Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

10 million so‘m tejaldi…

10 million so‘m tejaldi…

Foto: «Xabar.uz»

2018-yil 6-aprel kuni Respublika mahallalar kengashi tashabbusi bilan Bo‘z tumani «Sariqjo‘ga» mahalla fuqarolar yig‘ini Mehnatkashlar ko‘chasi 28-uyda istiqomat qiluvchi Shavkatbek Tog‘ayev va Mavluda Tog‘ayevalar xonadonida namunali to‘y o‘tkazildi.

1987-yilda tug‘ilgan Sherzodbek Tog‘ayev shu tumandagi «Bo‘ston» mahallasidan Zilola Nasriddinovaga uylandi. Barcha marosimlar ixchamlashtirilgan va dabdabayu asasadan holi ruhda o‘tkazildi.

Quda tomonlar o‘zaro kelishib, boshni boshga qo‘yib, uy sharoitida joy hozirlashdi va bazmga aytilganlar soni 100 nafardan ortmadi. To‘yda mahalliy san’atkor ishtirok etdi, hamrohlik qiluvchi avtomobillar soni 2 tadan oshmadi. Tuman hokimligi, Mahalla kengashi, Yoshlar Ittifoqi, FXDYo, Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan yosh oilaga moddiy va ma’naviy ko‘mak sifatida kir yuvish mashinasi, kitoblar to‘plami, kelinga uch oylik kompyuter o‘qitish kursiga bepul yo‘llanma taqdim etildi.

— Har bandani to‘ylarga yetkazsin, — deydi yigitning onasi Mavluda Tog‘ayeva quvonchini ichiga sig‘dira olmay. — Xursandchiligimiz cheksiz. Kelin emas, qiz bo‘lsin. Mahalla-kuy, oqsaqollar suhbatlarga chaqirib, to‘yda isrofgarchilik va ortiqcha dabdababozliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qayta-qayta tushuntirishdi. Quda-anda va yaqinlar bilan maslahatlashib, kamchiqimlik o‘zimizga ham ma’qulligini bildirdik. Boshida atrofdagilar nima deydi, degan istihola ham yo‘q emasdi. Prezidentimizning talabi bizga dalda va ishonch bo‘ldi. Adashmasam, 10 millioncha pulni tejab qoldik. Ishlatilsa, mablag‘ suvdek oqadi, ammo tejoqli ish — bejoqli ish deyishadi. Bu pulni joyida sarflasa, yangi oila uchun bir yillik kapital-ku.  

Foto: «Xabar.uz»

— To‘ylar bobida musulmonchilik va insof chegarasidan chiqib ketgan edik. Xudoga xush kelmaydigan manmanlikka va hoyu-havasga, kibrga berildik. — deydi Bo‘z tumani bosh imom xatibi Abdulahad Tojiboyev. — Kuyov bolaning otasini yaxshi taniyman. 1 ta o‘g‘li va 2 ta qizi bor. Haydovchilik kasbi ortidan halol mehnati va peshona teriga pul topib, avvalroq 2 ta qizini chiqargan edi. Ranggi chiqmay qolgandi. Bu to‘ydan avval Mahalla kengashi va faollari bilan kuyov va kelin majburiyatlari, oilaning vazifasi haqida tushuntirdik. Qiz olib kelajak molu davlatidan umidvorlik na islomga, na milliy g‘ururimizga to‘g‘ri keladi. Avvallari tavsiyalarimiz juma nomozlarida aytiladigan vazn, oddiy nazariy gap bo‘lib qolayotgan edi. Ijrosi uchun hech kim o‘zida mas’ullikni sezmadi. Endi esa jamoat nazorati asosida bo‘layotgan to‘ylarga bevosita borib, ularda ishtirok etayapmiz, haddidan oshganlarni tartibga chaqirib qo‘yishga qurbimiz yetadi, qonuniy asosi ham yaratilmoqda.    

— Ikki yosh oila qurish uchun ariza berganida obdon gaplashib oldik. Kelin bo‘lmish Zilola Nasriddinova kasb-hunar kollejini tugatib, chevarchilik kasbi bilan shug‘ullanadi, — deydi Andijon viloyati FXDYo tizimi xodimi Xulkaroy Begmatova. — Yoshlar Ittifoqi imkon berayotgan kompyuter kurslarida o‘qisa, ishga joylashish masalasini ham ko‘rib, ijodiy hal qilib beramiz. FXDYoga qudalarni chaqirib, qo‘ydi-chiqdilarni kamaytirish, sarpo-suruqlar va boshqa berdi-berdilarga barham berish bo‘yicha aytdik. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, to‘yda sarflar 4 milliondan oshmadi. Ko‘rib turibsizki, to‘y egalari rozi. Oila mustahkam va ahil bo‘lsa, biz ham rozimiz.

2017-yilda Bo‘z tumanida 685 ta nikohlar qayd etilgan bo‘lsa, shundan ajrimlar 75 ta, shundan 34 tasi sud orqali bo‘ldi. Joriy yilning 3 oyida esa 62 nikoh holati, 16 ta ajrim belgilandi. Ko‘rinib turganidek, ushbu yilda ajrimlar ulushi 25 foizdan ham ortiqni tashkil qilmoqda. Shuncha sarf-xarajat qilingan to‘ydan keyin har to‘rt oilaning bittasi barbod bo‘lishi haqiqiy fojea emasmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring