Markaziy bank aholining jamg‘arish odatlari va moliyaviy savodxonligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazmoqda
O‘zbekiston Markaziy banki va mamlakatdagi mustaqil tadqiqot markazlaridan biri bo‘lgan «ERGO Analytics» o‘rtasida imzolangan memorandum doirasidagi amaliy hamkorlik izchil davom etmoqda.
Tadqiqotni xalqaro standartlar asosida tashkil etish maqsadida jarayonga Fransiyaning eksperimental tadqiqotlarga ixtisoslashgan «Eval-Lab» konsalting kompaniyasi ham jalb etildi.
Hamkor tashkilotlar ishtirokida aholining jamg‘arish xulq-atvori va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan xulq-atvor intervensiyalarining samaradorligini baholash uchun so‘rovnoma hamda intervensiya dizayni ishlab chiqilib, yakuniy ko‘rinishga keltirildi.
Markaziy bank tadqiqotni xalqaro etika talablariga muvofiq o‘tkazishga alohida e’tibor qaratgan. Shu munosabat bilan «Westminster International University in Tashkent» huzuridagi Ilmiy tadqiqotlar etikasi qo‘mitasining ijobiy xulosasi olindi.
Loyiha doirasida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi 90 ta mahallada yashovchi 2 700 nafar aholini qamrab olish rejalashtirilgan.
So‘rovnoma va intervensiya mexanizmlarining amaliyotdagi samaradorligini baholash maqsadida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Quyi Chirchiq tumanlarida pilot so‘rovlar o‘tkazilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadqiqot xulq-atvor iqtisodiyoti yondashuvlaridan foydalangan holda aholining iqtisodiy qaror qabul qilish jarayonlarini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.
Olingan natijalar asosida dalillarga tayangan iqtisodiy siyosat choralarini ishlab chiqish, shuningdek, aholining moliyaviy savodxonligi va jamg‘arish madaniyatini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter