Quyoshda dog‘lar yo‘qoldi: olimlar izoh berdi
22-fevral, yakshanba kuni Rossiya FA Kosmik tadqiqotlar instituti huzuridagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi olimlari Quyoshning ko‘rinadigan qismida dog‘lar to‘liq yo‘qolganini tasdiqladi.
Ayni paytda Quyosh yuzasi mutlaqo «toza» ko‘rinishga ega. Sutkalik quyosh dog‘lari indeksi nolga tushgan, chaqnash faolligi esa 2024-yildan beri ilk bor to‘liq to‘xtagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu global minimal bosqich boshlanganini anglatmaydi. Yer hozir Quyosh faolligining 25-navbatdagi 11 yillik siklining cho‘qqisidan keyingi qisqa tinchlanish davriga kirgan.
Olimlar izohiga ko‘ra, bunday «tinch» davrlar hatto faol fazada ham kuzatiladi: eski dog‘lar Quyosh diskining chekka qismi ortiga o‘tib ketadi, yangi guruhlar esa hali paydo bo‘lmagan bo‘ladi.
Laboratoriya vakillaridan biri Sergey Bogachyovning aytishicha, bu vaqtinchalik holat bo‘lib, bir necha kun yoki hafta ichida faollik yana tiklanishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, bunday qisqa tanaffus odamlar uchun hatto foydali: geomagnit bo‘ronlar kamayadi, aloqa tizimlarida uzilishlar ehtimoli pasayadi hamda sun’iy yo‘ldoshlar va energiya tarmoqlari uchun xavf kamroq bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Quyosh dog‘lari, chaqnashlar va magnit bo‘ronlari ma’lum davriylik bilan kuchayib-pasayib turadi. Shu davrlar «quyosh sikli» deb ataladi. Quyoshdagi to‘liq sikl o‘rtacha 11 yil davom etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter