Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya–Ukraina urushida qancha o‘zbekistonlik halok bo‘lgani ochiqlandi

Rossiya–Ukraina urushida qancha o‘zbekistonlik halok bo‘lgani ochiqlandi

Podmoskovedagi «Vagner» harbiy shirkati yollanma jangchilari qabristoni.

Foto: BBC

2022 yil 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi boshlanganidan buyon kamida 93 nafar Markaziy Osiyo fuqarolari, jumladan, 34 nafar o‘zbekistonlik jang maydonida halok bo‘ldi. Bu haqda BBC Rus xizmati jurnalist surishtiruviga tayanib xabar berdi.

Qirg‘izistondan 19 nafar, Tojikistondan 40 nafar fuqaro harbiy harakatlarda o‘lim topgan. Ularning barchasi Rossiya tomonida jang qilgan.

Hozirga qadar jang maydonida halok bo‘lgani aniqlangan 93 nafar Markaziy Osiyo fuqarolarining asosiy qismi «Vagner» xususiy harbiy shirkati orqali jazoni o‘tish muassasalaridan urushga safarbar qilingan. Qolganlar esa harbiy sifatida turli bo‘linmalarda xizmat qilgan.

BBC surishtiruviga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan keyin og‘ir mehnat sharoitida kamtarona maoshga qanoat qilib ishlashga odatlangan markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga jang maydonida ham talab oshgan. Ular handaq (okop) qazish va vayron bo‘lgan hududlarni qayta tiklashga jalb etilgan. Qamoqxonadan urushga yuborilgan sobiq mahkumlar – «Vagner» shirkati yollanma askarlari esa harbiy harakatlarda bevosita qatnashgan.

Avvalroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya qamoqxonasidan Ukrainadagi urushga yuborilgan 23 yoshli yurtdoshimiz Sh.Tojiboyev halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Sh.Tojiboyev jasadining yarmi (oyoqlarsiz) O‘zbekistonga olib kelingan.

Jamoat faollari bir necha oydan buyon Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston vatandoshlarini Ukraina urushiga yuborishga qaratilgan targ‘ibot kuchayganidan ogohlantirmoqda.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotida qayd etilishicha, Rossiya hukumati Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat muhojirlarini Ukraina urushida qatnashishga ko‘ndirishga urinmoqda. Ixtiyoriy ravishda ajal komiga borish evaziga muhojirlarga 4160 dollar oylik maosh, shuningdek, Rossiya fuqaroligi va’da qilinmoqda.

Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) ham Rossiya ichki ishlar vazirligi mehnat muhojirlarini urushga yollash jarayonini osonlashtirishga qaratilgan qonun loyihasini taklif etayotganini ma’lum qilgan.

Joriy yil yanvar oyida Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin mamlakat fuqaroligini olgan Markaziy Osiyo va Kavkazorti o‘lkalari vakillarini urushga yuborish lozimligi haqida gapirgan edi.

Rossiya Davlat dumasi deputati Mixail Matveyev ham Markaziy Osiyo vakillari Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»ga yuborilmayotganidan taajjub izhor qilgan.

Ukraina urushidagi muvaffaqiyatsizlik va ichki norozilikning kuchayishi ortidan Moskva rasmiy doiralarida Markaziy Osiyo vakillarini ajal komiga yuborish istagi tobora kuchaymoqda.

31 may kuni «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi rahbari Sergey Mironov Dumadagi chiqishida urushda Rossiya tomonida turib qatnashmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolarining o‘z davlatida jinoiy javobgarlikka tortilayotganidan yozg‘irgan edi. Rus siyosatchisining da’vosiga javob bergan «Yuksalish» UMH raisi Bobur Bekmurodov unga o‘z «ishlari» bilan shug‘ullanishni maslahat bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring