Mirziyoyev Ozarbayjon elchisiga «Mehnat shuhrati» ordenini topshirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyun kuni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ozarbayjon Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Guseyn Guliyevni qabul qildi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari elchining O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasini alohida qayd etdi.
So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Oliy va yuqori darajadagi muloqotlar muntazam tus olgan, savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada kengaygan. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi bir necha barobar oshgan, Ozarbayjon kapitali ishtirokida 280 ta korxona tashkil etilgan hamda Qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, geologiya, qishloq xo‘jaligi, transport, shaharsozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar hamkorlik ham izchil rivojlanib, qator qo‘shma dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Guseyn Guliyevga O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun «Mehnat shuhrati» ordenini topshirdi.
Elchi o‘z navbatida mamlakat rahbariga diplomatik faoliyatiga berilgan yuksak baho va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter