Markaziy bank 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026 yilning yanvar oyida jami 6 marta yig‘ilish o‘tkazib, ularda 27 ta masalani ko‘rib chiqqan va tegishli qarorlar qabul qilgan.
Jumladan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 17 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, «Baraka biznes hamkor mikromoliya tashkiloti» va «Effective money mikromoliya tashkiloti» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘z arizasiga asosan mikromoliya tashkilotlari reyestridan chiqarildi. Bundan tashqari, «IT Unisoft group aksiyadorlik jamiyatiga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya ham o‘z arizasiga muvofiq bekor qilindi.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ko‘rib chiqildi. Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, bank va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, hamda to‘lov tashkilotlarida belgilangan talablariga rioya etilishiga doir masalalar muhokama qilindi.
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmaganligi uchun 4 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berildi. Shuningdek, korporativ bank kartalariga xizmat ko‘rsatish jarayonida qonunchilik talablari buzilgani, hamda inspeksiyalar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Shuningdek, joriy yil yanvar oyida bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, jumladan, ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazmagani va bank faoliyatiga oid qator talablar bajarilmagani sababli «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilindi.
Manba: cbu.uz


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter