Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kitob tumanida quturish kasalligi tarqalgani haqidagi xabarlar rad etildi

Kitob tumanida quturish kasalligi tarqalgani haqidagi xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida bir oilaning uch nafar a’zosida quturish kasalligi aniqlangani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qilishicha, joriy yilning 10-iyul kuni Kitob tumanida yashovchi 1979-yilda tug‘ilgan fuqaro xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Epidemiologik surishtiruv davomida fuqaroni taxminan bir oy avval tulki bolasi tirnagani aniqlangan. Afsuski, u 11-iyul kuni vafot etgan.

Hozirda o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, marhum bilan muloqotda bo‘lgan uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ularda quturish kasalligining klinik belgilari aniqlanmagan. Ayni paytda ushbu shaxslar shifokorlar nazoratiga olingan va profilaktik emlash ishlari olib borilmoqda.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya mutaxassislari hamkorligida hududdagi epidemiologik vaziyat to‘liq nazoratga olingan.

Mutasaddilar aholidan asossiz xavotirga berilmaslikni hamda ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘radi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring