Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Advokatni «olib chiqib tashlashni» buyurgan IIB mansabdoriga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Advokatni «olib chiqib tashlashni» buyurgan IIB mansabdoriga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Foto: «Xabar.uz»

Farg‘ona shahri IIOFMB 4-sonli militsiya bo‘limi boshlig‘i xodimlariga kasbiy faoliyatini amalga oshirayotgan advokatni tashqariga «olib chiqib tashlash»ni buyurganiga oid maqola e’lon qilinganidan xabaringiz bor.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi mutasaddilarining  bizga ma’lum qilishlaricha, Palata va uning Farg‘ona va Andijon hududiy boshqarmalari sa’y-harakati bilan mazkur muammo bartaraf etilib, advokatning o‘z himoya vazifasini qonun doirasida, to‘siqlarsiz amalga oshirish huquqi to‘la tiklangan.

Ammo...

Holatga atroflicha kecha (26-fevral) oydinlik kiritish maqsadida advokat Dilmurodjon Madrahimov bilan bog‘landik. U o‘z kasbiy huquqlarining tiklanganini tasdiqlab, holat yuzasidan prokuratura idoralariga yo‘llagan shikoyatlariga hamon javob olmaganidan alohida ta’kid etdi. Ya’ni, advokat Farg‘ona shahri IIOFMB 4-sonli militsiya bo‘limi boshlig‘i tomonidan o‘zining kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilingani, himoyasidagi fuqaroning noqonuniy va yomon sharoitda ushlab turilgani yuzasidan prokuratura organlariga qilgan murojaati hamon muallaq turibdi. Shuningdek, advokat huquqlari tiklanishiga  Farg‘ona shahri IIOFMB 4-sonli militsiya bo‘limi boshlig‘ining aloqasi  yo‘ligini ham urg‘uladi.

— Bugun himoyam ostidagi shaxsning uyidagilari kelishib, otasini Farg‘ona shahridagi qamoqxonaga olib ketishganini ma’lum qilishdi, — deydi D. Madrahimov. — Bugun ular bilan birga el orasida «Farg‘ona turmasi» deb nom olgan muassasaga bordik. Belgilangan tartibda guvohnoma va orderimni ko‘rsatib kirdim. Himoyam ostidagi shaxs bilan ko‘rishish va gaplashishga muyassar bo‘ldim. Shu yerda undan kim tomondan tergov qilinayotgani haqidagi ma’lumotni olib, bugunning o‘zida tergovchi bilan ko‘rishdim. So‘ng Farg‘ona shahar 2-militsiya bo‘limi katta tergovchisi Muzaffarjon Jo‘raboyev bilan uchrashib, jinoyat ishi bilan tegishli tartibda lozim joylari bilan tanishdim, o‘zimga kerakli joylardan nusxalar oldim».

Yana bir gap. Advokatning aytishicha, bugun (27 fevral) ertalab o‘zini Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘ini o‘rinbosari, tergov departamenti boshlig‘i Azamatjon Kozimov deb tanishtirgan shaxs unga qo‘ng‘iroq qilib, «Yuzaga kelgan muammo yuzasidan 4-son militsiya bo‘limi boshlig‘i A.Yo‘lchiyev bilan o‘zaro kelishib olganingiz rostmi?» deb so‘ragan. Vaholanki, o‘sha voqeadan keyin advokat 4-son militsiya bo‘limiga bormagan va unga ichki ishlar organidan umuman hech qanday qo‘ng‘iroq bo‘lmagan ekan...

Biz Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘ini o‘rinbosari, tergov departamenti boshlig‘i deb tanishtirgan Azamatjon Kozimov bilan telefon orqali bog‘landik. Uning oydinlik kiritishicha, ayni paytda Farg‘ona shahri IIOFMB 4-sonli militsiya bo‘limi boshlig‘i A.Yo‘lchiyevga nisbatan mazkur holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi boshlangan. Xizmat tekshiruvi muddati 10 kun bo‘lib (vaziyatga qarab yana cho‘zilishi ehtimoliyam bor), uning natijasi asosida muayyan to‘xtamga kelinadi.

Muxbirimiz

(Maqola «Advokat» jurnali va «Xabar.uz» portali
qo‘shma loyihasi doirasida tayyorlandi)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring