Xorazmda 21 yashar yigit o‘z joniga qasd qilgan yosh onani qutqarib qoldi
Yigit kishining aslini bilish uchun uning qilayotgan ishlarini kuzatishning o‘zi kifoya. Yuragida o‘ti bor yigitlarning har bir ravishida jo‘mardligi ko‘zga tashlanib turadi.
Bog‘ot tumanining Qipchoq qishlog‘ida yashovchi 21 yoshli Yoqubboy Do‘smetov kuni kecha suvga cho‘kayotgan ayolning hayotini qutqarib qoldi.
— Akam bilan «gaz zapravka»ga ketayotgan edik, — deya voqea xususida hikoya qiladi Yo.Do‘smetov. – Bizga qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan mashina haydovchisi (ayol): «Anavi ko‘prikda bir qiz o‘zini suvga tashlamoqchi bo‘lib turibdi», deb qichqirdi. Biz o‘sha tomonga shoshildik. Yetib borganimiz zahoti yoshgina ayol o‘zini Polvonyop kanaliga otdi...
Eni salkam 70 metr bo‘lgan kanal suvi shitob bilan oqardi. Yo‘l-yo‘lakay kiyimlarimni yechgancha kanalning quyiroq qismiga yugirib borgan Yoqubboy o‘zini suvga tashlaydi. Kanalning o‘rtarog‘iga suzib borgunicha ayol goh cho‘kib, goh suv yuziga qalqib chiqardi. Yigit uning kiyimidan mahkam ushlagancha qirg‘oqqa bazo‘r olib chiqadi...
So‘ng darhol eng yaqin xonadonga olib boriladi. Xonadon egalari shosha-pishgancha ayolga birlamchi yordam ko‘rsatishga kirishadi...
Xonadon sohibasi Iroda Abdukarimova qizlari bilan birgalikda ayolning jiqqa ho‘l kiyimlarini almashtirib, issiq qahva ichirishadi va qalin ko‘rpaga o‘rab qo‘yishadi. Ayol sal o‘tmay o‘ziga keladi va ho‘ngrab yig‘lab yuboradi...
Aniqlanishicha, o‘zini suvga tashlagan ayol Hazorasp tumani Bo‘ston qishlog‘ida yashovchi 23 yoshli N.N bo‘lib, mahalla faollaridan birining kelini ekan. Yaqinda ko‘zi yorigan yosh kelinchak oilaviy janjallar tufayli qattiq tushkunlikka tushgan va...
Bugungi kunda N.N Bog‘otda, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ota-onasining uyida davolanmoqda. Voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning xabari bor yoki yo‘qligi bizga ma’lum emas.
— Qish fasli qirchillab o‘tadigan Xorazmda yanvar oyida suvga sakrab, cho‘kayotgan odamni qutqarish uchun kishining vijdoni sof va iymoni kuchli bo‘lishi kerak. Yoqubboyga ham oson bo‘lgani yo‘q. U bu xaloskorligidan so‘ng isitmalab bir necha kun yotib qoldi. Lekin u qilgan savob ishidan mamnun, — deydi xaloskor yigitning qo‘shnisi «Bo‘ka» fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Dilbar Olimova.
Erpo‘lat BAXT,
Xorazm
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter