Profilaktika inspektori Po‘lat Bobojonovga murojaat bilan chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani Baynalminal MFY profilaktika inspektori lavozimida ishlagan Nozimjon Nishonov Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga videomurojaat bilan chiqdi.
Unda Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosarining profilaktika inspektorlariga nisbatan noqonuniy hatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qiladi.
Uning aytishicha, IIB boshlig‘i o‘rinbosari shaxsiy manfaatlari yo‘lida profilaktika inspektorlari uchun kunlik 55 ming so‘mlik «soliq» joriy qilgan. Shuningdek, yuz bosh qoramol uchun qurayotgan molxonasiga kerakli qurilish materiallarini profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklagan.
Murojaatchining qayd etishicha, mayor har kuni profilaktika inspektorlariga bittadan mashinani jarima maydoniga, beshtadan mashina uchun jarima dalolatnomasi tuzishni majburiy reja qilib bergan (buni isbotlovchi audio dalil mavjudligi aytiladi). Bu rejani bajara olmagan profilaktika inspektorlari yarim kechasigacha ushlab turilgan.
Mayorning bu noqonuniy xatti-harakatlariga Quva tuman IIB boshlig‘i biror chora ko‘rmagan.
Shuningdek, Quva tuman IIBda noqonuniy ravishda ichki tekshiruv va tadbirlar o‘tkazib kelingan.
IIB boshlig‘i o‘rinbosari tuman hokimi o‘rinbosarini kaltaklab ham hech qanday jazosiz qolgani aytiladi.
Shaxsiy tarkib xodimlari bir necha marta mayorning noqonuniy harakatlari yuzasidan tuman IIB rahbariyatiga, viloyat IIB rahbariyatiga anonim tarzda murojat qilishgan, ammo ular javobsiz qoldirilgan.
Murojaatchi video murojat so‘nggida mayorning harakatlariga Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov chora ko‘rishini so‘rab, so‘zlarining isboti sifatida qo‘lida audio yozuv borligini ta’kidlab o‘tgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter