Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muhojir qiz hikoyasi: «Tog‘amni kechira olmayman»

Muhojir qiz hikoyasi: «Tog‘amni kechira olmayman»

Yaqin qarindoshining qistovi bilan Rossiya Federatsiyasining Boxnyaka, Petropavlovsk-Kamchatskiy shahriga qurilish-ta’mirlash ishlariga daromad topish maqsadida ketgan va o‘zi bilmagan holda IShID safiga qo‘shilib, bir necha yil umrini qamoqda o‘tkazgan romitanlik muhojir qiz hikoyasi.

 Hikoyadagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan.

Laqmaning kallasi tarozi pallasiga qiyos ekan. Chunki u kim nima qo‘ysa, o‘sha tomonga og‘adi. Laqmaning o‘z fikriga ega emasligi, o‘z qarashi yo‘qligi esa tarozibonga qo‘l keladi. Loqayd odam uchun esa do‘stning ham, dushmanning ham, qavmu-qarindoshi, begonaning ham ahamiyati yo‘q. Yaqin qarindoshimiz, to‘g‘rirog‘i, o‘z tog‘amning laqmaligi, nafaqat, jamiyatga, tinch-osuda hayotga, ko‘plab yaqin qarindoshu oshna-og‘aynilarimizning ham umriga zavol bo‘ldi.

Men tug‘ilganda, ismimni yaxshi niyat bilan Yorigul, deb qo‘yishgan. Biroq, guldek umrim xazon bo‘ldi, ayni to‘y yoshimda boshimni yor ko‘ksiga emas, qamoqning zax va qora devorlariga qo‘ydim. Aqlimni tanib-tanimay, tog‘am Amir Samirovning va’dalariga ishongan onam meniyam o‘zi bilan Rossiya Federatsiyasining Petropavlovsk-Kamchatsk shahriga olib ketdi. O‘shanda bizga qo‘shilib, yana ikki yaqin qarindoshimiz ham birga jo‘nagandi.

Onam, men va boshqa yaqin qarindoshlarimiz Rossiyaga borib, katta daromad topish, ro‘zg‘orni butlash, uy-joyni tiklash, mashinalar olish va boshqalardan hech qolishmaydigan to‘kin-to‘kis hayotda yashash orzusida yo‘lbo‘yi suhbatlashib ketdik. Manzilga yetib borgach, afsuski, hech qanday qurilish yoki boshqa ishlarga emas, boshqa muhitning surunkali ta’siri ostida qolib qolib ketishimizni tushunib yetdik.

O‘zimizga noma’lum shaxslarning o‘zbek tilidagi ma’ruza va noshirlarini, internet tarmog‘i orqali yot mazmundagi materiallarni  o‘qishga, videoroliklarni tomosha qilishga majbur edik.  Bundan tashqari, ma’ruzalarni muhokama qilishga ruhiy zo‘riqish orqali singdirib borayotgan biz, yaqinlarining taqdiri tog‘amiz Amir Samirovni mutlaqo qiziqtirmasdi. «O‘z opangga, o‘z jiyaningga, o‘z yaqinlaringga shunday ko‘rnamaklik qilasanmi?»-deya onamning jovrashlari foydasiz edi. Ko‘z oldimda onamni urar, tepkilar, yot talqindagi kitoblarni o‘qib, videolarni ko‘rishga majburlar edi. Bunday paytda boshqa yaqin qarindoshimiz bo‘lgan yigitlar ham ojiz qolishardi.

Ha, aytmoqchi, Petropavlovsk-Kamchatsk shahriga tog‘am bizdan ham oldin bojasi Fayoz Temirov, o‘z akasi Akram Samirov va uning turmush o‘rtog‘i, ya’ni yangam Madina Samirova, jiyanlari Ramazon Qodirov hamda Manzura Qodirova, Sunnat Salimov, sinfdoshi Nodir Namozovlarni ham Rossiya Federatsiyasiga «ish»ga chaqirib ulgurgan ekan.

Hammamiz xuddi tutqunlikdagi qullarga o‘xshardik Hatto, o‘shanda, onamga, hamqishloqlarimga: «Hammamiz bir bo‘lib tog‘amni o‘ldiraylik yoki kimgadir bildiraylik!»-deb jovraganman. Afsuski, bizning birortamizning qo‘limizda na telefon va ko‘chaga chiqib, kimgadir holatni aytib berish uchun sharoit bor edi. Hammamiz tunu-kun atrofi o‘zimizga notanish «ulamo»lar bilan o‘rab olingan bino ichida edik. To‘yib ovqatlanmasdik, sovuq va zax bino ichida uzukkun diniy ta’lim olishga majmuriy  jalb etilgan edik.

 Tog‘am Amir Samirovning o‘zi  1981 yilda Romitan tumanida tug‘ilgan. O‘rta ma’lumotli, oilali, 3 nafar farzandi bor. Muqaddam unga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ehtiyot chorasi sifatida sirtdan «qamoq» jazosi qo‘llanilgan.

Mo‘may daromad topish ilinjida Rossiya Federatsiyasining Petropavlovsk-Kamchatsk shahriga qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelgan tog‘am bo‘sh vaqt topdim, deguncha spirtli ichimliklar ichib, vaqtichog‘liq qilgan ekan. Uning vaqtichog‘ligi avvaliga, ro‘jo‘ga, keyin esa tobelikka aylangan. Shunday kunlarning birida u hamyurti Hamro Ermat bilan tanishib qolgan va unga so‘zsiz ergashgan. Tog‘amga Hamroning «amri ma’ruf»lari, ayniqsa, «jihod», «shahidlik» va «hijrat»ni targ‘ib qiluvchi g‘oyalari ma’qul kela boshlagan.

Ma’lumot o‘rnida: sud hujjatlariga ko‘ra, Hamro Ermat – «Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqimi rahbari. «Kamensk-Uralskiy jihodiy jamoati» a’zosi bo‘lgan. Separatistik, fundamentalistik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan boyitilgan ma’ruza, eslatma va qo‘shiqlar  targ‘ibotchisi. Xalqaro terroristik tashkilotlar birlashuvidan tashkil topgan «Iroq Shom Islom Davlati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilish, maxsus o‘quvdan o‘tib, qurolli guruhlar bilan Iroq va Suriya davlatlariga terrorchilik harakatlarida ishtirok etish va butun dunyoda islom davlatini qurishni rejalashtirish jinoyatini sodir qilgan.

Opa, bilsangiz, tog‘am Hamroning tuzog‘iga xamirdan qil sug‘irgandek oson ilingan,-deya so‘zida davom etadi suhbatdosh,- Chunki Hamro Ermat odamlarning dindorlik tuyg‘ularidan foydalanishni juda yaxshi bilardi. Bundaylarni bir marta moddiy qo‘llab-quvvatlab,  «signal» bersa, tamom-vassalom, dini va Vatani tayinsiz yigitlar ota-ona va oila tugul, o‘zlari tug‘ilib o‘sgan yurtni ham alg‘ov-dalg‘ov qilishga tayyor turishadi. Tog‘amning ham xuddi shundaylar toifasidan ekanini Hamro tushunib yetgan. Va albatta, unga xuddi shunday manqurtlar zarur bo‘lgan.

Tog‘am o‘ziga arab alifbosini o‘rgatib, diniy ilm va amallar bilan ongu shuurini zabt etib olgan Hamroni ustoz sifatida qabul qilgan. 

To‘g‘risi, tog‘am u qildi-bu qildi, baribir, biz qarindoshlarning bir nechtamiz uning yo‘rig‘iga yon bermadik. Aytganini bajarmasak, qandaydir, hujraga o‘xshagan bir yoqimsiz va qorong‘u xonaga olib kirib, urardi, tepardi. Hatto, onam: «O‘ldirsang o‘ldir, jonimdan ham o‘tdi, sening jazoingni Alloh bersin!»-deb ukasi bilan ko‘p janjallarga borgan. Shu orada tog‘amga insof kirib, yigitlarni qurilish ishlariga jalb etdi. Topgan daromadlaridan bir qismini o‘zi qishloqdagilarni xavotirga qo‘ymaslik uchun ularning nomidan oilalariga yuborib turdi. Xotin, bola-chaqasi bilan gaplashtirib turish uchun o‘zining telefonini berib turar va bu yerdagi holatlar haqida aytib qo‘ymasligi uchun qo‘lida pichoq yoki tayoq bilan boshida turardi. Men bunday manzaralarni faqat kinolarda bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Afsuski, maktabni tugatiboq, ko‘rgan kechinmalarim mana shunday og‘riqli manzaralar girdobida xazon bo‘ldi.

Keyinchalik bilsak, o‘shanda biz Kamchatka shahri, «Boxniyaka» ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida joylashgan musulmonlar masjidiga joylashtirilgan ekanmiz. Tog‘am shu yerda imomlik qiluvchi tojikistonlik Nusrat Muhammad bilan bizni tanishtirdi.  Shundan so‘ng imom bizning hammamizni 20-30 kilometrcha olisdagi allaqanday ijara uyga olib ketdi. Bir nechta kichik, tor va siqiq xonalarga ajratilgan uy bizga xuddi qamoqxonani eslatardi. Ayollar va erkaklar xonasi plastmast devor bilan ajratilgan, yaqin qarindosh bo‘lishimizga qaramay, bir-birimiz bilan suhbatlashishni ham, hatto, gunohga chiqarishdi. Ijara uy egasi, ya’ni Nusrat Muhammad shu qadar johil va shafqatsiz ediki, biz, qiz-juvonlarni kunduz kunlari bir fursat bo‘lsa ham mizg‘ib olishga ruxsat bermasdi. 

Eng yomoni, kun kechida qurilish ishlaridan charchab qaytgan yigit qarindoshlarimizni har jihatdan siquvga olishar, huquqlarini ta’qiqlashar, qilgan har bir hatti-harakatlaridan kamchilik topishardi. Ko‘z oldimizda yaqinlarimiz so‘lib borardi. Amir tog‘am katta tog‘am Akramning o‘g‘li Sunnatning norozi arzu-shikoyatlarini o‘rinsiz qoldiraverdi. Uni ko‘p jazolar, «ishdan charchab keldim, namoz o‘qishga ham, boshqasiga ham holim yo‘q» deya jovrashlarini inobatga ham olmasdi.

Oradan vaqt o‘tdi. Ko‘nglida g‘ayir maqsadni tugib olgan Amir tog‘am Sunnatni, o‘z sinfdoshi Nodir  hamda bojasi Fayozni imom ixtiyoridagi shu ijara uyda qoldirib, qolganlarni o‘zi bilan birga olib, yana Petropavlovsk-Kamchatskka qaytdi.

Yana kunlar bir zaylda kechaverdi. Meni esa, bular shunday g‘ayirli ishlar qilishayapti, nahotki, hech kim bu haqda O‘zbekistonga xabar yetkazmayapti, degan o‘y qiynardi. Bu haqda onamga aytsam, «agar tirik qolishimizni istasang, jim yur. Kun keladi, hali hammasi fosh bo‘ladi. Faqat begona yurtlarda o‘lib ketmay, jasadimiz yot tuproqlarda qolib ketmasin, desang, sabr qil, qizim, sabr»,-derdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Hamro Ermat «sirli» ravishda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Kunlarning birida Amir tog‘am Sunnatga Kamchatkadagi «Ray fayzen» bankidan «Zolotaya korona» pul o‘tkazish tizimi orqali Hamro Ermat nomiga 1000 AQSh dollari jo‘natishini buyuradi. Har doim  Hamro va Nusratlarning qadam bosishida allaqanday xavf sezayotganini tog‘amga aytaverib charchagan Sunnat u shaxsga nima maqsadda mablag‘ jo‘natayotgani sababini surishtirmagan ham, hatto. Muhimi, Hamro ko‘rinmaydi. Tinchgina ishlab, o‘z daromadlarini topishsa, bas.

Bir yilcha o‘tar-o‘tmas Sunnat O‘zbekistonda o‘zini jinoiy javobgarlik kutayotgani mash’um xabarini eshitib, sarosimaga tusha boshladi. Nega va nima uchun sababini bilmasdi. Biz ham hayratda edik. Shunda Amir tog‘am beburdlarcha, Hamro Ermat nomiga Sunnat Salimov tomonidan jo‘natilgan mablag‘ Suriya va Iroqda jihod qilayotganlarni moddiy ta’minlashga yo‘naltirilganini, shuning uchun javobgarlikka tortilayotganini aytdi. O‘z yaqin birodari bo‘la turib, boshiga shunday kulfatlarni solgan  tog‘asidan, ustiga-ustak, o‘z yurtida unga nisbatan jinoiy ish ochilganidan Sunnat jahl otiga mindi. Hammamizni shunday ayanchli qismat kutishi mumkinligidan qo‘rqdik.

Bir paytlar spirtli ichimliklarga ro‘jo‘ qo‘ygan tog‘am Sunnatning peshxezliklari uchun adabini yaxshigina berish maqsadida shu g‘ayir ishni qilganini bezbetlarcha oldimizda tan oldi. Ko‘z oldimizda Sunnatga qo‘l telefoni orqali internet tarmog‘idan Suriya va Iroqdagi janglarda tushirilgan musulmonlarning ayanchli fotosuratlari va videoroliklarini ko‘rsatib, musulmonlar jihod qilayotganini, ularga moddiy ko‘mak zarurligini, Hamro Ermat ham, aynan, Suriya va Iroq davlatiga jihod uchun  ketganini, achinarlisi, unga jiyanining qo‘li bilan mablag‘ jo‘natganini oshkor qildi.

Shundan so‘nggina hammamiz bosh ko‘tardik. Bu manfur kimsa har daqiqada har birimizni birma-bir olovga tashlashi mumkinligini anglab yetdi. Ko‘zlarimiz yaqin birodarimiz og‘ir ahvolda qolganda ochildi. Hammamiz jahl otiga minganmiz, ko‘zlarimiz qonga to‘lgan. Oxiri chidolmagan onam ukasi Amirning qo‘lidan telefonini tortib oldi. Sunnatga va boshqalarga uni mahkam ushlab turishni, lozim bo‘lsa, urib kaltaklab, bog‘lab tashlashni buyurdi. Bunday vaziyatda yigitlar o‘zlarini qo‘lga olishgan bo‘lsa ham Amir tog‘amning qarshilik ko‘rsatmasligi uchun uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘zini mahkam bosib turishdi. Onam, chamasi, 40 minut, bir soatlarda ichida tog‘amning telefon raqamidan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bilan bog‘landi. Holat bo‘yicha qisqa-yorti, shosha-pisha gapirdi. Vaziyat shu nuqtaga yetgandan keyingina o‘z ukasiga nisbatan ayni damda kuch ishlatib, uni ushlab turishgani, ko‘p sitamlarni boshdan o‘tkazganimiz, zudlik bilan manzilga yetib kelishmasa, boshqa yaqin qarindoshlarning ham boshiga kulfatlar tushishi mumkinligini bildirdi. O‘zini og‘ir va qora kunlar kutayotganini bilgan Sunnat o‘kirib yig‘ladi. Ammo, mardlikka bordi, qochishga urinmadi. Qo‘l-oyog‘i va og‘zi bog‘liqli Amir tog‘am hammamizning qarg‘ishimiz va la’natimizga qolib, bir nimalar deyishga urinardi. Ammo, biz uni eshitishni ham xohlamadik.

Oradan ikki soatlardan ko‘proq, chamasi, vaqt o‘tib, Rossiya politsiyasi biz turgan manzilga yetib keldi. Qaysi birimizga qamoq, qaysi birimizga ozodlik bo‘ladi – bizga mavhum edi. Muhimi, qora is bosgan bu zimiston manzildan qutilayotganimizga shukur qilardik.

***

Tergov ishlari uzoq, juda uzoq davom etdi. Men, hali turmushga chiqmagan, diniy ta’limga majburiy jalb etilgan qiz tergovga qadar boshqalar qatori qamoqda ushlandim. Zax va nam qamoq devorlariga boshimni urib, shu dadillikni onam nega vaqtida qila olmaganini, endi men umrbo‘yi yor ko‘ksida emas, turmaga bosh qo‘yib o‘tishimni eslab, qon-qon yig‘ladim. Rossiyaga borib, pul ishlab kelsak, boshqalardan kam bo‘lmaymiz, sandiqlarim sepga, xonadonim gulga alanadi, degan o‘y-orzularim havoga uchdi. Qishloqdoshlarim yuziga endi qanday qaray olishim xavotiri meni o‘tdan olib suvga, suvdan olib o‘tga tashladi.

Sud, tergov ishlari shu qadar adolatli yakunlandiki, sudya va tergovchilar bu nozik masalada o‘ta mas’uliyat bilan yondoshishdi. To‘g‘risi, Rossiyada tog‘amdan ko‘p jabr ko‘rganmasmanmi, tergov-surishtiruv ishlari ham og‘ir kechadi, qilmishlarimiz uchun bizni qiynashadi, kaltaklashadi, urib-tepishadi,  deb o‘ylagandim. Axir, biz Rossiyada o‘z qavmimiz tomonidan tutqunlikda ushlangan qullardek edik. Yo‘q. Har birimizni tinglashdi, voqeliklarni chuqur surishtirishdi. Tahlil qilishdi. Og‘ir kechgan jihati esa - o‘z vijdon azobimizda edi: «nega o‘z vaqtida huquq-tartibot idoralariga xabar bera olmaganimizda, tog‘amiz bizni o‘ldirib yuborishi mumkin» degan hadik bilan uning kaltak va tepkilariga bosh egib kelganimizda edi.

Sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi tomonidan yakunlandi. Shu o‘rinda, sud-tergov ishini olib borgan yoshi keksa sudyaning o‘gitli gaplari ham hali-hanuz qalbimda qolgan: «Siz bilib-bilmay, jinoyatga daxldor bo‘lgansiz. Ammo, shuni unutmangki, har biringiz shu yurtning farzandlarisiz. Yurt o‘z farzandlarini din niqobi ostidagi va jihodni ilgari surgan manfur kimsalar qo‘liga topshirib qo‘ymaydi. Hali ertangi kuningiz yorug‘ bo‘ladi. Faqat yana yo‘ldan adasha ko‘rmang!»-dedi otalarcha.

Har birimizga nisbatan jazo qo‘llanildi.

Buzg‘unchi mafkuraviy guruhlar ta’siriga tushib, o‘z insoniy fazilatlarini yo‘qotgan, begonalar qatori biz, yaqin qavmlari taqdiriga ham qora dog‘ tushirishdan tap tortmagan tog‘am diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik tashkilot faoliyatida ishtirok etish jinoyatini sodir etishda aybli, deb topildi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi bo‘yicha jazo qo‘llanildi.

 

Ha, aytmoqchi, yaqinda bundan bir necha yil ilgari Suriya va Iroq davlatiga jihod uchun ketgan va qidiruvdagi Hamid Ermatning qo‘lga olingani hamda unga nisbatan sud hukmi o‘qilganini eshitib, O‘zbekiston huquq-tartibot organlari ishiga yana bir karra minnatdorlik bildirgim keldi. Zero, ko‘plab qavmlarimning va boshqalarning boshiga og‘ir kunlarni solgan bunday kimsalar og‘ir jazoga munosib. Xalq nafrati va la’natiga uchraganlar qonun qo‘lidan qochib qutila olishmaydi.

***

Bu voqealar 2015-2017 yillarda sodir bo‘lgan. Bugun qishloqda derazam oynasidan termulib turaman. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, odamlardan, xeshu toborlardan uyalaman. Garchi, shuncha azoblar zulmatidan nomusim o‘zimda qaytgan bo‘lsam-da, qari qizligimdan tortinaman. Yuragim qisiladi, vijdon azobidan ezilaman. Bir paytlar menga sevgi maktubi yozgan sinfdoshim hovlisida o‘g‘illari uchun bo‘layotgan xatna to‘ylari sas-sadosiga qo‘shilib yig‘layman. G‘amu-armonga to‘lgan sandig‘imni quchib o‘kinaman. Xayolan hali tug‘ilmagan bolamning beshiklarini tebrataman. Unga atab kiyimchalar tikaman, paypoqu shapkachalar to‘qiyman. Go‘yoki yorim ko‘ksiga bosh qo‘yib, dardlarimni aytaman. Qaynona-qaynotalarim xizmatida yugurib-yelaman. O‘zimning xom o‘y-xayollarimdan telbavor bo‘laman, go‘yo. Bugun rahmatli bo‘lgan onam surati bilan suhbatlashib, tunlarni tongga ulayman.

Yaqin qavmim, Amir tog‘amning uch farzandi taqdiri ham otasining qilmishlari ortidan baxtiqaro bo‘ldi. Katta qizini eri ota uyiga haydab yuborgan. Ikki farzandi bilan qaytdi. Bir o‘g‘li avtohalokatda vafot etdi. Kenjasi xuddi meningdek - hayotdayam, turmushdayam o‘z yo‘lini topolmadi. Davralarga qo‘shilmaydi, to‘y-hashamga bormaydi. Goh-gohda mendan xabar olgani keladi: «Farzandga oq bo‘lgan otamni men kechira olmaganda, siz kechira olasizmi, ammajon. Uylanmayman, chunki, men shu otaning o‘g‘liman, bunday otadan iz qolmasin. Meniyam, boshqa yaqinlarimniyam taqdirini ayamagan otam uchun jazo bu!»-deganida o‘kirib yig‘lab yubordim.

Aql bo‘y bilan emas, o‘y bilan o‘lchanganidek, har bir inson aql bilan idrok etib, hayotda hushyor bo‘lgan taqdirdagina tinchlikning qadriga yetar ekan. Umrining oxiriga qadar el-ulus, xeshu toborlar orasidagi xatar, Vatan ko‘ksidagi dog‘ bo‘lib qolgan tog‘amni hech qachon kechira olmayman...

Romitanlik Yorigul Kozimovaning so‘zlarini

Laylo Hayitova oqqa ko‘chirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring