Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Achchiq, ammo ochiq haqiqat...

Achchiq, ammo ochiq haqiqat...

Foto: «Xabar.uz»

Zamon o‘zgaryapti. Bo‘layotgan yangiliklar, yangilanishlarni ko‘rib ko‘rmaslikka olish g‘irt nodonlik. Ayrim hamkasblarimiz bu o‘zgarishlardan ruhlanib, hayajonlanib, bugungi kunni «o‘tgan chorak asr»ga solishtirib, yer bilan osmoncha farqlarni sanashni ham boshlashdi. Bu kimgadir yoqdi, kimgadir yoqmadi. Ayrim asabi bo‘shroq «follover»lar (xato yozmadimmi ishqilib?) chaparasta «kommentlarni» ayamay yog‘dirishdi. «Nimaga undoq? Nimaga bundoq?»

Rosti, men hech kimni qoralamoqchi ham oqlamoqchi ham emasman. Faqat asabni asrash, fe’lni sal kengroq qilishni eslatib o‘tmoqchiman xolos.

Tarixdan xabaringiz bor, ming yilcha ilgari buyuk mutafakkir Abulqosim Firdavsiy o‘zining «Shohnomasi»ni bitgandi. Muallif uni yozishni boshlaganda davlat tepasida Somoniylar atalmish sulola hukmron edi. Shoir bu shoh asarni hukmdorga bag‘ishlab, shu mehnatiga yarasha in’omdan ham sal-pal umidvor edi. Ammo palakatni qarangki, shoh asar tugay deb turganda, «shoh»ning o‘zi «mot» bo‘ldi. Falakaning gardishi bilan G‘aznaviylar atalmish sulola Somoniylarga «kisht» berib qoldi-ku? Shoir esa o‘z asari ustida oz emas ko‘p emas o‘ttiz besh yil ter to‘kib qo‘ygan...

Muallif bag‘ishlov qismini o‘zgartirdi-da, o‘sha yeriga Mahmud G‘aznaviyni sharaflab, kitobni Sulton huzuriga olib bordi. Har qalay forsiy sulolalar tarixiga bag‘ishlangan bu buyuk asar turkiy hukmdorga yoqmadimi, shoirning yashirin tadbiridan xabar topdimi, yo shunchaki ziqnalik qildimi, Mahmud G‘aznaviy va’da qilingan 60 ming oltin tanga o‘rniga 60 ming kumush tanga berishni buyurgan ekan. (Taqqos uchun: bugun oltinning kumushga nisbati ellikka bir).


Mavzuga doir:
Butlarni sindiring!


Zamonlar o‘tdi. Fotihlar fath etishdi, zobitlar zabt etishdi.

Chingiziylardan qolgan vayronalar o‘rniga sohibqiron Amir Temur yangi davlat barpo etdi. Adabiyot va san’at gullab yashnadi. Sohibqironning zafarli yurishlarini olqishlovchi asarlar bitildi. Uning avlodlari ham imkon qadar ijod ahliga g‘amxo‘rlik qilishdi (ijodning har doim moddiy va ma’naviy rag‘batga ehtiyoji bor).

Xushkalom shoirlarimiz temuriyzoda hukmdorlarni maqtab benazir qasidalar, dostonlar bitdilar:

Sevunsun xisravi oliy guhar sulton Ulug‘bekkim,

Shahanshoh Shohruhbektek shahi xisrav nishon keldi,

— deyiladi ana shunday qasidalarning birida.

Ammo, zamon charxpalagi aylanaverdi. Vaqti kelib, Temuriylar saltanatining poydevori zil keldi. Ichki nizolar, o‘zaro kelishmovchiliklar buyuk sulolani yemirib bitirdi. Bobur Mirzodek ma’rifatli hukmdorlar «Hind sori yuzlangach», davlat Shayboniyxon qo‘liga o‘tdi. Tarixiy kitoblarda Temuriylarning aybu nuqsonlari ayamay «fosh etildi». Yangi shahanshoh «imomi zamon, xalifai rahmon» deya sharaflandi. Unga atab «Shayboniynoma»lar bitildi.

Davlati Oli Temur ketgusidir,

Navbat o‘zga kishiga yetkusidur,

— deya ketganlarga tosh otilib, kelganlarga gul tutildi.

Zamonlar o‘tdi, fotihlar zobitlar kelib ketaverdi. Tamoyillar esa o‘zgarmadi.

Chor hukmdorlari mulkimizni tamomila qo‘lga olishdi. Matbuot, gazeta jurnal degan gaplar paydo bo‘ldi. Mahalliy tilda ilk bor chiqqan «Turkiston viloyatining gazeti»da «imparato‘r hazrati oliylari», «ginirol-gubirnato‘r zoti oliylari»ga bag‘ishlangan sahifa-sahifa maqolalar chop etildi.

Ammo Oqpodshoning taxti ham omonat ekan. Yurtimiz uzra Inqilob quyoshi porladi. Shoirlarimiz «Chiqdi erkning quyoshi, tindi mazlum ko‘z yoshi» degan mazmundagi madhiyalar yozdilar. O‘tmish sarqitlari obdon qoralandi. «Kim edik tarixda biz, nomi yo‘q qashshoq gado...»

Xullas yetmish yil «xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik hukm surgan, yer o‘zidan eng adolatparvar, farovon, go‘zal va bepoyon mamlakatda» yashadik. Maktablarda «o‘qing a’lo, bo‘ling dono, degan bizga Lenin bobo» degan she’rlarni o‘qib savob chiqardik.

Ammo kunlarning birida... «xalqimizning asriy orzulari ushaldi». «Yetmish yillik ma’nan qullikda, gumrohlikda, asirlikla yashaganimizni angladik». Yana kitoblar bitildi, qasidalar yozildi. Tarixlar yangilandi.

Bugun esa... Ha mayli...


Mavzuga doir:
Prezident maqtovga muhtojmi yoki laganbardorlik va maddohlik haddan oshganda...


Aytmoqchimizki, oldin ham shunday bo‘lib kelgan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qolsa kerak. Ajablanishga ham g‘azablanishga ham hojat yo‘q.

To‘g‘ri, har qanday zamonda haqiqatni yuziga tik boqqan, rost gapni aytishdan yozishdan chekinmagan otashqalb shoiru mutafakkirlar ham bo‘lgan. . Ammo ularning qismati nima bilan tugaganini yaxshi bilamiz. Xallojlar nimtalandi, nasimiylarning terisi shilindi. brunolar kuydirildi, mashrablar dorga tortildi, cho‘lponu qodiriylar peshonasidan otildi...

O‘tganlarni Alloh rahmat qilsin! Ularni qoralashdan foyda yo‘q, Ular qilar ishlarini qilib ketdilar. Bugungi kunning esa, foydasiz maqtovlarga, hamdu sanolarga ehtiyoji yo‘q.

Bugun haq gapni aytganingiz uchun hech kim sizni nimtalamaydi, teringizni shilmaydi, o‘tga yoqmaydi, dorga tortmaydi, peshonangizdan otmaydi. Shunday ekan, «avvalgilarga o‘xshamas»dan bor gapni, bo‘yab bejamasdan, bugungi yutuqlarni ko‘pirtirmasdan, o‘tgan kunlarni qoralamasdan, borini boricha aytaylik, yozaylik azizlar.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring