Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashkil etildi
Joriy yil 30-oktyabrda imzolangan «Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–201-son farmon bilan strategik rejalashtirish sohasida boshqaruv tizimi takomillashtiriladi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar qayta tashkil etiladi:
- Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib;
- Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib;
- Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib.
Muvofiqlashtiruvchi kengash vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash 1- va 2-darajali strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.
Bunda ma’qullangan loyihalar ko‘rib chiqish uchun Prezidentga kiritiladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashni o‘z ichiga olgan strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etiladi.
Strategik rejalashtirish hujjatlarining iyerarxiyasi quyidagi tartibda belgilanadi:
- 1-darajali hujjatlar konsepsiyalar shaklida;
- 2-darajali hujjatlar strategiyalar shaklida;
- 3-darajali hujjatlar dasturlar («yo‘l xaritalari», chora-tadbirlar rejalari) shaklida qabul qilinadi.
Bunda:
- 1-darajali hujjatlar 7 yildan ortiq muddatga ishlab chiqiladi va qoida tariqasida qonunlar bilan tasdiqlanadi;
- 2-darajali hujjatlar 4 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
- 3-darajali hujjatlari 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tasdiqlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter