Davlat xaridlarida narxlarni sun’iy oshirishga cheklov qo‘yiladi
Prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–1155-son Qonun bilan davlat xaridlari sohasiga qator muhim o‘zgartishlar kiritildi.
Xususan, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 33-moddasi davlat xaridlarida sotib olinadigan tovarlar va xizmatlar narxi hamda ularning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan aniq chegarasini belgilashga oid yangi normalar bilan to‘ldirildi.
Endilikda davlat buyurtmachilari davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlar va xizmatlar narxi hamda ularning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovut bo‘yicha belgilanadigan talablarga qat’iy rioya qilishi shart bo‘ladi.
Qonun bilan «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks»ga ham qo‘shimcha kiritildi. Unga muvofiq, davlat xaridi predmetining boshlang‘ich narxi bilan uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida yo‘l qo‘yiladigan tafovutning eng ko‘p miqdoriga nisbatan belgilangan talabni buzgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha jarima qo‘llaniladi.
Qonunga muvofiq, davlat xaridlarida tovar va xizmatlarning o‘rtacha bozor narxini o‘rganish va aniqlash, boshlang‘ich narx hamda bozor narxi o‘rtasidagi eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan tafovut chegarasini belgilash tartibi alohida ishlab chiqiladi.
Shuningdek, narxlarning shakllantirilishi yuzasidan nazorat o‘rnatish mexanizmi ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch oy muddatda tasdiqlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter