O‘tgan yili rus gazining O‘zbekistonga eksporti 30 foizga oshgan
2025-yilda Rossiya quvur orqali gaz yetkazib berish hajmini Xitoyga 25 foizga, O‘zbekistonga esa 30 foizga oshirdi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining gaz bozori bo‘yicha hisobotida aytilgan.
Hisobotga ko‘ra, «Sibir kuchi» gaz quvuri orqali Xitoyga yetkazib berilgan Rossiya gazi hajmi 25 foizga, ya’ni qariyb 8 milliard kub metrga oshgan va 2025-yil yakunida deyarli 39 milliard kub metrga yetgan.
Shu bilan birga, Rossiya Qozog‘iston hududi orqali o‘tuvchi «Markaziy Osiyo — Markaz» quvur tizimi orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ham kengaytirishda davom etgan. Natijada bu yo‘nalishdagi eksport hajmi taxminan 30 foizga oshib, 2025-yilda 7 milliard kub metrdan oshgan.
Avvalroq «Gazprom» 2025-yilda ilk bor Xitoyga Yevropa davlatlariga nisbatan ko‘proq gaz yetkazib berganini ma’lum qilgan edi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Xitoyga 38,8 milliard kub metr gaz yetkazib berilgan. Shuningdek, Rossiya gazi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga 22,2 foizga, Gruziyaga esa 40,4 foizga ko‘proq yetkazib berilgan.
«Sibir kuchi» — Rossiya sharqidagi eng yirik gaz transport tizimi bo‘lib, uning yillik eksport quvvati 38 milliard kub metrni tashkil etadi. Ushbu quvur orqali Xitoyga Rossiya gazining ilk yetkazib berilishi 2019-yil dekabr oyida boshlangan. Loyiha 2014-yilda «Gazprom» va Xitoyning CNPC kompaniyasi o‘rtasida imzolangan 30 yillik shartnoma asosida amalga oshirilmoqda.
Shartnoma muddati davomida Xitoyga jami 1 trillion kub metrdan ortiq gaz yetkazib berish rejalashtirilgan, bitimning umumiy qiymati esa taxminan 400 milliard dollarga baholanmoqda.
«Gazprom» 2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra «Sibir kuchi» quvurini to‘liq loyiha quvvati — yiliga 38 milliard kub metr darajasiga chiqargan. Kompaniya rahbari Aleksey Millerning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu quvur orqali gaz yetkazib berish shartnomada ko‘zda tutilgan hajmdan qariyb 800 million kub metrga ortiq bo‘lgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter