Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda og‘ir nuqson bilan tug‘ilgan chaqaloq hayoti saqlab qolindi

Buxoroda og‘ir nuqson bilan tug‘ilgan chaqaloq hayoti saqlab qolindi

Buxoroda ikki tomonlama burun tug‘ma xoana atreziyasi tashxisi bilan tug‘ilgan chaqaloq zudlik bilan jarrohlik stoliga yotqizildi va uning hayoti saqlab qolindi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga  Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi otoloringologi Yulduz Ro‘ziqulova ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyat markazidagi 1-son tug‘ruq kompleksida ikki tomonlama burun tug‘ma xoana atreziyasi tashxisi bilan tug‘ilgan chaqaloq shifokor va hamshiralarni xavotirga solib qo‘ygan. Nafas olishda qiynalayotgan qizaloqning hayotini saqlab qolish uchun shoshilinch ravishda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga ko‘chirilgan. Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi otoloringologi Yulduz Ro‘ziqulova hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti dotsenti Habibulla Abdullayev tomonidan ikki tomonlama burun tug‘ma xoana atreziyasini bartaraf etishga doir jarrohlik amaliyoti bajarilgan.

«Tug‘ma kasallik nuqsoni bilan dunyoga kelgan chaqaloq jarrohlik amaliyotiga muhtoj edi. Bir muddatli qisqa tayyorgarlikda chaqaloqqa amaliy yordam ko‘rsatilmasa, nafas olib-nafas chiqarishda muammoga uchrab, hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi. Zudlik bilan xoanani ochish va uning havo o‘tkazuvchanligini tiklash zarurati choralarini ko‘rdik. Allohga shukur, besh kunlik chaqaloqda amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi»,—dedi otoloringolog Yulduz Ro‘ziqulova.

Otoloringologning bildirishicha, ikki tomonlama burun tug‘ma xoana atreziyasi norasida bolalarda nafas olish buzilib, ularning lablari, tirnoqlari ko‘karib, burunchalaridan quyuq shilliq modda ajralib turadi. U tozalangandan so‘ng ham bunday bolalar burundan nafas olisholmaydi.  

«Agar bu holat o‘z vaqtida aniqlanmasa, bolalarning onasidan emgan suti ko‘kragiga ketib qolib, asfiksiya holatidan o‘lim yuz berishi mumkin. Shu bois ham chaqaloqdagi xoana tug‘ma nuqsonini aniqlash uchun uning burunchasiga temir naycha kirgizdik. Naycha burun-halqum va og‘izga o‘tmaydi. Qizaloqning tug‘ma nuqsoni aniqlangandan so‘ng, jarrohlikni amalga oshirdik. Go‘dakning burun orqali nafas olishi tiklandi va hozirda bolaning umumiy ahvoli qoniqarli»,-dedi otoloringolog.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xoana ko‘proq qiz bolalarda butunlay rivojlanmagan bo‘lib, ba’zan bir yoki ikki tomonlama ro‘y beradi. Xoananing suyak, tog‘ay yoki ikkala qismi ham rivojlanmagan bo‘lishi mumkin.

«Bunday jarrohlik amaliyotini avval ham o‘tkazganmiz.  Biroq, atigi, 5 kunlik chaqaloqda ilk marotaba amalga oshirildi. Operatsiya tugagach, chaqaloqning osoyishta nafas olib-nafas chiqarayotganini ko‘rib, to‘g‘risi, o‘zim hush-behushdek bo‘lib qoldim, jarrohlik stoliga cho‘kkalab, yig‘lab yubordim. Muhimi, chaqaloqda tug‘ma nuqsondan asoratlar kuzatilmadi. Ayni paytda ham tajribali shifokorlar nazoratida»,— dedi Yulduz Ro‘ziqulova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring