Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki ming tadbirkor kreditni vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylandi

Ikki ming tadbirkor kreditni vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylandi

Foto: Xabar.uz

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘istondagi 2 ming tadbirkor uch yilda 2 trillion 145 milliard so‘m kreditni vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijoziga aylangan. «Mijozni o‘stirish» modeli asosida yana kamida 30-40 ming odamni ishli va daromadli qilish imkoniyati bor.

Hududga mas’ul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foiz stavkada 300 milliard so‘mlik kredit liniyasini ochmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizlik qismini qoplab berishi hisobiga tadbirkor uchun stavka 12 foizga tushadi.

Qolgan 8 ta bankka ham bir oyda shunday qulay mahsulotlarni ishlab chiqish topshirildi.

Ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi.

Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, Uychi va Zarbdor tajribasi asosidagi «drayver» loyihalarga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.

Ikki yilda biznes infratuzilmasiga 370 milliard so‘m ajratilgani hisobiga 2 ming 200 ta savdo-servis obyekti ishga tushib, 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida 60 o‘rinli bog‘cha, futbol va vorkaut maydonchalari tashkil etilgani mahallaga yangicha kayfiyat olib kirgani ta’kidlandi.

Tuman hokimlariga shu yil iqtisodiy o‘sish va bandlikka turtki beradigan yana ikkitadan loyiha qilib, 10 ming odamni daromadli qilish topshirildi. Buning uchun 100 milliard so‘m ajratilib, bir haftada moliyalashtirish ochiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring