Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2030-yilga borib pilla yetishtirish 36 ming tonnagacha oshadi

2030-yilga borib pilla yetishtirish 36 ming tonnagacha oshadi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ipakchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda ipakchilik va pillachilik aholini daromadli ish bilan ta’minlash, qishloq joylarda bandlikni oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Lekin ozuqa bazasidan boshlab pillani chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda to‘planib qolgan muammolar soha salohiyatini to‘liq ishga solishga to‘sqinlik qilmoqda.

Xususan, ipak qurti urug‘ining salmoqli qismi import hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Mahalliy urug‘dan foydalanish darajasini 2030-yilgacha 75 foizga yetkazish imkoni borligi, buning uchun naslli urug‘chilik stansiyalari faoliyatini tiklash zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi naslli urug‘chilik stansiyalarida elita urug‘lar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, mavjud 10 ta ipak qurti urug‘chilik korxonasiga qo‘shimcha joriy yilda Buxoro va Namanganda 2 ta yangi urug‘chilik korxonasini, 2027-2029 yillarda Toshkent, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 4 ta yangi korxona tashkil etish rejalari haqida axborot berildi.

Naslchilik va urug‘chilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, mavsumiy ishchilar mehnatiga haq to‘lash xarajatining yarmini qoplab berish hamda ularning faoliyatini daromad va ijtimoiy soliq ob’yekti sifatida hisoblamaslik taklif etildi.

Pilla sifatini oshirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ozuqa bazasini 2026-2030 yillarda bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, 8 ming gektarda yangi tutzorlar barpo qilish, 41,5 ming gektar maydonda yakka qator tut ko‘chatlarini ekish, 15 ming gektardagi tutzorlarni rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Buning natijasida 2030 yilga qadar 200 millionta tut ko‘chatlari ekilishi va ozuqa bazasi 30 foizga oshishi kutilmoqda.

Pilla yetishtirish hajmlari ozuqa bazasini tahlil qilish asosida prognozlashtiriladi. Xususan, 2026 yilda 30 ming tonna, 2030 yilga borib, 36 ming tonna pilla yetishtirishga chiqish reja qilinmoqda.

Sohadagi ishlar yangi tizim asosida tashkil etiladi. “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat va tuman “Agropilla” tuzilmalari, ipakchilik klasterlari o‘zaro muvofiqlashgan tarzda ish yuritib, yangi tutzorlarni tashkil etishdan tortib, yetishtirilgan pillani sotib olishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda fermerlar, kasanachilar va qurt boquvchilar ishini tashkil etadi hamda ularga ko‘maklashadi.

Kam daromadli, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni pillachilikka jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, joriy yildan boshlab “mahalla yettiligi” orqali aholiga 1 kilogramm pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya, parvarishlash jihozlari va uskunalar xaridiga 20 million so‘mgacha ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Pillachilikda sanoat usulini kengaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozirda pillaning asosiy qismi xonadon sharoitida yetishtirilayotgani qayd etilar ekan, maxsus qurtxonalar tashkil etish orqali hajm va sifat barqarorligini ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi. Klasterlar tomonidan qurtxonalarni qurish va ishga tushirishni rag‘batlantirish, shu jumladan, qurtxonalarni yer va mol-mulk solig‘idan 2029 yil 1 yanvarga qadar ozod qilish taklif qilindi.

Eksport va qo‘shilgan qiymatni oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ayni paytda mahalliy pilladan yuqori sifatli xom ipak olish va uni qayta ishlash ulushi pastligicha qolayotgani qayd etildi. Sifatni oshirish va chuqur qayta ishlashni kengaytirish hisobiga eksport tushumlarini 250 million dollargacha oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 2030 yilga qadar umumiy qiymati 200 million dollarlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish xom ipakni qayta ishlash hajmini 3 ming tonna va darajasini 75 foizga yetkazib, 18,5 million pogon metr ipak mato ishlab chiqarish imkonini beradi.

Eksportda tayyor mahsulot ulushini oshirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, milliy brendlarni shakllantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilab olindi.

Sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish zarurligi qayd etildi. Ozuqa bazasining hisobi, korxonalar reyestri, sohadagi hisobotlar va hisob-kitoblarni elektron shaklda yuritish, urug‘lik va pilla xomashyosi hajmlari, pilla qabul qilish punktlarini real vaqt rejimida monitoring qilish jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot tizimi ishlab chiqilishi belgilandi.

Prezidentimiz ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ma’qullab, ozuqa bazasini mustahkamlash, mahalliy urug‘chilikni kengaytirish, sanoat usulini joriy etish va tayyor mahsulot ulushini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring