Jarqo‘rg‘onlik Sasha aka yaratgan o‘rmonzor «Dendrologiya bog‘i»ga aylantiriladi
Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ekologiya sohasi fidoyisi Aleksandr Fedin bilan uchrashib, «Oqtepa» suv ombori hududida yaratilgan bog‘ni ko‘zdan kechirdi.
Rais muloqot davomida Fedin davlat himoyasida ekanligi hamda Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon agentligiga ishga olinishini ta’kidlagan. Qolaversa, «Oqtepa» suv ombori hududidagi, uzoq yillar davomida noyob daraxtzorga aylantirilgan, yovvoyi hayvonlar, qushlar va boshqa bioxilma-xillik obyektlari mavjud bo‘lgan yer maydonida «Dendrologiya bog‘i» tashkil etilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, ko‘p yillik mehnati, tabiatni asrashga qo‘shgan hissasi hamda ijtimoiy holatini inobatga olib, Fedin uchun dendrologiya bog‘i hududida zarur qulayliklarga ega kichik uy-joy ham barpo qilinadi. Shu bilan birga, bog‘ xodimlariga kerakli shart-sharoitlar yaratiladi, xususan, ular kvadrotsikllar bilan ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, Aleksandr Fedin Surxondaryo viloyatidagi «Oqtepa» suv ombori qirg‘og‘ida 101 gektarlik o‘rmon maydonini 1989-yillardan barpo eta boshlagan. Viloyat ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududda hozirda 30 ga yaqin hayvon va 500 dan ortiq daraxt turi, jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlar ro‘yxatga olingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter