Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahrisabzda yoshlar ishtirokida muhim ekologik va turizm tadbiri bo‘lib o‘tmoqda

Shahrisabzda yoshlar ishtirokida muhim ekologik va turizm tadbiri bo‘lib o‘tmoqda

Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi Miraki turizm maskanida joylashgan «Lochin» oromgohida «Yoshlar kelajak bunyodkorlari» IV ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi o‘tkazilmoqda. 11 avgust kuni tadbirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy 11-16 avgust kunlari «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda e’lon qilingan «Atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil» iqtisodiyot yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida o‘tkazilmoqda. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni ekologiya va turizmni rivojlantirishga faol jalb etish, ularning g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Ko‘rgazmaning ochilishida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari, shuningdek, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Rossiyadan kelgan xorijiy delegatsiyalar ishtirok etdi. Xalqaro qurultoyda O‘zbekistonning har bir hududidan 54 nafardan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan nogironligi bo‘lgan hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan o‘quvchi, talaba va yoshlar qatnashmoqda. Shuningdek tadbirga «Yosh ekologlar» harakati va Yosh turizm elchilari Kengashlari a’zolari ham jalb qilingan.

Tantanali ochilish marosimi bayramona ruhda o‘tdi. Mehmonlar milliy an’analar, yorqin havaskorlik chiqishlari va qurultoy dasturi taqdimoti bilan kutib olindi. Marosimda davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan tabrik so‘zlari aytilib, barqaror kelajakni shakllantirishda yoshlarning o‘rni muhimligi ta’kidlandi.

Rasmiy qismdan so‘ng dastlabki tadbirlar: «Biz bir jamoamiz, salom, qurultoy!» shiori ostidagi hududlar taqdimoti, «Qurultay Expo» ko‘rgazmasi, shuningdek, yosh faollar va ekspertlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Qurultoy olti kun davom etishi ko‘zda tutilgan. Uning dasturida xalqaro konferensiyalar, ekologik va turizm loyihalari tanlovlari, ploging musobaqalari, treninglar, intellektual o‘yinlar, madaniy va sport tadbirlari o‘rin olgan. Qurultoy yakunida Markaziy Osiyo yoshlari turizm va ekologiya assotsiatsiyasiga saylovlar o‘tkaziladi va eng faol ishtirokchilarga diplom, sertifikat va esdalik sovg‘alari topshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring