster rahbari kelishgan ekan, kirishsa bo‘ladimi?»

(«Voy-dod!» devorishdan arang o‘zini tiydi ayrimlar!)

Sudya: «Mayli, kirishsin!» deganidan keyingina (mehmonlar kirib joylashib olishlari uchun) tanaffus e’lon  qildi.

Nihoyat, hokimlik vakiliga qo‘shilib, intiqib kutilgan klaster boshqaruvchisi kirib keldi. Ularning poyiga poyondoz to‘shalmadi, xolos...

Sud majlisi kelgan joyidan davom ettirildi...

Shu nuqtada manzaralar bayonini to‘xtatib, asosiy gapga o‘tsak.

Sayyor sud majlisi - duch kelgan odam xohlagan paytda kirib keladigan mashvarat emas. Sud majlisi o‘tkazilishiga oid  tartib-taomillar o‘sha-o‘sha, unga sayyor sudlarda ham rioya etilishi shart. Shunga qaramay, kechagi sayyor sudda o‘zgacha manzara deng: goh klaster rahbari intizor kutilsa, goh hokimlik vakili to‘g‘ri kirib kelib, sudya bilan «kalla urishtiradi»... Bu nima, hokimlik vakilining fermerlarga qarata: «o‘v, huquqini bilgan donolar, ko‘rib qo‘yinglar, sizlar ko‘ziga mo‘ltirab turgan sudya bilan biz shunaqa qip ko‘rishamiz, xulosa chiqaraveringlar!» deganimi yo?

Sayyor sud majlisi - karvonsaroydagi mashvarat emas, axir?!

Nurillo NO‘’MONOV

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring