Bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqqanlar 212,5 mln so‘m jarimaga tortildi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda uning hududiy bosh boshqarmalari bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarini yoqish holatlariga qarshi nazoratni kuchaytirdi.
Ma’lum qilinishicha, huquqbuzarliklar «O‘zbekkosmos» agentligi bilan hamkorlikda aerokosmik ma’lumotlar asosida aniqlanmoqda. Shu maqsadda hududlardagi 7 760 ta fermer xo‘jaligiga bug‘doydan bo‘shagan dalalarni yoqmaslik bo‘yicha ogohlantirish xatlari tarqatilgan.
Nazorat tadbirlari davomida kosmik suratlar tahlili asosida 744 ta bug‘doydan bo‘shagan yer maydonida yong‘in holati aniqlangan. Joyiga chiqqan davlat inspektorlari o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida 172 nafar huquqbuzarga jami 212,5 million so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, huquqbuzarliklar oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar uchun 652,3 million so‘m miqdorida tovon hisoblangan.
Bundan tashqari, joriy yil boshidan buyon dala va aholi punktlarida angiz, xazon, shox-shabbalar hamda qurilish chiqindilarini yoqish bilan bog‘liq 9 821 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ular yuzasidan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fermerlar va fuqarolarni g‘alladan bo‘shagan yerlarda somonpoyalarni yoqmaslikka hamda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter