Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Piskent hokimi 1 trln. so‘mga yer sotib oldi (audio)

Piskent hokimi 1 trln. so‘mga yer sotib oldi (audio)

Tuman hokimi Rahimjon Rixsiyev

Ijtimoiy tarmoqlarda Piskent tuman hokimi ekanligi aytilayotgan shaxs auksiondagi yer savdosida salkam 1 trln. so‘m xarajat qilibdi, mazmunida xabar tarqaldi.

Holat yuzasidan tuman hokimi Rahimjon Rixsiyev bayonot berdi.

Hokim o‘z bayonotida ushbu auksionda qatnashib, yer sotib olganini inkor qilmagan.

«Haqiqatdan bu holat bo‘lgan. Qaysi ma’noda, bugungi kunda yer berish tartibi mutlaq hokimlardan olingan. Faqat shaffof auksion orqali yer beriladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 noyabr kunidagi 709-sonli qarori bo‘yicha tartibga solingan.

Qishloq xo‘jaligida foydalanadigan yer maydonlari auksion orqali ijaraga berilmoqda. Xususan, shu yil bo‘yicha g‘olib bo‘lgan insonlar yerdan olinadigan daromadning sarhisobini qilmasdan, o‘zlari egalik qilishmoqda. Ya’ni, tadbirkorlar «A» va «B» bloklar bo‘yicha berilgan shartlar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritishmoqda. Agar tuman hokimlari besh kun muddatda ijara shartnomasini imzolamasa, dastur avtomatlashtirilgan tarzda ijara shartnomasini imzolamoqda.

Piskent tumanida ham bir nechta fuqarolar 100 milliard, 250 milliard, 1 trillion so‘mga qishloq xo‘jaligidagi yer maydonlarini ijaraga olishmoqda.

Bu platformaga nisbatan menda biroz ishonchsizlik paydo bo‘ldi. Shuni sinab ko‘rish maqsadida auksionda qatnashib, salkam 1 mlrd so‘mga Ohangaron tumanidagi 397 gektar yerni 30 yil muddatga yutib oldim. Platforma tartibi bo‘yicha besh kun ichida ijara shartnomasi imzolandi. Ijara shartnomasining yer haqqi qismida «qonunchilikda belgilangan muddatlarda va qiymatlarda ijara haqqi to‘lanadi. Yer ijara solig‘i sifatida belgilanadi, deb qo‘yilgan. Biz g‘olib bo‘lgan va auksionda qatnashayotgan insonlarga «qo‘yilgan summani to‘laydimi yoki to‘lamaydimi», degan savolga aniq yechimni ayta olmayapmiz. Shu masalani o‘zimdan o‘tkazish uchun auksionda qatnashib ko‘rdim. Lekin bunday rezonans beradi deb o‘ylamagan edim.

Men oldin tadbirkorlik bo‘lgan bo‘lsam-da, hozir tadbirkorlik bilan shug‘ullanmayman. Qolaversa, chorvachilik men uchun begona soha», deya izoh bergan hokim.

Rahimjon Rixsiyevning qo‘shimcha qilishicha, bu masala bilan u bir narsaga erisha oldimi yoki erisha olmadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.

«Lekin yana bir bor aytaman tadbirkorlik bilan shug‘ullanish xohishi menda mavjud emas. Yerni davlat zaxirasiga qaytarib berishni ta’minlayman. Bundan keyingi holatlarda belgilangan tartibda davlat idoralari bilan muzokaralar olib borib, ish yuritaman», deydi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring