Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ajdodlar xotirasi narxi

Ajdodlar xotirasi narxi

Foto: «Xabar.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasidagi qurilish ushbu hudud va boshqa yer uchastkalarini investorlarga sotish hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilayotganiga munosabat bildirdi.

Gazeta.uz yozishicha, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3 apreldagi 178-sonli qarori bilan «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi hududidagi ob’yektlar qurilishi poytaxt hokimligining mahalliy budjeti va boshqa hududlardagi yer uchastkalarini investorlarga sotish hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda ekan.

Lekin qaror uchun asos qilib olingan davlatimiz rahbarining «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5598-farmoyishida «Shahidlar xotirasi» maydonida amalga oshiriladigan qurilish tadbirlari uchun davlat budjeti hamda grant va homiy mablag‘lari moliyalashtirish manbalari sifatida keltirilgan.

Qolaversa, farmoyishga majmuada faqatgina ramziy kitob yaratish va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlari uchun alohida xizmat binosini qurish belgilangan. Qandaydur maishiy xizmat binolari yoki savdo do‘konlari, WiFi hududlari yoki amfiteatr qurish umuman ko‘zda tutilmagan.

Shuningdek, Prezidentimizning Yer munosabatlarini tartibga solishga oid 8 iyundagi PF-6243-sonli Farmoniga asosan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni sotilishi faqat elektron onlayn-auksion orqali bo‘lishi belgilangan bo‘lib, Farmon rasman e’lon qilingan kundan boshlab qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar mazkur Farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatilgan. Shundan kelib chiqib, VM qarorida investorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi  ko‘zda tutilgan yerlar savdosi to‘xtalishi kerak emasmi? (agar Farmon chiqquncha sotib ulgurulmagan bo‘lsa albatta).

Bundan tashqari, VMning 2019 yil 4 oktyabrdagi «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, Toshkent shahridagi «Shahidlar xotirasi» xiyoboni moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yekti sifatida qayd etilgan.

2019 yil 30 avgustda qabul qilingan 560-sonli qonun bilan esa davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’yektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish, shuningdek, ularning hududlarida moddiy madaniy meros ob’yektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa ob’yektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

Shundoq ham Toshkentning bir necha bog‘ va xiyobonlari kimlarningdur tijoriy maqsadlari yo‘lida xususiylashtirildi yoki tugatilib, o‘rnida ko‘p-qavatli uylar qurib bo‘lindi. Shu kungacha bu ishlarni hammamiz bilib, bilmaslikka oldik, hammasiga ko‘z yumib keldik.

Lekin Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi yo‘lida mardona kurash olib borib, shu yo‘lda aziz jonlarini fido qilgan yuz minglab ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan xotira majmuasidan ham tijorat maqsadlarda foydalanish to‘g‘rimi? Mustabid tuzum davridagi qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan, insoniylik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini toptash, ruhini chinqiratish emasmi bu? — deb yozadi deputat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring