Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

ITB Jizzaxdan o‘tadigan yo‘l va 50 dan ortiq maktab qurilishi uchun mablag‘ ajratadi

ITB Jizzaxdan o‘tadigan yo‘l va 50 dan ortiq maktab qurilishi uchun mablag‘ ajratadi

Islom taraqqiyot banki (IsDB) O‘zbekistonda infratuzilma va ta’lim sohalaridagi muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyalashtirish bitimlarini imzoladi.

Rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotlariga bag‘ishlangan 2-AlUla konferensiyasi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al Jasser va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonning milliy taraqqiyot maqsadlariga mos, yuqori samara beradigan loyihalarni jadallashtirishga kelishib oldi.

Muzokaralar yakunida ikki yirik moliyalashtirish kelishuvi imzolandi.

Birinchi kelishuvga muvofiq, Islom taraqqiyot banki tomonidan Jizzax viloyatidagi 4R40 Dashtabod – Zomin – Baxmal – G‘allaorol avtomobil yo‘lini qayta qurish loyihasi uchun 70 mln AQSh dollari ajratiladi. Bu mablag‘ bankning ushbu loyiha uchun jami 192 mln dollarlik majburiyatining bir qismi hisoblanadi. Loyiha doirasida 143 km mintaqaviy avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinadi hamda 30 km mahalliy va qishloq yo‘llari ta’mirlanadi.

Ushbu tashabbus transportdagi tirbandliklarni bartaraf etish, harakat xavfsizligini oshirish va 200 mingga yaqin aholining yashash sifatini yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, M39 xalqaro avtomobil koridoriga tutash ushbu yo‘lni modernizatsiya qilish orqali hududning iqtisodiy va turistik salohiyatini ochish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi kelishuv SmartEd ta’lim loyihasiga taalluqli bo‘lib, uning navbatdagi bosqichi uchun 94,06 mln dollar miqdorida moliyalashtirishni nazarda tutadi. Bu mablag‘ IsDB’ning mazkur loyiha bo‘yicha jami 160,25 mln dollarlik hissasining bir qismi hisoblanadi.

SmartEd loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 58 ta yangi ta’lim muassasasi qurilib, mavjud maktablarda 2 431 ta yangi sinfxona tashkil etiladi. Loyiha inklyuziv va kompetensiyaga asoslangan ta’lim tizimini joriy etishga qaratilgan bo‘lib, har yili qariyb 72 930 nafar o‘quvchiga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, 36 mingdan ortiq o‘qituvchi va ma’muriy xodimlar uchun malaka oshirish dasturlari amalga oshiriladi.

Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al Jasser O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish yo‘lida aniq natijaga yo‘naltirilgan hamkorlik davom ettirilishini ta’kidladi. Jamshid Quchqorov esa transport aloqalari va inson kapitaliga doimiy sarmoya kiritish mamlakatning uzoq muddatli va bardoshli iqtisodiy o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring