Otamning ustaxonasidan Janubiy Florida universiteti laboratoriyalarigacha: Mexanika va sun’iy intellekt chorrahasidagi o‘zbek muhandisi hikoyasi
Zamonaviy sanoat endilikda faqatgina mexanik harakat yoki yirik dastgohlar kuchi bilan o‘lchanmaydigan davrga keldi. Bugungi ishlab chiqarish zanjiri sun’iy intellekt algoritmlari, robotlashtirilgan manipulyatorlar va computer vision tizimlarining uzviy sintezidan iborat.
Aynan shu sababli ham global mehnat bozorida an’anaviy mexanika qonuniyatlarini ham, murakkab neyron tarmoqlarini ham birdek tushunadigan sohalararo muhandislarga bo‘lgan talab har qachongidan yuqori. Okean ortida, xususan, AQShning yirik sanoat shtatlarida ana shunday texnologik transformatsiyalar markazida turgan va o‘zining real raqamli natijalari bilan mutaxassislar e’tiborini tortayotgan vatandoshlarimizdan biri — Murodbek Usmonov. Uning oddiy ustaxonadan boshlanib, University of South Florida auditoriyalari hamda transmilliy korporatsiyalar laboratoriyalarigacha yetib borgan yo‘li shunchaki akademik karera emas, balki qat’iy intizom va amaliy muhandislikning yorqin namunasidir.
Bolalik xotiralari va Turin litseyidagi burilish nuqtasi
Murodbek Usmonovning texnologiyalar olamiga bo‘lgan qiziqishi tasodifiy kashfiyotlar yoki shunchaki internetdagi trendlar ortidan paydo bo‘lgani yo‘q. Uning bolaligi Toshkent shahridagi metall zavodi muhitida, temir va mexanizmlarning o‘ziga xos ritmi ostida o‘tgan. Aksariyat bolalar o‘yinchoqlarni shunchaki ermak uchun o‘ynagan bir paytda, u har bir qurilmaning ichki tuzilishini anglashga harakat qilardi.
"Men yoshligimdan o‘yinchoqlar bilan shunchaki o‘ynamasdim. Menga ularning ichki tuzilishini o‘rganish, qismlarga ajratish, o‘zgartirishlar kiritish va qaytadan yig‘ish qiziq edi. Aynan o‘sha yillarda menda muhandislik g‘oyasi shakllana boshlagan. Ushbu texnologiyalarga bo‘lgan ilk muhabbatni esa menga otam singdirgan. U kishi bilan zavodga borganimda, yirik dastgohlar ortida qanday jarayonlar yotganini tushunishga intilardim."
Toshkent shahridagi 145-sonli maktabni tamomlagan Murodbek o‘z yo‘nalishini aniq belgilab, Turin politexnika universiteti qoshidagi Akademik litseyga o‘qishga kirdi. Aynan shu maskanda u robototexnika, kinematika va dasturlash asoslari bilan professional darajada shug‘ullana boshladi. Litseydagi to‘garaklar va birinchi muhandislik loyihalari unga kelajakda qaysi sohadan ketishi kerakligini ko‘rsatib berdi.
Pandemiya cheklovlari va SAT imtihoniga mustaqil tayyorgarlik
Murodbekning xalqaro ta’limga intilishiga uning opasi ma’lum ma’noda sababchi bo‘lgan. Opasi 8-sinfda o‘qib yurgan kezlari FLEX dasturi orqali AQShda bir yil davomida tahsil olib qaytadi. Bu voqea Murodbekda ham xalqaro ta’lim tizimida o‘z kuchini sinab ko‘rish istagini uyg‘otdi. Biroq, hujjat topshirish va tayyorgarlik ko‘rishning eng qizg‘in pallasi global koronavirus pandemiyasi davriga to‘g‘ri keldi.
O‘sha paytlarda O‘zbekistonda AQSh universitetlariga kirish uchun zarur bo‘lgan SAT imtihoniga tayyorlaydigan maxsus markazlar yoki repetitorlar deyarli yo‘q edi. Karantin sharoiti esa vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Murodbek oylar davomida uydan chiqmagan holda, mutlaqo mustaqil ravishda kitoblar va ochiq internet resurslari ustida ishladi. YouTube’dagi ta’limiy materiallarni tahlil qilish, kechalari o‘z ustida ishlash unga nafaqat akademik tayyorgarlik, balki muammolarni mustaqil hal qilish va kuchli ichki intizom ko‘nikmasini berdi. Mana shu mehnatlar samarasi o‘laroq, u University of South Florida Mexanika muhandisligi (Mechanical Engineering) yo‘nalishiga qabul qilindi.
Sanoat avtomatizatsiyasida yangi tendensiya: Nima uchun Mexanika muhandisligi?
Ko‘pchilik zamonaviy yoshlar faqatgina IT yoki quruq dasturlash yo‘nalishlarini tanlayotgan bir paytda, Murodbekning mashinasozlik yo‘nalishini tanlagani uning uzoq muddatli strategik qarashi bilan bog‘liq edi. Uning fikricha, bu soha o‘ta ko‘p qirrali bo‘lib, o‘z ichiga loyihalash, ishlab chiqarish, avtomatlashtirish va dasturlashni birlashtiradi. Murodbek faqatgina virtual kod yozish bilan cheklanib qolmay, o‘sha kod moddiy dunyoda robot qo‘li yoki zavod liniyasi ko‘rinishida qanday harakatlanishini boshqarishni istardi.
Universitetdagi tahsili davomida u robotlarni boshqarish tizimlari (ROS2, MoveIt), kinematik modellashtirish va sun’iy intellekt usullarini chuqur o‘rgandi. U nazariy bilimlarni mustahkamlash bilan birga, linear algebra, ehtimollar nazariyasi va neyron tarmoqlari algoritmlarini muhandislik vazifalariga tatbiq eta boshladi. Bu esa unga Amerikaning yirik ishlab chiqarish kompaniyalarida mas’uliyatli loyihalarni ishonb topshirilishiga zamin yaratdi.
Mahalliy tajribadan xalqaro sanoat maydonigacha: Aniq raqamlar tahlili
Murodbekning professional portfoliosiga nazar tashlasak, uning har bir ish faoliyati aniq optimallashtirish ko‘rsatkichlari va iqtisodiy samaradorlik bilan o‘lchanadi. Murodbek AQShdagi yirik loyihalarga kirishishdan avval, 2024 yilning yozida O‘zbekistondagi RustAlp Texmash korxonasida muhandis-stajyor sifatida ishladi. U yerde qishloq xo‘jaligi mashinalari uchun qismlarni SolidWorks dasturida loyihalash davomida quyish jarayonidagi nuqsonlarni (casting defects) 20 foizga kamaytirishga erishdi. Shuningdek, 3D bosma (FDM) yordamida tezkor prototiplashni yo‘lga qo‘yib, mahsulotlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish davrini 30 foizga tezlashtirdi.
Ushbu amaliy poydevor unga AQShning yetakchi sanoat korxonalarida murakkab muhandislik vazifalarini bajarish imkonini berdi. Xususan, u AQShning Rushville (Indiana shtati) shahrida joylashgan yirik Copeland korxonasida ishlab chiqarish muhandisi sifatida quyidagi tizimli o‘zgarishlarni amalga oshirdi:
CNC dastgohlarini avtomatlashtirish: NX CAM platformasi yordamida dastgohlarning asboblar harakatlanish yo‘nalishini (toolpath) avtomatlashtirib, ishlov berish vaqtini 33 foizga qisqartirdi va qo‘lda kod yozishdagi xatoliklarni 40 foizga kamaytirdi.
Logistika va ombor optimizatsiyasi: MATLAB ma’lumotlar tahlili va LIFO materiallar oqimi strategiyasi asosida ombor tuzilishini qayta loyihalashtirdi. Natijada, inventar aniqligi 20 foizga oshdi, ombor maydonidan foydalanish 15 foizga yaxshilandi va muddati o‘tgan zaxiralar miqdori 30 foizga kamaydi.
Sifat nazorati: Closed-loop manufacturing (yopiq siklli ishlab chiqarish) mexanizmini joriy etish uchun CMM (koordinatali o‘lchash dastgohlari) ma’lumotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri CNC ish oqimlariga integratsiya qildi va detallardagi nuqsonlarni minimallashtirdi.
Ushbu muvaffaqiyatli loyihalardan so‘ng, u dunyoga mashhur optik tolali va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Corning Inc (Charlotte, Shimoliy Karolina shtati) kompaniyasiga mexanika muhandisi sifatida taklif qilindi. U yerda Murodbek robotlashtirilgan manipulyatorlar va sun’iy intellekt integratsiyasi ustida ishladi.
"Biz Corning zavodida yuqori aniqlikdagi optik tolalarni yuklash jarayonini optimallashtirish vazifasi ustida ishladik. Men o‘zim loyihalashtirgan va SLS 3D bosma hamda yuqori aniqlikdagi mexanik ishlov berish orqali tayyorlangan maxsus moslama (fixture) evaziga yuklash sikli vaqtini 60 foizga qisqartirishga erishdim. Bu ishlab chiqarish liniyasining uzluksizligi va sifat barqarorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi."
Bundan tashqari, u zavoddagi sifat nazorati samaradorligini oshirish maqsadida Python, OpenCV va TensorFlow kutubxonalari yordamida avtomatlashtirilgan computer vision tizimini ishlab chiqdi. Mazkur tizim optik tolalarning joylashuv aniqligini 98 foizgacha bo‘lgan ko‘rsatkichda xatoliksiz aniqlab, inson omilidan kelib chiqadigan vizual tekshiruv nuqsonlarini bartaraf etdi.
Sanoat nazariyasidan amaliyotga: Closed-loop manufacturing nima?
Zamonaviy muhandislik tilida "closed-loop manufacturing" (yopiq siklli ishlab chiqarish) tushunchasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Murodbek Corning va Copeland kompaniyalaridagi tajribasiga tayanib, ilm-fan faqatgina laboratoriya hisobotlarida qolib ketmasligi, balki ishlab chiqarishning real xarajatlarini kamaytirishi zarurligini ta’kidlaydi. Yopiq sikl tizimida dastgohdan chiqqan mahsulot o‘lchov ma’lumotlari real vaqt rejimida tizimga qayta yuboriladi va kompyuter keyingi detalni tayyorlashda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan og‘ishlarni o‘zi avtomatik tarzda tuzatadi.
Murodbek neyron tarmoqlari va kompyuter vision’ni an’anaviy mexanika bilan sintez qilish orqali mana shunday moslashuvchan tizimlarni yaratish ustida ishlamoqda. “Robot shunchaki oldindan yozilgan chiziqli trayektoriya bo‘yicha harakatlanuvchi mexanizm emas, balki atrof-muhitni kameralar va datchiklar yordamida ko‘rib, o‘zgaruvchan sharoitga moslasha oladigan intellektual obyekt bo‘lishi kerak.”
Robototexnikaning keyingi o‘n yilligi va xavfsizlik missiyasi
Murodbek Usmonov yaqin 10 yil ichida robototexnika va sun’iy intellektning birlashuvi ishlab chiqarish sanoatini butkul o‘zgartirib yuborishiga ishonadi. Uning rejalari orasida chekka hisoblash texnologiyalari (Edge AI), ya’ni algoritmlarni bulutli serverlarda emas, balki bevosita qurilmaning protsessorida ishlatish orqali mikrosoniyalarda ishlov beruvchi tizimlarni rivojlantirish o‘rin olgan.
Biroq, uning muhandislik faoliyatidagi eng oliy maqsadi va falsafasi inson xavfsizligi bilan bog‘liq.
"Agar kelajakdagi faoliyatimni yagona bir maqsad bilan ifodalash imkoniyati berilsa, men robototexnika va sun’iy intellekt yordamida sanoatda inson hayoti va xavfsizligini maksimal darajada himoya qilishni tanlardim. Bizning asosiy e’tiborimiz jismoniy jarohat xavfi yuqori bo‘lgan og‘ir va zerikarli vazifalarni, shuningdek, favqulodda vaziyatlardagi operatsiyalarni to‘liq avtonom robotlarga topshirishga qaratilishi lozim. Texnologiyalar nafaqat iqtisodiy foyda keltirishi, balki eng birinchi navbatda inson salomatligini asrashi shart."
Murodbek muhandislik sohasidagi bilim bazasini kengaytirish bilan bir qatorda Stanford universiteti va Michigan universitetining professional sertifikatlash dasturlarini muvaffaqiyatli yakunladi. Xalqaro sanoat muhitida orttirilgan mazkur tajribalar, aniq hisob-kitoblar va avtomatlashtirish yechimlari kelajakda nafaqat global miqyosda, balki mamlakatimiz iqtisodiyoti, agrosanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilishda ham muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Murodbek Usmonov kabi yoshlar o‘zlarining amaliy natijalari bilan zamonaviy o‘zbek muhandislik maktabining salohiyatini namoyon etmoqdalar.
Azamat Diyorov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter