Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

13 yoshli qizni cho‘lda to‘rt kishi zo‘rladi, «asosiy pedofil hamon ochiqda...»

13 yoshli qizni cho‘lda to‘rt kishi zo‘rladi, «asosiy pedofil hamon ochiqda...»

«Xabar.uz» ga murojaat qilgan qorako‘llik 13 yoshli qiz M.B. o‘zining achchiq qismati uchun javobgar bo‘lishi kerak bo‘lgan yangasi Sh.Q. va uni birinchi bor zo‘rlagan N. ismli shaxs ham javobgarlikka tortilishi kerakligini bildirmoqda. «Asosiy pedofil hamon ochiqda...» — deydi qizning akasi Sh.S.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning bildirishicha, holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish), 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish, o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov yakuni bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda aybdorlarga nisbatan jazo choralari qo‘llaniladi.

«2009 yilning 28 oktyabrida tug‘ilganman. Otam bilan birga yashamaganmiz. Ikki akam bor. 2021 yilning 20 may kuni onam 52 yoshida vafot etdi. Shundan so‘ng taqdirimda haqiqiy yetimlik qismati o‘z o‘yinini ko‘rsata boshladi. Onamning vasiyati bilan men katta akam Sh. bilan birga yashashim kerak edi. Biroq uning Rossiya Federatsiyasiga ishga ketgani bois, boshqa qarovchim yo‘qligi sababli meni kichik akam B. o‘z vasiyligiga  oldi. Kichik akam har kuni ishda. Erta ketib, kech qaytardi. Men esa yangam Sh.Q. bilan Qorako‘l tumanidagi ijtimoiy yotoqxonalardan birida yashardim. Yangam menga doimiy tazyiqlar o‘tkazib kelardi. Urardi, so‘kardi. Hatto, barmog‘imni ham urib, sindirgan. Maktabga borishimga ham ruxsat bermas, ko‘p ozorlar yetkazardi. Akamga ham meni yomonlar, akam ham yangamning gapiga kirib, meni urib, so‘kardi. Oradan bir-ikki oy o‘tgach, katta akam Sh. Rossiyadan qaytdi. Akamga meni olib ketinglar, deb yig‘ladim. O‘z roziligim bilan vasiylikni katta akamga olib berishdi. Bundan katta akam ham, men ham xursand edik. Sh. akam va uning xotini menga mehribon edi. Ular bilan 9 oy yashadim. Ayni shu orada ikki akam o‘rtasida mening ustimda o‘zaro kelishmovchilik boshlandi. Kichik akam tezfe’l, o‘zi Rossiyada bir bora qamalgan. U bir qarashda odamni o‘ldirishdan ham qaytmaydigandek tuyulaveradi menga. Shu bois, qo‘rqqanimdan yana kichik akam bilan yashashimni bildirdim. Katta akam hayron qoldi, hatto mendan ranjidi ham. Ammo, shunday qilmasam, kichik akam katta akamga jabr yetkazishi mumkin edi. Chunki, birgina menga otam aliment to‘lardi. Bundan kichik yangam manfaatdor edi. Aynan shundan so‘ng yetti uxlab, tushimga kirmagan qora kunlar boshlandi qismatimda... » — so‘zlaydi M.

M.ning so‘ziga ko‘ra, u ikkinchi bor kichik akasining vasiyligiga o‘tgan. B.ning har kuni ishda, o‘zidan ortmasligi uning xotiniga qo‘l kelgan. M.ning akasi Sh.ning so‘ziga ko‘ra, 2022 yilning 6 sentyabr kuni 13 yoshli qizni aldab olib chiqqan va uning nomusining toptalishiga sabab bo‘lgan.

«Shu kuni o‘zimiz yashab kelayotgan ijtimoiy yotoqxonada kir yuvayotgan edim. Soat taxminan 18:00 lar atrofi. Yangam «zudlik bilan bir yoqqa borib kelishimiz kerak»ligini aytdi. «Xo‘p» deb chiqdim. Bizni yo‘lboshida notanish mashina kutib turardi. Yangam bilan mashinaga o‘tirdik. Qorako‘l tumani markaziga yetganda, mashina to‘xtab, yangam tushdi. Izidan men ham tushayotganimda, yangam qo‘qqisdan yuzimga tarsaki tushirib, meni tushmasligimni, shu odam qayerga olib ketsa, ko‘nib o‘tirishimni aytdi. Qo‘rqib, hali o‘zimni o‘nglab olmagan edim, mashinasi eshiklarini qulflagan haligi notanish yigit ham meni zarb bilan urib, «nafasimni chiqarmaslik»ka chaqirdi. Boshim aylanib, hush-behush bo‘layozdim. Ko‘p o‘tmay, tuman markazida edi adashmasam, «Buxara ekspress» deya nomlangan mehmonxona oldiga kelib, mashinasini to‘xtatdi. Va meni zo‘rlik bilan sudrab tushirdi. Qarshilik ko‘rsata boshladim. Mehmonxonaning bir-ikki xodimlari ko‘rib turishgan bo‘lishsa ham e’tibor qilishmadi. U odam meni mehmonxonaning xonalaridan biriga olib kirdi. Savollarim javobsiz qoldi. «Tegmang, aka!» deb yalinib-yolvorishlarimga parvo ham qilmadi...» — yosh suhbatdosh yig‘lab yubordi.

Uning aytishicha, N. ismli 29 yoshli yigit 13 yoshli qizning qarshiligiga qaramay, unga nisbatan kuch ishlatgan, urgan, tepgan va hushidan kettirib, jinsiy zo‘ravonlik qilgan.

«Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmadim, og‘ir va o‘ta qiyin ahvolda hushimga keldim. Yig‘ladim, siqtadim, uni aytib berishimni, qilmishi jazosiz qolmasligini aytdim. U esa: «G‘ing» etsang, o‘zingga jabr. Ammo, menga, baribir, qo‘lingdan kelganini qil. Orqamda odamim bor, hech biring hech nima qilolmaysanlar. Yangang sani mandan olgan qarzi evaziga almashtirdi», — dedi.

Hayotim bir buyum singari pullanganidan yig‘lab yubordim.  Haligi odam meni yangamni qayerdan tushirib qoldirgan bo‘lsa, o‘sha yerga «uloqtirib» ketdi. Yangam kutib turgan ekan. U bilan yig‘lab-yig‘lab janjallashdim. Bilsam, yangam meni haligi kishiga «qizning qarshiligiga umuman qarama, uning nomusi yoshligida toptalgan, kerak bo‘lsa, urib, tepib ham unga erish» — deya mening nomusim haqida unga bo‘hton so‘zlar aytib, yolg‘on gapirgan ekan. Yangam buni o‘zi tan oldi va voqeani biror kishiga aytib bersam, 4-5 yil «o‘tirib chiqib» baribir, meni o‘ldirib yuborishini, o‘zimni sharmanda qilishini aytib, qo‘rqitdi» — dedi M.

M.ning so‘ziga ko‘ra, Sh.Q. unga «Sendan kim so‘rasa, «Meni qo‘shnim O. opaning o‘g‘li F. nomusimga tegdi, deb aytasan. Shunda ular seni to‘y qilib olishadi», — dedi. Men esa bunga qarshilik qildim. Ammo, yangam voqeadan bir necha kun o‘tgach, F.ga nisbatan yolg‘on tuhmat tarqata boshladi. F. ham otasiz, yetimlikda o‘sgan. Yangam qo‘ni-qo‘shnilaru, sinfdoshlarim oldida boshimni egsa ham yana bir yetim bolaga yo‘q joydan tuhmat qilishiga yo‘l qo‘ymadim. Chunki mening ilk zo‘ravonlikka uchraganim N. degan yigitning hatti-harakati meni bir necha kundayoq, chamamda, o‘n yoshga ulg‘aytirgan edi.  O.opa mendan: «Qizim, agar o‘g‘lim seni yuzqaro qilgan bo‘lsa ayt, jazosini oladi» — dedi. Men shunda F. men bilan hech qanday munosabatda bo‘lmaganini, meni N. ismli yoshi katta erkak zo‘rlaganini, yangam tuhmat qilayotganini so‘zlab berdim. Yangam esa «rejalarimni barbod qilding» deb meni rosa kaltakladi.

Shundan so‘ng 2022 yilning 6 oktyabrida kichik akam va yangam meni o‘zim tahsil olib turgan tumandagi maktabdan chiqarib oldi. Toshkentga ko‘chib ketishimizni va poytaxtdagi maktablardan birida o‘qishimni davom ettirishimni aytib, meni shunga ko‘ndirdi...» — dedi suhbatdosh.

Aniqlik kiritilishicha, M. 2021 yilning sentyabr oyida tumandagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabidan 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qabul qilingan. Va shu bilan akasi va yangasi uning maktabda tahsil olishi uchun turli bahonalarni ro‘kach qilib, qarshilik ko‘rsatib kelishgan.

«M.ning oilasi noto‘liq oila. O‘zlashtirishi qoniqarli bo‘lsa-da, darslarga muntazam kelmay qo‘ygandi. Uning sababini aniqlash uchun tuman ichki ishlar bo‘limiga hamda tuman hokimligiga xat bilan chiqildi va shundan so‘ng uning darslarga qatnovi maktab ma’muriyati tomonidan qattiq nazoratga olindi. Biroq M. juda faol, saranjom-sarishta, kirishimli, rostgo‘y, o‘z harakatlari va aytadigan gaplarini nazorat qila oladigan, eng muhimi, o‘z emotsiyalarini boshqara oladigan qiz edi. Afsuski, qismati bir ayolning nayranglari bilan g‘aflatda qolgani haqida eshitdik»,—deydi 1-umumiy o‘rta  ta’lim maktabi direktori.

M.ning katta akasi Sh.ning so‘ziga ko‘ra, ukasi va kelini singlisi M.ni 9 oktyabr kuni poytaxtga olib ketishgan. Bir muddat ular Toshkentda yashashgan.

«Toshkentda singlimni nima ko‘yga solishgan, bilmayman. Singlim bu haqda «churq» etmaydi. O‘zim ham so‘rashga istihola qilaman. Ukam ham, u bilan noqonuniy yashab kelayotgan kelinim ham singlimni bizga ko‘rsatishga, biz bilan gaplashishga qarshilik qilishar, turli bo‘lmag‘ur so‘zlar aytib, haqoratlab tashlashardi. O‘z ukamga juda ko‘p bor, «agar seni singlim emas, unga davlat tomonidan to‘lanayotgan nafaqa qiziqtirayotgan bo‘lsa, mayli, nafaqani ol, faqat singlimni o‘zimga qaytar» deb rosa harakat qildim. Yo‘q. Ko‘nishmadi. Shunday asabiy kunlarimning birida ijtimoiy yotoqxonada yashovchi tanish ayollardan biri meni og‘ir-vazmin bo‘lishga va bir haqiqatdan tutab ketmaslikka chaqirdi. Ayol singlimning ukamning xotini tomonidan begona erkaklarga pullanayotgani, uning joni azobda qolayotgani haqida gapirib berdi. Dunyoyi jahonim kuydi. Zudlik bilan singlim o‘qiydigan maktabga borib, ichki ishlar organlariga murojaat qildim va holat bo‘yicha tezkor ekspertiza tayinlanishi lozimligini iltimos qildim... Afsuski, ayolning ogohlantiruvi haqiqat bo‘lib chiqdi»,— ko‘z yosh to‘kdi aka.

M.ning aytishicha, ilk bor nomusi toptalgandan so‘ng, kichik yangasi akasidan yashirincha qizni «o‘ldirib yuborish» vaji bilan qo‘rqitib, uni tez-tez begona erkaklarga pullay boshlagan.

«27 fevral kuni, kechki taxminan 23:00lar. Havo sovuq. Shunga qaramasdan, yangam tuman markazidagi kechki arzon bozor – «Muhtasham» ga borib,  bozor-o‘char qilib kelishimiz kerakligini aytdi. O‘zi tuni bilan isitmalab, ich-etim og‘rib chiqqan. Yo‘q, desam, yangam urib, so‘kadi. Havo sovuq. Istar-istamas yangamga ergashdim. Biz o‘tirgan mashinada ikki nafar begona odam ham bor edi. Ularni ham o‘zimiz singari yo‘lovchilar, deb o‘ylagan edim. Bozorga yetib kelganda, yangam mashinadan tushdi va yana men unga ergashib tushmoqchi edim, meni mashina ichiga durtib itarib yubordi-da «sen shular bilan ketasan!» — dedi. Hali o‘zimni eplab olmagan edim, yana ikki yigit mashinaga yopirilib kirdi. «Qarshiligiga qaramanglar, gapiga quloq solmanglar, o‘ldirib tashlab yuborsangizlar ham roziman» — dedi yangam beo‘xshov kulib. To‘rtta devday yigitlar yalinib-yolvorishlarimga quloq solishmay, mashinani yelday uchirib ketishdi. Ularga sog‘ligim yomonlashayotganini, rahm qilishlarini, yangam boshimga ko‘p kulfatlar solayotganini, hatto, ertaga qizlari shu ko‘yga tushishi mumkinligini yig‘lab, yer tepinib so‘radim. Yo‘q, rahm qilishmadi. «Ovozingni o‘chirmasang,  seni Olot cho‘llariga o‘ldirib ketamiz» — deya po‘pisa qilishdi. Yangamning 300 dollar qarzi evaziga men «tovon» ekanimni beburdlarcha so‘zlashdi»,— dedi yosh suhbatdosh yig‘lab.

Yigitlar shafqat qilishmagan. Sovuq izillab turganiga qaramay, qizni cho‘ldagi kulbalardan biriga majburlab, sudrab olib kirishgan. Qarshilik ko‘rsatganida urishgan, ich-etlariga tepishgan. Haydovchidan tashqari, uch nafar erkak 13 yoshli qizni navbatma-navbat zo‘rlashgan.

«Hammayog‘im qontalash, badanlarim ko‘kargan ko‘yi meni saharga yaqin ijtimoiy yotoqxonaga keltirib tashlashdi. Yangamning eshigini taqillatdim. Ochmadi. Shu topda onajonim bag‘rini, erkalab ovutishini juda-juda sog‘inib ketdim. O‘ksib-o‘ksib yig‘ladim. Yetim boshim nimalarni ko‘rmadi, onasizlik bunchalar og‘ir... Tirikmanmi-o‘likmanmi, bilmasdim. Hush-behush qo‘shni xolaning eshigini qoqdim. Qo‘shni xola eshigini ochdi. Uzala yiqildim. Bor hayotimni, xazon bo‘layotganimni so‘zlab berdim. Qo‘shni xola menga qo‘shilishib yig‘ladi... Hayotimni osongina kuydirishdi. O‘yinqaroq yoshimda qo‘limdan bolaligimni, «kelinsalom»  qo‘g‘irchog‘imni tortib olishdi...» — erta ulg‘aygan qizning so‘zlari yuraklarni tilmay qo‘ymadi.

Qiz katta akamga aytib bersam, u jahl ustida kichik akamning xotinini o‘ldirib qo‘ysa, keyin kimga suyanaman, deya qo‘rqib, voqealar haqida hech kimga ayta olmagan. Ichki ishlar organlarining tezkor sa’y-harakati bilan 13 yoshli qizga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani ochiqlangach, qiz katta akasi vasiyligiga o‘tkazilgan.

Qorako‘l tuman hokimi Xurshid Tohirovning 99-2-37-Q/23-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 174-moddasi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi Qonunining 10-moddasi «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 6-, 25-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 22 sentyabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi nizomning 9-,63-bandlariga hamda voyaga yetmagan M.B.ning vasiysi B.H.ning vasiylik talablarini bajarmaganligi sababli tuman hokimligi Bolalarni himoya qilish sho‘’basining 2023 yilning 11 apreldagi 34-sonli xulosasiga asosan, M.B.ga uning katta akasi Sh.S. vasiy etib belgilangan.

«Hayotimga qo‘rqinchli soya solgan cho‘l voqeasining ertasiga katta akam xabar topibdi. Avvaliga qo‘rqib ketdim. Yo‘q, Sh. akam menga xuddi otamdek muomala qildi. Men aybdor emasligimni, bolaligimdan, g‘o‘rligimdan foydalanishganini, hammasi yaxshi bo‘lishini, hali ulg‘ayib, baxtli bo‘lishimni aytdi. Opajon, iltimos, meni endi kichik akamning vasiyligiga berishmasin. Xuddi keraksiz buyumdek o‘rtada sarson bo‘ldim. Kichik akamdan ham, yangamdan ham qo‘rqaman...» — deydi yosh suhbatdosh jovdirab.

«Tashabbus» MFY raisi Boboqul Sultonovning so‘ziga ko‘ra, M. asli tumanning «Tinchlik» mahallasida tug‘ilgan. Onasining qo‘lida tarbiya topgan. Ona bir ota boshqa aka-ukalar o‘rtasida ona vafotidan so‘ng singilni vasiylikka olish sababli o‘zaro kelishmovchilik bo‘lib turgan. Ma’lum bo‘lishicha, uy-joyi yo‘qligi uchun Sh.S. «Tashabbus» mahallasidan uylangan va hozirda ichkuyov bo‘lib yashaydi. Ukasi B.H. esa ijtimoiy yotoqxonada vaqtincha yashab kelmoqda.

«Qizning vasiylik masalasini hal qilish yuzasidan ancha murosalar kelib chiqqach, mahallada yig‘ilish o‘tkazilgan va qiz bevosita ukaga vasiylikka qoldirilgan. Afsuski, bir yengil tabiatli ayolning nayranglari bilan hali voyaga yetmagan 13 yoshli qiz bir guruh olotlik yigitlar tomonidan qishning sovug‘ida, ustiga-ustak uzoq cho‘l hududida zo‘ravonlikka uchragan. Rossiya Federatsiyasidan ishdan qaytgan Sh. esa singlisining bunday qismatga uchraganini eshitib, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish da’vosi bilan chiqqan. Sh. odobli, og‘ir, bosiq, mahallamizning namunali yigitlaridan.  Ukasi B. esa uning teskarisi. O‘ta bevosh yigit. Voqeani eshitib, o‘z qizimni uning o‘rniga qo‘yib, xo‘rligim kelib, yig‘lab yubordim. B.ning xotini ham nafratga, har qanday jazoga munosib», — deydi Boboqul Sultonov.

Sh.S. bilan suhbatimiz chog‘ida derazadan M.ni kuzatar ekanmiz, uning jiyanlari bilan lanka tepishib, «beshtosh» o‘ynab, hovlida  chopqillashib yurganiga ko‘zimiz tushdi: bir qarashda zo‘ravonliklardan erta ulg‘aygan qizaloqni bolalikning g‘o‘r, o‘yinqaroq damlari hali tark etmaganiga guvoh bo‘lasiz. Chunki u hali go‘dak. U hali voyaga yetmagan. Bilib turib, voyaga yetmagan qiz uvoliga qolganlar qonun oldida javobgardirlar.

«Holat yuzasidan yuzasidan Buxoro viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish), 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish, o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ayni paytda, 13 yoshli qizni cho‘lga olib chiqib, unga zo‘ravonlik qilganlikda gumonlangan uch shaxs hamda haydovchi ushlangan va qamoqqa saqlanmoqda. Yana bu ishga dahldorlar bor-yo‘qligi tajribali tergovchi tomonidan aniqlanmoqda. Barcha jarayonlar qonun doirasida, haqqoniy olib boriladi. Tergov yakuni bo‘yicha qonunda belgilangan tartibda aybdorlarga nisbatan jazo choralari qo‘llaniladi»,— dedi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

«Ha, aybdorlar ushlanyapti. Qonun posbonlari tomonidan olib borilayotgan ishlardan minnatdorman. Har bir holat to‘liq va shaffof aniqlanyapti. Ulardan singlimning hayotini o‘yinchoqqa aylantirgan va uni o‘z manfaati yo‘lida pullagan kelinim Sh.Q.ga hamda ilk bor uning nomusini toptagan asosiy pedofil N.ga nisbatan ham ish qo‘zg‘atilishini so‘rayman», — deydi Sh.S.

Qorako‘l tumani hokimi o‘rinbosari Salomat Komilova «Xabar.uz» muxbiri bilan suhbatda bu oiladan tez-tez xabar olib turishganini bildirgan.

«Har ikki oila bilan ham suhbatlashganman. M.ning katta akasi va yangasi U.judayam ibratli oila. Kichik akasi B. ham yomon yigit emas, singlisining tarbiyasini o‘z bo‘yniga olishini aytgan edi. Bir necha bor ular yashayotgan ijtimoiy yotoqxonaga borib, xabar olganmiz, biror marta muammolari haqida gapirmagan. M. aqlli, esli-hushli qiz edi. Uning yurish-turishida umuman, yengiltaklik kuzatilmagan. Ammo, qiz bilan suhbatlashganimizda, u yangasi Sh.Q.ning hatti-harakatlari tufayli shunday ko‘yga tushganini bildirdi. Hozir bilishimizcha, tergov-surishtiruv harakatlari olib borilayapti. Albatta, jinoyatga dahldor barcha shaxslar qilmishiga yarasha jazosini olishi kerak»,— dedi Salomat Komilova.

«Eski qal’a» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nabi Ro‘ziyev esa holatga e’tiborsiz, panja ortidan qarab kelgan. Boshqa mahalla fuqarolari sanalgan M.ning kichik akasi va yangasi vaqtincha shu hududdagi ijtimoiy yotoqxonada vaqtincha yashab kelayotgani bois, ular holidan xabar olishni shart, deb bilmagan.

«Voqea haqida eshitganman. Ammo ularning oilasiga bu masala bo‘yicha borganim ham, holatni o‘rganganim ham yo‘q!» — deydi mahalla raisi.

«Axir holat vaqtincha bo‘lsa ham sizning hududda istiqomat qilib kelayotgan fuqaro tomonidan yuzaga keltirilgani aytilmoqda» —deymiz.

«To‘g‘ri, ammo men uni tanimayman ham, hali gaplashib ham ulgurmagan. Bundan tashqari, voqea Olot cho‘lida sodir bo‘lgan. Bu bizga tegishli emas...», — degan mahalla raisining keyingi javobidan ham hayratda qoldik. 

Mahalla raisining qariyb uch oydan buyon jilla qursa, muammoning kelib chiqishi sababi bilan qiziqmagani, voyaga yetmagan qizning nima sababdan maktabga bormay qo‘ygani, alaloqibat zo‘ravonlikka uchragandan keyin ham so‘roqlamaganini qanday izohlash mumkin?! Mana shunday ayrim mas’ullarning e’tiborsizligi chekka tumanda bu kabi muammolarning urchishiga sabab bo‘lmay qolmagan.

«Ushbu ijtimoiy yotoqxonada yengiltabiatli ayollar juda ko‘p. Sh.Q. ham shunday ayollardan. Afsuski, biz hammani qamrab ololmaymiz. Xuddi shuningdek, akasi B.H. ham juda ko‘p fuqarolarni aldab, pullarini olib, qarz va birovlar haqi evaziga umrguzaronlik qilib kelgan. Sh.Q. ham bir necha marotaba o‘zining noqonuniy hatti-harkatlari uchun jarimalarga tortilgan, qo‘ni-qo‘shnilar bilan ko‘p bor kelishmovchilik keltirib chiqargan. Ko‘chadagi 80 foiz do‘kondorlardan qarzdor, hammani «uxlatib» ketaverishadi. M. ham ana shunday muhitda bir muddat yashagan va ular ta’sirida qolgan. Uning achchiq qismatiga kennoyisining yurish-turishlari, akasining esa befarqligi sababchi»,— deydi.

Ma’lumot o‘rnida: Bundan ilgariroq pedofillarga jazo kuchaytirilishi, ularni kimyoviy va jismoniy bichish amaliyoti qo‘llanilishi xususida muhokamalar o‘rtaga tashlangan edi. 

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring