Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yil boshidan buyon 300 nafardan ortiq talaba jinoyatga qo‘l urgan

Yil boshidan buyon 300 nafardan ortiq talaba jinoyatga qo‘l urgan

2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan. 2025-yilning 6 oyi davomida esa 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 ta talabasi jinoyatga qo‘l urgan.

Senatning 10-yalpi majlisida bu haqdagi masala ko‘tarildi va talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan.

Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashini yetarli darajada monitoring qilinmaganligi oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, ya’ni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi «Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 563-sonli qarorida tyutorlarni biriktirish tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan ushbu talabga rioya qilinmagan.

Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo‘lishi ustidan nazorat yetarli darajada emas.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Bu esa, aholining haqli e’tirozlari ko‘payishiga, adolatsizliklar yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishiga sabab bo‘layotganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Manba: senat.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring