Apostil haqida nimalarni bilamiz?
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 17-noyabrdagi qarori 1-ilovasiga asosan «Apostil qo‘yish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangan va amaliyotga joriy qilingan.
Xo‘sh, apostil va apostil qo‘yish deganda nimalar tushuniladi?
Apostil — maxsus shtamp. U hujjatni imzolagan shaxsning imzosi, shu hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan, Xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi konvensiyaga muvofiq berilayotgan rasmiy hujjatga qo‘yiladi va undan chet elda foydalanish imkonini beradi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, apostil qo‘yish ushbu hujjatni imzolagan shaxsning imzosi, muhr yoki shtamp izi haqiqiyligini tasdiqlashning rasmiy tartib-qoidasidir.
Shuningdek, apostil qo‘yish tartibida «yulduzcha» ham mavjud. Yulduzcha — hujjat varaqlari mahkamlanadigan joyga yopishtiriladigan hamda apostil qo‘ygan vakolatli davlat idorasining gerbli muhri bosiladigan qalin qog‘oz. Apostil shakli o‘zbek yoki ingliz tilida to‘ldiriladi. U qo‘yilganidan so‘ng qo‘shimcha ravishda tasdiqlashni talab etmaydi.
Masalan, xorijiy davlatlarda o‘qiyotgan, vaqtincha ishlayotgan yoki xizmat safarida bo‘lgan chog‘da tug‘ilgan farzandlari uchun o‘zi doimiy ro‘yxatda turgan davlatdan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani oladigan fuqarolarga apostil shtampisiz guvohnoma berilmaydi. Bizning davlat tashkilotlarimiz bergan rasmiy hujjatlarni xorijdagi rasmiy idoralarga topshirish va ular xorijda tan olinishi uchun ularga maxsus shtamp — «Apostille» qo‘yilgan bo‘lishi shart.
Adliya vazirligi tashabbusi bilan «Apostil» uchun to‘lov miqdori keskin kamayganini ham alohida ta’kidlash lozim. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-fevraldagi qarori bilan O‘zbekistonda tuzilgan rasmiy hujjatlarga shtamp — «Apostil» qo‘yish uchun to‘lov miqdori 10 baravar kamaytirildi, ya’ni 172240 so‘mdan 17224 so‘mga tushirildi.
Quyidagi to‘rtta tashkilot rasmiy hujjatlarga maxsus shtamp qo‘yish vakolatiga ega, jumladan:
— sudlar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — Adliya vazirligi;
— prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — Bosh prokuratura;
— ta’lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlarga — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi;
— boshqa har qanday rasmiy hujjatlarga — Tashqi ishlar vazirligi.
Elbek Muhiddinov,
huquqshunos
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter