Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senkaku orollari: status-kvoni kuch bilan o‘zgartirishga urinish xavotirli deb baholanmoqda

Senkaku orollari: status-kvoni kuch bilan o‘zgartirishga urinish xavotirli deb baholanmoqda

Yaponiya tashqi ishlar vazirligi binosi.

Foto: Xabar.uz

Xitoy tomonidan Senkaku orollari tegrasidagi status-kvoni, ya’ni mavjud vaziyatni kuch bilan o‘zgartirishga urinish jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bu haqda Yaponiya tashqi ishlar vazirligi mulozimi Xabar.uz muxbiri bilan muloqotda ma’lum qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, Xitoy sohilni qo‘riqlash xizmati kemalarining Yaponiyaning Senkaku orollari tegrasidagi hududiy suvlariga daxl etishi tez-tez kuzatilmoqda.

So‘nggi yillarda orolga tutash hududda Xitoy sohilni qo‘riqlash xizmati kemalarining faolligi ham deyarli har kuni qayd etilmoqda. Xususan, 2025 yilda sohilni qo‘riqlash xizmati kemalarining Senkaku orollariga tutash zonada bo‘lishi rekord darajaga – 357 kunga yetgan.

“2025 yil may oyida Xitoy sohilni qo‘riqlash xizmati kemalari Yaponiyaning Senkaku orollari tegrasidagi hududiy suvlariga kirdi. Sohilni qo‘riqlash xizmatiga tegishli kemadan uchirilgan vertolyot esa ushbu orollar havo hududiga daxl etdi. Umuman, 2025 yilda Xitoy sohilni qo‘riqlash xizmati kemalarining hududiy suvlarga bostirib kirishi bilan bog‘liq 27 ta va yapon baliq ovlovchi kemalariga yaqinlashishi bilan bog‘liq 8 ta holat qayd etildiki, bu vaziyat jiddiy qolayotganidan dalolat beradi”, – deydi suhbatdosh.

Qolaversa, Xitoy harbiy dengiz kemalarining Senkaku orollariga tutash zonaga kirishi holatlari ham tashvishli deb baholanmoqda.

Ayni choqda, Pekinning Yapon dengizi va Tinch okeanidagi doimiy faolligi savollar tug‘dirmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi tabiiy resurslarni o‘zlashtirish bo‘yicha faoliyatni ham jadallashtirgani aytiladi.

Tokiodagi Hududlar va suverenitet milliy muzeyi. Senkaku orollariga oid stend. Foto: Xabar.uz

“Yaponiya qat’iy ravishda Xitoyni bir tomonlama harakatlarni to‘xtatish va imkon qadar tez muddatda 2008 yilgi shartnomani amalga tatbiq etish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chaqiradi”, – deydi TIV vakili.

Senkaku orollari muhim jug‘rofiy nuqtada – Janubiy Xitoy dengizida joylashgan. Yaponiyaning Okinava prefekturasiga tegishli ushbu arxipelagga Xitoy Xalq Respublikasi va Tayvan ham da’vo qiladi.

Yaponiya Vazirlar Mahkamasi kotibiyati huzuridagi Hududlar va suverenitet bo‘yicha siyosatni rejalashtirish hamda muvofiqlashtirish idorasi yetakchi koordinatori Sayto Koheyning hikoya qilishicha, Yaponiya 1895 yilda Senkaku orollari hech kimning nazoratida emasligiga ishonch hosil qilgan holda, xalqaro huquq me’yorlari doirasida uni o‘z tarkibini qo‘shgan.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, 1951 yilda imzolangan San-Fransisko tinchlik bitimida mazkur orollarning Yaponiya hududi sifatidagi maqomi tasdiqlangan. 1972 yilda Vashington va Tokio o‘rtasida tuzilgan Okinavani qaytarish to‘g‘risidagi hujjatda ham Senkaku orollari Yaponiyaga tegishli ekani e’tirof etilgan.

Xitoy orollar Yaponiya tarkibiga kirgandan keyingi 75 yil mobaynida mazkur hududga egalik da’vosi bilan chiqmagan. 1970-yillarda Janubiy Xitoy dengizida neft qatlamlari borligi haqidagi xabarlar ortidan vaziyat o‘zgargan.

“Tarixiy faktlar va xalqaro huquq Senkaku orollari azaliy ravishda Yaponiyaning hududi ekanini shubhasiz tasdiqlaydi. Amalda ham orollar Yaponiyaning ishonchli nazorati ostidadir. Yaponiya o‘z hududiy yaxlitligini saqlash yo‘lida qat’iy va vazmin ravishda ish tutadi. Yaponiya mintaqada tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi. Bu esa xalqaro huquqqa rioya etish orqali ro‘yobga chiqadi”, – deb xulosa qiladi Hududlar va suverenitet bo‘yicha siyosatni rejalashtirish hamda muvofiqlashtirish idorasi yetakchi koordinatori Sayto Kohey. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring