Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ikki kichik sayyora – asteroidlarga o‘zbekistonlik olimlar nomi berildi

Ikki kichik sayyora – asteroidlarga o‘zbekistonlik olimlar nomi berildi

Xalqaro astronomiya jamoatchiligi O‘zbekiston ilm-fani uchun muhim yangilikni e’lon qildi. 2026-yil 9-iyul kuni Xalqaro astronomiya ittifoqining Kichik osmon jismlarini nomlash bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi nomi ikki kichik sayyora – asteroidlarga berildi.

WGSBNning rasmiy byulleteniga muvofiq, endi xalqaro astronomik kataloglarda (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari rasman qo‘llaniladi.

«Kamolergashev» nomi 2001-yil 19-may kuni Chexiyadagi Ondrjeyov observatoriyasida kashf etilgan asteroidga berildi. U Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev sharafiga nomlangan. Rasmiy izohda olimning asteroidlar fotometriyasi, ularning fizik xususiyatlarini aniqlash hamda qo‘shaloq asteroid tizimlarini tadqiq etish sohasidagi xizmatlari alohida qayd etilgan.

«Otabekburkhonov» nomi esa 1999-yilda kashf etilgan asteroidga berildi. U Astronomiya instituti laboratoriya mudiri Otabek Burxonov sharafiga nomlangan. Rasmiy ma’lumotda olimning asteroidlar, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar va Maydanak observatoriyasidagi ilmiy kuzatuvlarga qo‘shgan hissasi yuqori baholangan.

Asteroidlarga olimlar nomi berilishi ularning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasining xalqaro miqyosda e’tirof etilishidir. Tasdiqlangan nomlar endi xalqaro kataloglar, ilmiy maqolalar va astronomik ma’lumotnomalarda rasmiy ravishda qo‘llanadi.

Qayd etilishicha, Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov avvalroq NASAning sayyoraviy mudofaa dasturidagi ishtiroki uchun NASA Group Achievement Award mukofoti bilan ham taqdirlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring