Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada 125 mlrd so‘mlik sun’iy QQS orqali noqonuniy keshbek to‘plaganlar aniqlandi

Farg‘onada 125 mlrd so‘mlik sun’iy QQS orqali noqonuniy keshbek to‘plaganlar aniqlandi

Foto: Xabar.uz

Farg‘ona viloyati soliq boshqarmasi tezkor tahlillar davomida yirik qonunbuzilish holatini aniqladi.

Xususan, fuqaro T.Z. rahbarligida Farg‘ona shahrida «E.F.F.» hamda «F.E.O.Z.» MChJlari tashkil etilgan hamda joriy yil may oyida Surxondaryo viloyati Termiz shahridan ro‘yxatdan o‘tgan «T.B.S.E.» MChJdan jami 1,2 trln so‘mlik un va sariyog‘ mahsulotlari sotib olingani haqida elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgan.

Soliq organlari xodimlari tomonidan korxonalarning iyun oyida may oyi uchun taqdim etgan QQS hisobotlari tahlil qilinib, ularning yuridik manzilidagi omborlarda tovar mahsulotlari mavjud yoki mavjud emasligi o‘rganildi.

Natijada Farg‘onadagi korxonalarga hech qanday tovarlar yetkazib berilmagani hamda mahsulotlar uchun biror so‘m ham pul o‘tkazmalari amalga oshirilmagani aniqlandi. Bu esa Termiz shahridagi korxona tomonidan Farg‘ona shahridagi ikki MChJga 125,4 mlrd so‘m miqdorida sun’iy QQS to‘lovi hosil qilishga uringanini ko‘rsatgan.

Tezkor choralar natijasida «E.F.F.» hamda «F.E.O.Z.» MChJlarining QQS guvohnomasi vaqtincha to‘xtatilib, aniqlashtirilgan QQS hisobotlari qabul qilindi hamda 125,4 mlrd so‘mlik sun’iy QQS hisobdan chiqarildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu firibgarlik sxemasi ijtimoiy tarmoqlar orqali soxta fiskal cheklarni sotish va ular asosida noqonuniy keshbek olish imkoniyatini yaratish maqsadida tashkil etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan materiallar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

«Eslatib o‘tamiz, “Soliq” mobil ilovasi orqali faqat o‘zingiz amalga oshirgan xaridingiz hamda foydalangan xizmatingiz uchun taqdim etilgan fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazing. Turli ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki boshqa shaxslar tomonidan berilgan soxta xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazmang!», — deyiladi Soliq qo‘mitasi xabarida.

Bu qonunga xilof hisoblanib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Farg‘onada 3,2 mlrd so‘mlik keshbek mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring