Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AOKA bosh direktori «Kun.uz»ga ogohlantirish xati yubordi. Sayt buni «bosim o‘tkazish» demoqda

AOKA bosh direktori «Kun.uz»ga ogohlantirish xati yubordi. Sayt buni «bosim o‘tkazish» demoqda

Foto:«Gazeta.uz»

Kun.uz nashri tahririyatiga  AOKA direktori Asadjon Xodjayev tomonidan 23-noyabr sanasi bilan imzolangan ogohlantirish xati kelib tushgan.

Nashr tahririyati nomidan e’lon qilingan bayonotda yozilishicha, axborot idorasi yuborgan mujdada tashkilot rahbari sayt noxolislikda ayblagan va «jiddiy huquqiy oqibatlar»dan ogohlantirgan. Bunga «joylardagi elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiziqarli va tanqidiy postlar jamlanib, Kun.uz saytida e’lon qilinishi» sabab bo‘lgan. 

O‘z navbatida sayt mazkur xatni bosim o‘tkazish deya hisoblashini ma’lum qildi. 

AOKA xatida «material bir tomonlama va hissiyotga berilgan holda yozilgani», «O‘zbekiston hukumati aholiga nisbatan jinoyat sodir qilayotganlikda ayblangani» (!) aytiladi. 

«Butun respublika bo‘ylab elektr energiyasi bot-bot va soatlab uzib qo‘yilayotgani – fakt. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi dod-voylar va tahririyatimizga kelayotgan minglab murojaatlardan ham anglasa bo‘ladi.

Endi tasavvur qiling: koronavirus pandemiyasi hali tugagani yo‘q, davom etmoqda. Odamlarning uyida oddiy ovqat pishirish uchun svet va gaz yo‘q. Tadbirkorlarning ishi to‘xtab qolyapti, parrandasi, issiqxonadagi ekinlari nobud bo‘lyapti. Shunday sharoitda, OAV yoqilg‘i energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda iste’mol qilish sohasidagi qator islohotlarga atroflicha to‘xtalishi kerakmi?

Islohotlarni o‘tkazishga bevosita mas’ul idoralar o‘z vazifalarini belgilanganidek bajara olmasa ham, vaziyatni matbuot tomonidan hammasi zo‘r, hammasi joyida deb xaspo‘shlanishi qanday natijaga olib keladi? Holva degan bilan og‘iz chuchiydimi?» - degan savol ko‘ndalang qo‘yiladi Kun.uz bayonotida. 

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ob-havoning keskin sovushi fonida O‘zbekiston bo‘ylab elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar sodir bo‘la boshladi. Mazkur masala hatto Senatdek oliy dargohda muhokama etildi.

Shuningdek, Yakkabog‘da tok yo‘qligi sabab bir tadbirkorning minglab tovuqlari qirilib ketgani, Kattaqo‘rg‘ondaga issiqxona masalasi ham keng munozaralarga sabab bo‘ldi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring