Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Dollar 241 yoshda dunyoni qanday titratmoqda?

Dollar 241 yoshda dunyoni qanday titratmoqda?

6-iyul — jahon moliya tizimining mutloq yetakchisi, xalqaro hisob-kitoblarning "qiroli" hisoblangan AQSh dollarining rasmiy tug‘ilgan kuni. 1785-yilning aynan shu kunida AQSh Kontinental kongressi dollarni mamlakatning rasmiy pul birligi deb e’lon qilgan edi. Bugungi kunda global inqirozlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va raqamli valyutalarning faollashuviga qaramay, dollar jahon iqtisodiyotining asosiy tayanchi va xavfsiz moliya panohi bo‘lib qolmoqda.

Dollar so‘zining kelib chiqishi ko‘pchilik o‘ylagandek Shimoliy Amerikaning o‘ziga emas, balki XVI asr Yevropasiga borib taqaladi. Chexiyaning Yoaximstal (hozirgi Yaximov) vodiysida zarb etilgan yuqori sifatli kumush tangalar "yoaximstaler" deb atalgan, keyinchalik bu nom qisqarib "taler" ko‘rinishini olgan.

Ushbu valyuta nomi turli tillarda turlicha transformatsiyaga uchradi, jumladan, gollandlarda "daler", inglizlarda esa "dollar" shakliga keldi. Amerika mustamlakachilari qit’ada keng tarqalgan ispan kumush tangalarini (peso) aynan dollar deb atay boshlashgan va keyinchalik mustaqillikni qo‘lga kiritgan yangi davlat bu nomni rasman o‘ziniki qilib oldi.

AQSh dollari tashkil etilganining dastlabki asrida shunchaki bir mintaqaviy valyuta hisoblangan bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushi uning taqdirini butunlay o‘zgartirib yubordi.  1971 yilda AQSh prezidenti Richard Nikson dollar poydevorini oltin bilan ta’minlashni bir tomonlama to‘xtatgan bo‘lsada, bu dollarni kuchsizlantirmadi. Aksincha, 1970 yillar o‘rtalarida Saudiya Arabistoni va OPEK bilan erishilgan kelishuv (neftni faqat dollarga sotish tizimi) valyutaning global talabini mutloq va muqobilsiz darajaga ko‘tardi.

AQSh Federal rezerv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda barcha bosib chiqarilgan naqd dollarlarning 70 foizdan ortig‘i Qo‘shma Shtatlar hududidan tashqarida muomalada bo‘ladi. Bu esa dollarni nafaqat iqtisodiy, balki kuchli geosiyosiy ta’sir quroliga ham aylantirgan.

So‘nggi paytlarda "dedollarizatsiya" (dollardan voz kechish) va muqobil valyutalarni joriy etish haqidagi siyosiy bayonotlar ko‘paygan bo‘lsada, real xalqaro statistika dollarning gegemonligi hali ham mustahkam ekanini ko‘rsatmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, dunyo mamlakatlari Markaziy banklarining valyuta zaxiralarining qariyb 60 foizi hali ham dollarda saqlanadi. Shu bilan birga, SWIFT tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bo‘ylab banklararo pul o‘tkazmalari va tranzaksiyalarning 47-48 foizi aynan dollar hisobiga to‘g‘ri keladi. Dunyo miqyosidagi umumiy eksport-import shartnomalari va valyuta konvertatsiyalarining qariyb 85-90 foizida dollar bevosita ishtirok etadi.

Eng asosiysi, har qanday global inqiroz, pandemiya yoki geosiyosiy to‘qnashuvlar davrida dunyo investorlari o‘z kapitallarini saqlab qolish uchun birinchi navbatda aynan dollardan foydalanishadi. Bu moliya tizimida xavfsiz boshpana fenomeni deb ataladi.

O‘ziga xos yashil rangi tufayli global moliya olamida "Greenback" laqabini olgan ushbu valyuta doimiy ravishda soxtalashtirishga qarshi eng ilg‘or texnologiyalar bilan himoyalanib kelmoqda.

Bugungi kunda moliya bozori faqat qog‘oz ko‘rinishidan iborat emas. Markaziy banklarning raqamli valyutalari va kriptoaktivlar davri boshlanayotgan bir paytda, AQSh hukumati ham dollarning global ustunligini saqlab qolish uchun "Raqamli dollar" (Digital Dollar) loyihasi ustida jiddiy ilmiy va texnologik sinovlarni amalga oshirmoqda.

Dollar 241 yillik rivojlanish tarixi davomida shunchaki bir davlatning pul birligidan global iqtisodiyotning asosiy qon aylanish tizimiga aylandi. Uning barqarorligi yoki tebranishi nafaqat Uoll-stritga, balki dunyoning chekka nuqtasidagi oddiy tadbirkor va iste’molchining ham hamyoniga bevosita ta’sir qiladi.

Bugungi kunda AQSh dollari nafaqat tarixiy maqom, balki global inqirozlar sharoitidagi kuchli moliyaviy instrument sifatida ham yangi sinovlardan o‘tmoqda. Professional moliyachi va tahlilchilar nigohi bilan qaraganda, dollarning qadri va inflyasiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni bir nechta muhim omillar belgilab beradi.

Dollar dunyodagi asosiy savdo valyutasi bo‘lgani sababli, Amerika inflyasiyasi boshqa rivojlanayotgan davlatlarga ham import qilinadign inflyasiya sifatida kirib boradi. Ya’ni, jahon bozorida xomashyo, neft va oziq-ovqat narxlari dollarda belgilangani bois, dollarning xarid qobiliyati pasayishi avtomatik ravishda boshqa mamlakatlarda ham narx-navoning ko‘tarilishiga olib keladi.

Bu jarayon rivojlanayotgan davlatlar bozoridan kapitalning chiqib ketishiga va ularning milliy valyutalari dollar qarshisida qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada, AQSh ichida dollarning xarid qobiliyati inflyasiya tufayli biroz pasaysada, tashqi dunyoda u boshqa valyutalarga nisbatan yanada kuchliroq va qimmatroq bo‘lib oladi.

Dunyoda geosiyosiy to‘qnashuvlar yoki global retsessiya xavfi ortgan sari, dollar indeksi (DXY — dollarning 6 ta asosiy dunyo valyutalariga nisbatan kursi) yuqorilaydi.  Ya’ni, inflyasiya dollarning real qiymatini yemirishi mumkin, ammo ishonchlilik bobida unga teng keladigan muqobil tizim hali yaratilmagani uchun, u baribir eng likvid aktiv sifatida tanlanaveradi.

Bugungi kunda Markaziy banklar oltin sotib olishni ko‘paytirgani va transchegaraviy hisob-kitoblarda milliy valyutalardan foydalanishga intilayotgani rost. Biroq, moliyaviy tahlil ko‘rsatadiki, dollar qadrining keskin tushib ketishiga yaqin orada yo‘l qo‘yilmaydi. Buning sababi — dunyodagi jami qarzdorlik majburiyatlarining (ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarning tashqi qarzlari) katta qismi dollarda nominatsiya qilingan. Dollar tizimining zaiflashuvi global qarz inqirozini boshlab yuborishi mumkin, bundan esa hech qaysi yirik iqtisodiy markaz manfaatdor emas.

Hozirda dollar ikkiyoqlama bosim ostida, ichki inflyasiya uning real xarid qobiliyatini pasaytirmoqda, ammo global moliyaviy beqarorlik va yuqori stavkalar uning tashqi kursini baland ushlab turibdi. Moliyaviy aktivlarni diversifikatsiya qilish trendda bo‘lsa-da, yaqin istiqbolda dollar tizimli barqarorlik omili va xalqaro zaxiralarning poydevori bo‘lib qolishda davom etadi.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring